Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat

25.12.2017   6613   3 min.
Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat

Insoniyatni jaholat botqog‘idan hidoyat nuriga olib chiqqan buyuk zot – Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavallud topgan muborak oy robiul avval oyi ham bir zumda o‘tib ketdi.

Suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan oyi munosabati bilan qo‘limga qalam olib, Rasulullohga bo‘lgan muhabbatimni izhor etishga urindim, ammo, buning chorasini topolmadim. Lekin noumid bo‘lmadim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat qanday bo‘ladi degan o‘y-fikr hayolimdan ketmadi. Go‘yoki bir fikr meni savolga tutgandek bo‘laverdi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarixlari yozilgan kitoblarni o‘qidingmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir kunda necha marta salavot aytayapsan?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilyapsanmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda ko‘rishga harakat qildingmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qalb bilan sevishga intildingmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qavliy va fe’liy hadislariga amal qilyapsanmi?

Bu fikr meni imtihon qilgandek edi. Menga bu savollarga javob berish qiyin bo‘ldi. Agar bularga mukammal amal qilganimda menga javob berish oson bo‘lardi, balki. Baribir, mening xayolimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan sof va haqiqiy muhabbat qandayligini bilish turardi. Alloh va uning Rasuliga bo‘lgan muhabbat birinchi turishini bilardim. Ammo bu muhabbat qanaqa va qanday bo‘lishini bilishga intilardim. Buni qidirib Allohning kalomi Qur’onni qo‘limga olib birinchi bo‘lib mana bu oyatga ko‘zim tushdi. “Sen: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir”, deb ayt. Alloh G‘afur va Rohiymdir (Oli Imron surasi, 31-oyat).

Hashr surasida Payg‘ambar sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar (7-oyat); Qalam surasining 4-oyatida “Va albatta, sen ulkan xulqdasan” deyilgan oyatlarni o‘qiganimdan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari yodimga tushdi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar.

Bu oyat va hadislardan xaqiqiy muhabbat – Alloh va uning Rasuliga bo‘lgan muhabbat tushuniladi. Demak, bu oyat va hadislardan anglaymizki, ota-ona, farzand va barcha insonlardan ham Alloh va uning Rasulini yaxshi ko‘rishlik birinchi turar ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat tilda emas, balki amal va qalb birlashsagina ro‘yobga chiqar ekan. Bizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan iymon keltirganmiz, lekin, bizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda ko‘rish ne’mati berilgan. Bu ne’matlardan unumli foydalanib, sunnatlariga amal qilsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimiz ziyoda bo‘ladi.

Xayrulloh MARDONOV

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Xato – bandaniki

24.06.2025   7138   1 min.
Xato – bandaniki

Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi: 
 

– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...


Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.


Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:

– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.


Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.


Imom unga dedi:

– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?


Yigit javob berdi:

– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.


Imom dedi:

– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...


Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi. 


Akbarshoh RASULOV