Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Cho‘ponlik qilib kibrini yo‘qotgan talaba

25.12.2017   8957   1 min.
Cho‘ponlik qilib kibrini yo‘qotgan talaba

Basra shahrida bir kishi bor-budini yolg‘izgina o‘g‘lining yaxshi ta’lim-tarbiya olishi uchun sarflar ekan. Yosh yigit necha yillar mobaynida nomdor ilm dargohlarida eng mashhur ustozlardan ta’lim olibdi.

Nihoyat, bola uyga qaytibdi. Keksayib qolgan otasi unga peshvoz chiqibdi, o‘g‘lining ko‘zlariga tikilib, ko‘ngli to‘lmabdi va:

– O‘g‘lim, nimalarni o‘rganding? – deb so‘rabdi.

– Otajon, o‘rgatilishi mumkin bo‘lgan barcha narsani o‘rgandim, – deb javob qilibdi o‘g‘il.

– Lekin o‘g‘lim, sen o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rgandingmi? Bor, o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani o‘rganib kel, – deb ota uni ortiga qaytaribdi.

Yigit ustozining yoniga qaytib, otasining talabini aytibdi. Shunda ustozi javob o‘rnida:

– Mana bu to‘rt yuz qo‘yni olgin-da, soni to mingtaga yetguncha tog‘larda yasha, – debdi.

Yigit qo‘ylarni olib tog‘lar bag‘rida cho‘ponlik qila boshlabdi. U hayotida birinchi marta sokinlikka duch kelibdi. Hech suhbatdosh topolmay siqilgan vaqtlarida qo‘ylarga gapirar, ular borligidan ham taskin oladigan bo‘libdi. Yigit sekin-asta o‘zidagi “men”ni, manmanlikni, g‘ururni unuta boshlabdi… Bora-bora sokin va hokisor insonga aylanibdi. Unda sabr­lilik va donishmandlik belgilari paydo bo‘libdi.

Oradan ikki yil o‘tib qo‘ylarning soni mingtaga yetgach, u ustozining yoniga qaytib borib hurmat bilan ta’zim qilibdi. Shunda ustozi:

– Mana endi o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rganding, – debdi.

 

O‘MI Matbuot xizmati

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   67243   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari