Yangi hilol ko‘rsatdi chiroy,
Olam ichra o‘zgacha olam.
Bilasizmi birodar bu oy –
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Mo‘minlarning ko‘zida quvonch,
Yuzlari ham nurlidir biram.
Dillar to‘la muhabbat, ishonch,
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Dil aytadi durudu salom,
Salavotdan charchamas hech ham.
Ikki olam charog‘i – bu nom,
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Payg‘ambarlar ichra yagona,
Barchasining fazilati jam.
“Bir bor ko‘rgan ko‘rsam,” der yana
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Taomlari xurmo ila suv,
Ibrat bizga bu sabr, chidam.
Toatlari xushu’ va xuzu’
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Yetimlarning boshin silagan –
Mehri jo‘shib ko‘zlarida nam.
“Rahmliga rahm tilagan,”
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Go‘zal xulqda edilar tanho,
Suhbat qurgan sog‘inar shu dam.
Borliqlari Qur’oniy ziyo
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Meros bizga ilm bulog‘i,
Ichgan bo‘lmas ikki dunyo kam.
Taqvodorlar taqvolirog‘i
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Ummatim, deb qayg‘urgan har on,
Ummatim, deb tortgan jabr sitam.
Gunohimiz Ollohdan so‘rgan
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Hamdlar bo‘lsin ey, mehriyuon zot
Ummat qilding shukr, bizni ham.
Sevuvchi va seviluvchi zot
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Ketib qolmay turgin go‘zal oy,
Salomlarim hali juda ko‘p.
“Salovatsiz mo‘min holi voy” –
Tug‘ilganlar rasuli akram (s.a.v.).
Abdilhakim Umarov
Namangan viloyati, Uychi tumani