Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Qur’on yodlashning oltin qoidalaridan xabardormisiz?

23.12.2017   10388   2 min.
Qur’on yodlashning oltin qoidalaridan xabardormisiz?

Har bir musulmon kishi Kalomullohni yodlash va unga amal qilishga intiladi. Hadislarda Qur’onni yod olgan kishiga ko‘p mukofotlar va’da qilingan. Jumladan: hazrat Usmondan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga ham o‘rgatganlaringizdir” (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Quyida Qur’onni oson va puxta yodlashning ayrim qoidalarini bayon qilamiz:

  1. Qur’onni yodlashda Allohga tavakkal qilish, ya’ni u Zotning roziligini istab, bu yo‘lda g‘ayratli bo‘lish.
  2. Har kuni Qur’onning bir qismini tilovat qilishga odatlanish. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Amalning yaxshisi oz bo‘lsa ham, davomlisidir”, deganlar (muttafaqun alayh).
  3. Bitta mus'hafdan yodlash va takror qilish. Shunda har bir sahifadagi oyatlarning joylashishi qori zehniga o‘rnashib, xotirasiga kelaveradi.
  4. Yodlangan oyatlarni ustozning tekshiruvidan o‘tkazish. Chunki Qur’onni o‘zicha o‘qib, yodlab, takrorlagan kishi xatosini bilmaydi. Ustozdan o‘tkazgan kishining esa xatolari tuzatiladi va yodlaganlari mustahkamlanadi.
  5. Kechalari Qur’onga qarab tilovat qilish. Kechasi fikr ko‘p chalg‘imaydi, ixlos bilan tilovat qilish ham oyatlarning qalbdan mustahkam joy olishiga sabab bo‘ladi.
  6. Yod olishga qiynalgan yoki xato o‘qilgan oyatlarning tagiga qalam bilan chizib qo‘yish. Xatolar to‘g‘rilanganidan keyin chiziq o‘chirib tashlanadi. Shuning uchun ham qorining alohida Qur’oni bo‘lishi kerak.
  7. Oyatlarning ma’nolarini bilish ham tez va puxta yodlash sabablaridandir.
  8. Arab tili nahv qoidalarini bilish qorilarni ko‘p xatolardan saqlaydi. Natijada, talaba oyatlarga harakatlarni to‘g‘ri qo‘yib, erkin va ravon o‘qiydigan bo‘ladi.
  9. Qur’on oyatlarini tafakkur qilish o‘xshash oyatlarni bir-biriga chalkashtirib yuborishdan saqlaydi.

Sahar payti, shom bilan xufton namozlari oralig‘i hamda zehn dunyoviy narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmaydigan boshqa vaqtlar Qur’onni yod olish va takrorlash uchun qulay, fazilatli hisoblanadi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Ashuro ro‘zasining fazilati

04.07.2025   5408   2 min.
Ashuro ro‘zasining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».

Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.

Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.

Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».

Muslim rivoyat qilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».

Ikki Shayx rivoyat qilgan.

Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.

Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.