Assalomu alaykum, onajon! Yaxshimisiz? Men yaxshiman, tug‘ilishimga judayam oz vaqt qoldi. Sizga aytishim kerak bo‘lgan bir gapim bor: men ba’zi nuqsonlar bilan, yorug‘ dunyodagilar tili bilan aytganda nogiron bo‘lib tug‘ilaman. Ammo buning uchun hech kimning oldida boshim egik bo‘lmaydi, birgina sizdan tashqari…
Sizdan uzr so‘rayman…
Kutganlaringizning hammasiga javob berolmasligim uchun…
Qo‘shnilar bolalarini men bilan birga o‘ynatishni xohlashmagan paytlarda chekadigan iztiroblaringiz uchun…
Men sababli eshitgan, qulog‘ingiz ostidan ketmay qalbingizni poralaydigan “Bolamas, butun umrga yetadigan tashvish tug‘ding”, kabi gaplar uchun…
Do‘konma-do‘kon yurib, velosiped qidirishning shirin zavqlarini his etish o‘rniga, nogironlar aravachasi axtarishning azobiga ro‘baro‘ qilganim uchun…
Siz chaqirilmay qolib ketadigan to‘y-ma’raka, tadbirlar uchun…
Yoki chaqirilsangiz ham, meni tashlab borolmaydigan yig‘inlar uchun uzr so‘rayman, Onajon!
Sizdan bir iltimosim ham bor: mendan voz kechmang! Va esingizdan chiqarmang:
Quvvatsiz oyoqlarim bilan zinapoyalardan chiqishim mashaqqatga aylansa ham, meni ko‘tarib chiqarishga urinmang. Mayli, to‘siqlarni birgalikda yengaylik, ammo qo‘llarimdan tutmang. Yordam berishni istasangiz, yuqoriga chiqing va “Kel!” deng. Balki uddalashga qiynalib, alamimdan yig‘larman. Ammo shunda ham pastga tushmang, aksiga, meni olg‘a chorlang. Shunday qilmasangiz, hech qachon kuchli bo‘lolmayman.
Quloqlarim yaxshi eshitmagani uchun gapirishga o‘rganishimga ancha muddat kerak bo‘lar, balki… Biroq, onajon, umidingizni uzmang, men bilan ko‘proq gaplashing, jim bo‘lib olmang. Qo‘shiqlar kuylang, kitoblar o‘qib bering, shunday qilmasangiz… hech qachon gapira olmasligim ham mumkin…
Hamisha e’tiborda bo‘lishim kerakligini imtiyoz bilib, injiqlik, qaysarlik qilsam, menga “Yo‘q!” deya oling. Rahm-shafqatingiz hamma istaganlarimni bajarishga undamasin. Meni quvontirganingizdek, yig‘lata biling. Yig‘lasam ham, meni oyoqda turishga majbur qilingki, kelajakda birgalikda yig‘lamaylik.
Balki… dunyoga kelganimda boshqalardan yuzu ko‘zim, a’zolarim boshqacha bo‘lar, chiroyli ko‘rinmasman… Lekin siz menga doim muhabbat bilan qarang. Shunday qilingki, oynaga qaraganimda hammaniki singari nuqsonsiz chehrani ko‘ra olay…
Balki boshqa bolalardek bir narsani tezda tushunolmasman, anglolmasman. Biroq siz tushuntirishdan erinmang, Onajon, yuz martalab takrorlang. Bo‘lmasa shundayimcha o‘tib ketishim ham mumkin.
Yana bir gap, bu satrlarni o‘qiyotganda, ko‘zyosh to‘kmang, xo‘pmi? Chunki men bularni yozayotib aslo yig‘lamadim. Axir, siz mening onamsiz, Onajonimsiz, shunday emasmi?!
Irfon taqvimidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.