Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taoloning qabul etishiga ishongan holda duo qilinglar. Chunki U g‘aflatdagi qalb duosini qabul etmaydi”
(Termiziy, Hokim rivoyati).
“Yo Alloh, Sendan foydasiz ilm, qabulsiz amal va ijobatsiz duodan panoh tilayman”
(Imom Ahmad, Bayhaqiy rivoyati).
“Yo Alloh, jismimni qanday chiroyli yaratgan bo‘lsang, xulqimni ham shunday chiroyli qilgin”
(Imom Ahmad rivoyati)
“Yo Alloh, Sendan qashshoqlikdan, yetishmovchilikdan, xorlikdan, birovga zulm qilishdan yoki zulm qilinishdan panoh tilayman”
(Abu Dovud, Nasaiy, Ibn Moja rivoyati).
“Yo Alloh, Sendan g‘am-tashvishdan, xafalikdan, ojizlikdan, dangasalikdan, baxillikdan, qo‘rqoqlikdan, qarzdorlikdan va xorlikdan panoh tilayman”
(Buxoriy, Muslim, Nasaiy rivoyati).
“Yo Alloh, meni ilm bilan boyit, hilm bilan bezat, taqvo bilan mukarram et, xotirjamlik bilan go‘zal qil!”
(Ibn Najjor rivoyati).
Qiyomat kuni ikki kishiga Alloh taolo rahmat nazari bilan qaramaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo qiyomat kuni ikki kishiga rahmat nazari bilan qaramaydi. Ulardan biri qarindosh-urug‘i bilan aloqalarini uzgan kishi bo‘lsa, ikkinchisi yomon qo‘shnidir”.
Shunday ekan, kim Allohning nazaridan umidvor bo‘lsa, silai-rahmni uzmasligi, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi qo‘shnichilik qilishi lozim.
Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmatiga sazavor aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi