Bir gal shayton shikoyat qiladi: “Bu nimasi? Bu ne adolatsizlik? Insonlar qilg‘ilikni qilib, aybni menga to‘nkashadi. Mening gunohim nima? Men gunohkor emasman. Ishonmasangiz, o‘zingiz ko‘rib, xulosa chiqazing...”
Bir qo‘chqor qoziqqa bog‘lab qo‘yilgan edi. Shayton kelib, qoziqni nari-beri qimirlatib: “Qilgan ishim bor-yo‘g‘i shu”, deydi.
Qo‘chqor u yoq-bu yoqqa siltanib, qoziqni qo‘poradi. Xo‘jayin uyining eshigi ochiq, dahlizda qadimiy, go‘zal toshoyna turar edi. Qo‘chqor oynada o‘z aksini ko‘rib, bir shox urib uni chil-chil qiladi.
Uy bekasi zinadan shoshilinch tushib, ota-onasidan qolgan oyna chil-chil sinib yotganini ko‘radi va alam ichida xizmatkorlariga: “Qo‘chqorni so‘ying! Hoziroq!” deb buyuradi.
Qo‘chqor xonadon egasining arzandasi edi, qo‘zichoq ekanligida sotib olib, o‘z qo‘li bilan boqib, katta qilgan. Xullas, u kechqurun uyga kelib, sevimli qo‘chqori so‘yilganini ko‘radi.
“Qo‘chqorni kim so‘ydi? – deb baqiradi u. – Qaysi ablah bunga jur’at etdi?”
Xotini unga javoban deydi: “Qo‘chqorni men so‘ydirdim. U ota-onamdan qolgan oynani chil-chil sindirdi!”
Er g‘azabi qaynab qichqirdi: “Unda men sen bilan ajrashaman!”
Gap-so‘z ko‘payib, bir oila buzilib ketadi.
Qissadan hissa: qoqqan qozig‘ingizga ehtiyot bo‘ling...
Jamol KAMOL
Tarjimasi
Hidoyat jurnali
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.