Aqlli, farosatli yigit komil ustozga shogird tushib, ancha vaqt xizmatida bo‘ldi. Bir kuni ustoz uni yoniga chaqirib:
– Masjidni tozala, har tarafda kir-chang to‘planibdi, – dedi.
Bu topshiriqni olganidan keyin musofir yigitni uzoq muddat hech kim ko‘rmadi. Yigitning bu ishi gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Kunlarning birida ustozning shogirdlaridan biri haligi musofirni uchratib qoldi va unga:
– Ey do‘stim, to‘g‘ri ish qilmading. Hammamiz senga yaxshi muomalada edik. Ishdan qochib, bizni tashlab ketding. Odamlar mehnat qilib yuksaladi va kamolga erishadi, – dedi.
Shunda yigit yonib so‘zlay boshladi:
– Do‘stim, buyruqni olgan zahoti tozalash uchun masjidga bordim. Ko‘rdim, hamma joy top-toza ekan. Kir mening ko‘nglimda ekan. Shundan keyin ketdim. Kishi eng oldin ko‘ngil masjidini toza tutishi lozimligin angladim.
Qissadan hissa: imonli kishi o‘z qusurlarini ko‘ra oluvchi, tavozeli bo‘ladi. Mevali novdaning boshi egilgani kabi, aqlli, farosatli kishi ham mutavoze bo‘ladi. Buyuklik istasak, tavozeni tanlaylik.
Alloh taolo odamni tuproqdan yaratdi. Kamtarlikda tuproq kabi bo‘laylik. Modomiki, aslimiz tuproq ekan, olov kabi hirsli, sarkash bo‘lmasligimiz kerak. Olov o‘zini yuksak tutgani uchun undan shayton bino bo‘ldi. Tuproq tavozeli bo‘lgani uchun undan o‘n sakkiz ming olam gultoji Odam alayhissalom yaratildi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.