Bir bolakay har kuni katta olma daraxti yonida o‘ynashni juda yaxshi ko‘rarkan. Shoxlariga chiqib olma yer, tush mahali soyasida mizg‘ir ekan. Xullas, bolakay olma, olma esa bolakay bilan o‘ynashni juda yaxshi ko‘rib qolibdi. Kunlar o‘tibdi. Bolakay ancha ulg‘ayibdi. Endi olma daraxti oldiga har kuni kelmaydigan bo‘libdi.
Bir kuni bola juda xafa holda kelibdi.
– Kel, birga o‘ynaymiz, – debdi daraxt.
– Yo‘q, men endi daraxt atrofida o‘ynab yuradigan bolakay emasman, – deb javob beribdi, – turli o‘yinchoqlarim bo‘lishini istayman, sotib olish uchun menda pul yo‘q...
– Afsus, pul menda ham yo‘q, lekin mevalarimni terib, sotib, o‘yinchoqlar olishing mumkin, – debdi qayg‘urib daraxt.
Bola hayajonlanib ketibdi. U mevalardan uzib olib, xursand holda ortiga qaytibdi va shu ketgancha yana uzoq vaqt daraxt yoniga kelmabdi. Daraxt esa uni sog‘inibdi, yo‘liga intizor bo‘libdi…
Bir kuni haligi bola (endi u katta kishi edi) yana olma daraxti yoniga kelibdi. Olma juda xursand bo‘lib, hayajonlanib ketibdi.
– Kel, yonimga o‘tir, – debdi daraxt.
– Afsus, vaqtim yo‘q. Oilaliman, ularni boqishim, boshpana qilishim kerak. Menga yordam bera olasanmi?
– Uzr, pulim yo‘q-da, ammo shoxlarimni kesib, undan uy qursang bo‘ladi, – debdi daraxt.
Kishi olma daraxtining barcha shoxlarini kesib olib, xursand bo‘lganicha ortiga qaytibdi. Daraxt uni baxtiyor ko‘rganidan juda shodlanibdi. Ammo... anchagacha yolg‘iz qolibdi.
Issiq yoz kunlarining birida kishi daraxt yoniga kelib, unga suyanibdi.
Olma daraxti ziyoratiga kelgan eski qadrdonini ko‘rib, o‘zida yo‘q xursand bo‘libdi va:
– Kel, suhbatlashamiz! – debdi.
– Qariyapman. Holim yo‘q. Charchaganman. Qani endi bir qayig‘im bo‘lsa-yu, unda suzib hayot tashvishlaridan yiroqlashsam... – debdi kishi.
Daraxt bir oz jim qolib, so‘ng debdi:
– Kel, tanamdan qayiq yasagin-da, uzoq yerlarga suzib bor, tashvishlarni unut, dam ol, yonimga shodon qaytib kel...
Kishi uning baquvvat tanasini arralab, undan qayiq yasabdi va orzuiga yetibdi.
Daraxt ko‘z yoshlari bilan unga tabassum qilibdi...
Qissadan hissa: Olma daraxti ota-ona timsoli. Ular ham bolasi uchun har qanday qurbonlik qilishga tayyor. Bolaning daraxtga beparvoligi, shafqatsizligi bizni achintirdi. Lekin o‘zimizni kuzatsak, biz ham ko‘p holda ota-onamizga shunday munosabat ko‘rsatamiz. Ularning mehr-muhabbatiga yarasha javob qaytarolmaymiz yoki yaxshiliklarini vaqtida qadrlamaymiz.
Alloh taolo xatolarimizni kechirib, to‘g‘ri yo‘lga boshlasin. Ota-onalarimizni rozi qilish baxtini nasib etsin.
Dilafro‘z SALOHIDDIN qizi tayyorladi
#xabar #murojaat #qabul
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab masalalar joyida va ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, bugun, 1 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Muloqot davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra ziyoratlari, diniy ta’lim tizimi, oilaviy munosabatlar hamda moddiy yordamga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabulda oilaviy masalalar yuzasidan kelganlarga shar’iy yechimlar va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan yurtdoshlarimiz mamnunligini bildirishdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati