Abu Zarr G‘iforiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey bandalarim! Men sitamni O‘zimga harom qildim. Uni sizlarning oralaringizda ham harom qildim. Bir-birlaringizga sitam qilmanglar.
Ey bandalarim! Men to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaganlardan boshqa hammangiz adashgansiz. Mendan to‘g‘ri yo‘lni so‘ranglar, sizlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llayman.
Ey bandalarim! Men rizqlantirganlardan boshqa barchangiz ochsiz. Mendan rizq so‘ranglar, sizlarni to‘ydiraman.
Ey bandalarim! Men kiyim berganlardan boshqangiz yalang‘ochsiz. Mendan kiyim so‘ranglar, kiyim beraman.
Ey bandalarim! Sizlar kechayu kunduz xato (gunoh) qilasiz. Men barcha gunohlarni kechirguvchiman. Mendan gunohlaringizni kechirishimni so‘ranglar, gunohlaringizni kechiraman.
Ey bandalarim! Menga zarar yetkaza olmaysiz, chunki zararingiz yetadigan darajada emassiz. Menga foyda keltira olmaysiz, chunki foyda keltiradigan mavqeda emassiz.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng taqvodor odamdek bo‘lsa ham, mulkimni aslo ko‘paytirmaydi.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng fojir odamdek bo‘lsa ham, mulkimdan bir narsani kamaytirmaydi.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar hamma bir maydonga to‘planib, Mendan so‘rasa, har bir insonga so‘raganini bersam, mulkim dengizga botirib chiqarilgan ignaning uchidagi suvchalik ham kamaymaydi.
Ey bandalarim! Amallaringizni hisoblab qo‘yaman. So‘ng ularning evazini (mukofoti yoki jazosini) to‘liq qilib beraman. Kim yaxshilikka ergashsa, Alloh taologa hamd aytsin. Kim yomonlikka yo‘liqsa, o‘zidan boshqani ayblamasin!” (Imom Muslim, Imom Termiziy).
Sharh: Bu qudsiy hadis har birimiz bilishimiz kerak bo‘lgan masalalarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Uning sharhiga bag‘ishlangan maxsus kitoblar ham yozilgan. Abu Idris Havloniy ushbu hadisga chuqur ehtirom ko‘rsatib rivoyat qilgan.
“Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay. Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur” (Niso, 40).
Butun koinot Alloh taologa tegishli. Uning biror sherigi yo‘q. U o‘z mulkini istaganicha tasarruf qiladi.
Alloh taolo sitamni bandalariga ham harom qilgan. Zero sitam bor joyda adolat bo‘lmaydi. Adolat bo‘lmagan joyda parokandalik, buzuqlik avj oladi. Osoyishtalik yo‘qoladi.
Hadisda “hammangiz adashgansiz” deyilishi, inson tabiatidagi shahvat, rohatga mukkasidan ketish kabi mayllarni o‘z holiga qo‘ysa, adashib ketishiga ishoradir. Bu mayllarni faqat Alloh taoloning inoyati bilan jilovlash mumkin.
Alloh taolo barcha jonzotning rizqini belgilab qo‘ygan. U dengiz ostidagi mavjudotga ham, toshning orasidagi jonivorga ham rizqini yetkazib turadi. Hech kim U belgilab qo‘ygan rizqdan oshiq bir luqma ham tanovul qilolmaydi.
Rizq deganda faqat yeyish-ichishga yaraydigan narsalar ko‘zda tutilmaydi. Balki kiyim-kechak, uy-joy va insonning yashashi uchun lozim bo‘lgan barcha vositalar ham rizqdir.
Banda bilib-bilmay adashadi, gunoh qiladi. Adashganini va gunohlarini bo‘yniga olib, tavba qilsa, Yaratgan kechiradi. Alloh taolo gunohlarni kechiruvchi, xatolarni berkituvchidir. «(Ey Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar! Alloh barcha gunohlarni kechiradi. Albatta, U Mag‘firatli va Rahmlidir”» (Zumar, 53).
Alloh taolo Somaddir, ya’ni butun mavjudot hojatlarini ravo qilishini tilab Unga yolvoradi. Uning tengi, hojati yo‘qdir, nuqsonsizdir. Har lahzada sanoqsiz narsalarga muhtoj bo‘lgan ins va jin Unga zarar ham, foyda ham yetkazishga aslo qodir bo‘lolmaydi. Insonlar va jinlar yaxshi amal, toat qilishsa, azobdan qutilishadi. Yomon ishlar qilib, gunohkor bo‘lishsa, azobga uchraydilar. Qilgan amallarining barchasi o‘zlariga foyda yo zarardir. Alloh taolo mehribonligidan ularni yomonlikdan qaytarib, yaxshilikka buyurgan.
Banda nima so‘rasa, tilasa Alloh taolodan so‘rashi, tilashi kerak. Hadisda shunday amr qilingan. Chunki barcha mulk Unikidir. Dengiz suvi Alloh taolo mulki qatrasining qatrasidir.
Kishi erishgan har bir yaxshilik Alloh taoloning fazlidir. Yomonlikka duch kelsa qilmishidandir. Buni yaxshi anglamagan kimsalar adashadi. Yaxshilikni o‘zidan deb bilgan kibr va manmanlikka beriladi. Yomonlikni o‘zidan ko‘rmagan kimsa o‘zini tuzatish, o‘nglanish o‘rniga atrofidagilarni tanqid qilish, o‘zi yashab turgan jamiyat qonun-qoidasidan norozilik kabi illatlar chohiga tushib qoladi. Bu ikki holatdan ham Alloh taolo asrasin!
No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan