Basra shahrida bir kishi bor-budini yolg‘izgina o‘g‘lining yaxshi ta’lim-tarbiya olishi uchun sarflar ekan. Yosh yigit necha yillar mobaynida nomdor ilm dargohlarida eng mashhur ustozlardan ta’lim olibdi.
Nihoyat, bola uyga qaytibdi. Keksayib qolgan otasi unga peshvoz chiqibdi, o‘g‘lining ko‘zlariga tikilib, ko‘ngli to‘lmabdi va:
– O‘g‘lim, nimalarni o‘rganding? – deb so‘rabdi.
– Otajon, o‘rgatilishi mumkin bo‘lgan barcha narsani o‘rgandim, – deb javob qilibdi o‘g‘il.
– Lekin o‘g‘lim, sen o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rgandingmi? Bor, o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani o‘rganib kel, – deb ota uni ortiga qaytaribdi.
Yigit ustozining yoniga qaytib, otasining talabini aytibdi. Shunda ustozi javob o‘rnida:
– Mana bu to‘rt yuz qo‘yni olgin-da, soni to mingtaga yetguncha tog‘larda yasha, – debdi.
Yigit qo‘ylarni olib tog‘lar bag‘rida cho‘ponlik qila boshlabdi. U hayotida birinchi marta sokinlikka duch kelibdi. Hech suhbatdosh topolmay siqilgan vaqtlarida qo‘ylarga gapirar, ular borligidan ham taskin oladigan bo‘libdi. Yigit sekin-asta o‘zidagi “men”ni, manmanlikni, g‘ururni unuta boshlabdi… Bora-bora sokin va hokisor insonga aylanibdi. Unda sabrlilik va donishmandlik belgilari paydo bo‘libdi.
Oradan ikki yil o‘tib qo‘ylarning soni mingtaga yetgach, u ustozining yoniga qaytib borib hurmat bilan ta’zim qilibdi. Shunda ustozi:
– Mana endi o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rganding, – debdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Alloh taolo ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlarning ehsonlarini dargohida qabul qilsin, mol-u jonlariga baraka, oilalariga tinchlik va xotirjamlik ato etsin. Yurtimizda bunday xayrli amallar bardavom bo‘lib, yetim bolalarning yuzidagi quvonch va tabassum hech qachon arimasin.
Vaqf.uz sayti orqali o‘zingiz xohlagan yo‘nalishga ehson qilishingiz mumkin!