Qish mavsumida ko‘pchiligimiz, dorixonalardan immunitetimizni mustahkam qiluvchi, gripp, angina, bronxit va boshqa kasalliklardan himoya qiluvchi qimmatbaho “mo‘jizaviy” dorilarni sotib olamiz.
Biroq, biz o‘ylagandek mo‘jizaviy preparatlar hali yaratilmagan. Bundan tashqari, musulmon kishiga dorixonalardan bu turdagi vositalarni axtarishning hojati yo‘q, chunki Islom dini salomatlikni mustahkamlash va immunitetni kuchaytirish uchun asrlar davomida isbotlangan vositalarni taqdim etadi:
Tahorat
Tahorat musulmon kishiga nafaqat ibodat uchun, balki sog‘liq uchun ham zarurdir. Yurak qon tomir tizimi uchun tahoratning foydasi allaqachon isbotlangan, bundan tashqari, u refleksoterapiya usullarini ham o‘z ichiga oladi.
Iliq yoki yozda salqin suv bilan tahorat qilish tanani mukammal darajada mustahkamlaydi. Og‘iz va burunni muntazam yuvish infeksiyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Umuman olganda, barchasi oson: tahorat qiling – sog‘lom bo‘lasiz!
Zanjabil (Imbir)
Bu o‘simlikning ildizi antibakterial, yallig‘lanishga qarshi, antimikrob, antiseptik, bakteritsid xususiyatlariga ega. Zanjabil juda foydali bo‘lib, S, V vitaminlariga boy, uning tarkibida tanadagi hujayralarni “davolash” va yangilab turish qobiliyatiga ega retinol moddasi mavjud. Zanjabil asal bilan iste’mol qilinganda u asalining foydali xususiyatlarini mukammal ravishda to‘ldiradi.
Asal
Asalning shifobaxsh qudrati Qur’oni karimda aytilganligini yaxshi bilamiz. Ushbu mahsulot immunitet tizimi uchun tengi yo‘q hisoblanadi. Qayd etish kerakki, inson qonining kimyoviy tarkibi va asal hayratlanarli darajada o‘xshaydi. Qonimizda 24 mikroelement mavjud bo‘lsa tabiiy asalda – 22 ta.
Shamollash bilan bog‘liq kasalliklarni oldini olishning ajoyib uslublaridan biri asalni yong‘oq bilan qorishtirib iste’mol qilishdir. Bunda har qanday yong‘oq turidan foydalanish mumkin. Asosiysi, aralashma ma’lum vaqt turishi lozim.
Qora sedana yog‘i
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qora sedana yog‘i oshqozon-ichak faoliyatini normallashtiradi, immunitet tizimini faollashtiradi, ko‘plab patogen bakteriyalarni yo‘q qiladi, qonda xolesterinni kamaytiradi va xoleretik ta’sir ko‘rsatadi.
Sedana yog‘idan profilaktik davolash hamda umumiy quvvatlantirish maqsadlarida foydalanish mumkin. Agar siz kun davomida hech bo‘lmaganda bir choy qoshiq sedana yog‘idan ichsangiz, sizda modda almashinuvi normallashadi va tanangizning himoya kuchi ortadi.
Hilba (Xelba)
Hilba urug‘i (Semena pajitnika) shamollash, isitma, virusli infektsiyalar oqibatlarini bartaraf etishga yordam beradi. O‘zining yumshoq xususiyatlaridan kelib chiqib, bu o‘simlik shamollashni davolashda yallig‘lanishga qarshi va balg‘am ko‘chirishda ishlatiladi.
Hilba shilimshiq pushti massalarni yumshatib, eritib, limfa tizimidan toksinlarni olib tashlashga yordam beradi. Shuning uchun bir osh qoshiq pajitnik urug‘ini yarim litr suvga solib bilan iste’mol qilish shamollashni davolashda ichimlik sifatida ishlatiladi. Bundan tashqari, vitaminlashning qo‘shimcha samarasini oshirish uchun ichimlikka, limon yoki klyukva sharbati qo‘shiladi.
Toshkent shahar vakilligi xodimi
Zoirjon SODIQOV
tayyorladi
#xabar #tayinlov
23 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Navoiy viloyati imom-xatiblari navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirish yo‘lidagi ishlar va imom-xatiblar oldida turgan muhim vazifalar to‘g‘risida nutq qildilar.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Toir domla Ro‘ziyev boshqa vazifaga o‘tayotgani sababli lavozimidan ozod etilib, Navoiy viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Temurjon domla Atoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasining Navoiy viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Temurjon domla Atoyev Toshkent shahridagi “Ko‘kaldosh” madrasasi va Misr Arab Respublikasidagi al-Azhar universitetida tahsil olgan. Mehnat faoliyati davomida Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil ustun” jome masjidi imom noibi, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari vazifalarida mehnat qilgan.
Alloh taolodan yangi tayinlangan bosh imom-xatibning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati