Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2026   |   26 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:35
Xufton
21:04
Bismillah
09 Avgust, 2026, 26 Safar, 1448

Odam va olma daraxti

22.12.2017   10884   3 min.
Odam va olma daraxti

Bir bolakay har kuni katta olma daraxti yonida o‘ynashni juda yaxshi ko‘rarkan. Shoxlariga chiqib olma yer, tush mahali soyasida mizg‘ir ekan. Xullas, bolakay olma, olma esa bolakay bilan o‘ynashni juda yaxshi ko‘rib qolibdi. Kunlar o‘tibdi. Bolakay ancha ulg‘ayibdi. Endi olma daraxti oldiga har kuni  kelmaydigan bo‘libdi.

Bir kuni bola juda xafa holda kelibdi.

– Kel, birga o‘ynaymiz, – debdi daraxt.

– Yo‘q, men endi daraxt atrofida o‘ynab yuradigan bolakay emasman, – deb javob beribdi, – turli o‘yinchoqlarim bo‘lishini istayman, sotib olish uchun menda pul yo‘q...

– Afsus, pul menda ham yo‘q, lekin mevalarimni terib, sotib, o‘yinchoqlar olishing mumkin, – debdi qayg‘urib daraxt.

Bola hayajonlanib ketibdi. U mevalardan uzib olib, xursand holda ortiga qaytibdi va shu ketgancha yana uzoq vaqt daraxt yoniga kelmabdi. Daraxt esa uni sog‘inibdi, yo‘liga intizor bo‘libdi…

Bir kuni haligi bola (endi u katta kishi edi) yana olma daraxti yoniga kelibdi. Olma juda xursand bo‘lib, hayajonlanib ketibdi.

– Kel, yonimga o‘tir, – debdi daraxt.

– Afsus, vaqtim yo‘q. Oilaliman, ularni boqishim, boshpana qilishim kerak. Menga yordam bera olasanmi?

– Uzr, pulim yo‘q-da, ammo shoxlarimni kesib, undan uy qursang bo‘ladi, – debdi daraxt.

Kishi olma daraxtining barcha shoxlarini  kesib olib, xursand bo‘lganicha ortiga qaytibdi. Daraxt uni baxtiyor ko‘rganidan juda shodlanibdi. Ammo... anchagacha yolg‘iz qolibdi.

Issiq yoz kunlarining birida kishi daraxt yoniga kelib, unga suyanibdi.

Olma daraxti ziyoratiga kelgan eski qadrdonini ko‘rib, o‘zida yo‘q xursand bo‘libdi va:

– Kel, suhbatlashamiz! – debdi.

– Qariyapman. Holim yo‘q. Charchaganman. Qani endi bir qayig‘im bo‘lsa-yu, unda suzib hayot tashvishlaridan yiroqlashsam... – debdi kishi.

Daraxt bir oz jim qolib, so‘ng debdi:

– Kel, tanamdan qayiq yasagin-da, uzoq yerlarga suzib bor, tashvishlarni unut, dam ol, yonimga shodon qaytib kel...

Kishi uning baquvvat tanasini arralab, undan qayiq yasabdi va orzuiga yetibdi.

Daraxt ko‘z yoshlari bilan unga tabassum qilibdi...

Qissadan hissa: Olma daraxti ota-ona timsoli. Ular ham bolasi uchun har qanday qurbonlik qilishga tayyor. Bolaning daraxtga beparvoligi, shafqatsizligi bizni achintirdi. Lekin o‘zimizni kuzatsak, biz ham ko‘p holda ota-onamizga shunday munosabat ko‘rsatamiz. Ularning mehr-muhabbatiga yarasha javob qaytarolmaymiz yoki yaxshiliklarini vaqtida qadrlamaymiz.

Alloh taolo xatolarimizni kechirib, to‘g‘ri yo‘lga boshlasin. Ota-onalarimizni rozi qilish baxtini nasib etsin.

Dilafro‘z SALOHIDDIN qizi tayyorladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi

07.08.2026   13552   1 min.
To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligidagi “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida To‘rtko‘l tumanida amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi. Jarayonlarni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin Razov boshqarib bordi.
 

Tumandagi “Mulla Jumaboy” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda qoziyot mas’ullari, bosh imom-xatiblar, hojilar va mahalla raislari jam bo‘ldi.


Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iyul oyining “Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar va masjid qavmi boshchiligida ko‘chalar, masjid atroflari tozalandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hovli-joylarida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari olib borildi.


Ishchi guruh a’zolari To‘rtko‘l tumanidagi 10 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, quyidagi xayrli amallar bajarildi:

  • Hojilarni jalb etgan holda mahallalardagi muammoli oilalar holidan xabar olindi;

  • Homiylar ko‘magida 120 ta ehtiyojmand xonadonga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi;

  • Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tarqatildi;

  • Imom-xatiblarning faoliyati o‘rganilib, masjid boshqaruvi va ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.


Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, hududda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati

To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari