Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

Bir hadis sharhi: Hammamiz Unga muhtojmiz

20.12.2017   15261   4 min.
Bir hadis sharhi: Hammamiz Unga muhtojmiz

Abu Zarr G‘iforiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Ey bandalarim! Men sitamni O‘zimga harom qildim. Uni sizlarning oralaringizda ham harom qildim. Bir-birlaringizga sitam qilmanglar.

Ey bandalarim! Men to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaganlardan boshqa hammangiz adashgansiz. Mendan to‘g‘ri yo‘lni so‘ranglar, sizlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llayman.

Ey bandalarim! Men rizqlantirganlardan boshqa barchangiz ochsiz. Mendan rizq so‘ranglar, sizlarni to‘ydiraman.

Ey bandalarim! Men kiyim berganlardan boshqangiz yalang‘ochsiz. Mendan kiyim so‘ranglar, kiyim beraman.

Ey bandalarim! Sizlar kechayu kunduz xato (gunoh) qilasiz. Men barcha gunohlarni kechirguvchiman. Mendan gunohlaringizni kechirishimni so‘ranglar, gunohlaringizni kechiraman.

Ey bandalarim! Menga zarar yetkaza olmaysiz, chunki zararingiz yetadigan darajada emassiz. Menga foyda keltira olmaysiz, chunki foyda keltiradigan mavqeda emassiz.

Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng taqvodor odamdek bo‘lsa ham, mulkimni aslo ko‘paytirmaydi.

Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng fojir odamdek bo‘lsa ham, mulkimdan bir narsani kamaytirmaydi.

Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar hamma bir maydonga to‘planib, Mendan so‘rasa, har bir insonga so‘raganini bersam, mulkim dengizga botirib chiqarilgan ignaning uchidagi suvchalik ham kamaymaydi.

Ey bandalarim! Amallaringizni hisoblab qo‘yaman. So‘ng ularning evazini (mukofoti yoki jazosini) to‘liq qilib beraman. Kim yaxshilikka ergashsa, Alloh taologa hamd aytsin. Kim yomonlikka yo‘liqsa, o‘zidan boshqani ayblamasin!” (Imom Muslim, Imom Termiziy).

Sharh: Bu qudsiy hadis har birimiz bilishimiz kerak bo‘lgan masalalarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Uning sharhiga bag‘ishlangan maxsus kitoblar ham yozilgan. Abu Idris Havloniy ushbu hadisga chuqur ehtirom ko‘rsatib rivoyat qilgan.

“Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay. Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur” (Niso, 40).

Butun koinot Alloh taologa tegishli. Uning biror sherigi yo‘q. U o‘z mulkini istaganicha tasarruf qiladi.

Alloh taolo sitamni bandalariga ham harom qilgan. Zero sitam bor joyda adolat bo‘lmaydi. Adolat bo‘lmagan joyda parokandalik, buzuqlik avj oladi. Osoyishtalik yo‘qoladi.

Hadisda “hammangiz adashgansiz” deyilishi, inson tabiatidagi shahvat, rohatga mukkasidan ketish kabi mayllarni o‘z holiga qo‘ysa, adashib ketishiga ishoradir. Bu mayllarni faqat Alloh taoloning inoyati bilan jilovlash mumkin.

Alloh taolo barcha jonzotning rizqini belgilab qo‘ygan. U dengiz ostidagi mavjudotga ham, toshning orasidagi jonivorga ham rizqini yetkazib turadi. Hech kim U belgilab qo‘ygan rizqdan oshiq bir luqma ham tanovul qilolmaydi.

Rizq deganda faqat yeyish-ichishga yaraydigan narsalar ko‘zda tutilmaydi. Balki kiyim-kechak, uy-joy va insonning yashashi uchun lozim bo‘lgan barcha vositalar ham rizqdir.

Banda bilib-bilmay adashadi, gunoh qiladi. Adashganini va gunohlarini bo‘yniga olib, tavba qilsa, Yaratgan kechiradi. Alloh taolo gunohlarni kechiruvchi, xatolarni berkituvchidir. «(Ey Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar! Alloh barcha gunohlarni kechiradi. Albatta, U Mag‘firatli va Rahmlidir”» (Zumar, 53).

Alloh taolo Somaddir, ya’ni butun mavjudot hojatlarini ravo qilishini tilab Unga yolvoradi. Uning tengi, hojati yo‘qdir, nuqsonsizdir. Har lahzada sanoqsiz narsalarga muhtoj bo‘lgan ins va jin Unga zarar ham, foyda ham yetkazishga aslo qodir bo‘lolmaydi. Insonlar va jinlar yaxshi amal, toat qilishsa, azobdan qutilishadi. Yomon ishlar qilib, gunohkor bo‘lishsa, azobga uchraydilar. Qilgan amallarining barchasi o‘zlariga foyda yo zarardir. Alloh taolo mehribonligidan ularni yomonlikdan qaytarib, yaxshilikka buyurgan.

Banda nima so‘rasa, tilasa Alloh taolodan so‘rashi, tilashi kerak. Hadisda shunday amr qilingan. Chunki barcha mulk Unikidir. Dengiz suvi Alloh taolo mulki qatrasining qatrasidir.

Kishi erishgan har bir yaxshilik Alloh taoloning fazlidir. Yomonlikka  duch kelsa qilmishidandir. Buni yaxshi anglamagan kimsalar adashadi. Yaxshilikni o‘zidan deb bilgan kibr va manmanlikka beriladi. Yomonlikni o‘zidan ko‘rmagan kimsa o‘zini tuzatish, o‘nglanish o‘rniga atrofidagilarni tanqid qilish, o‘zi yashab turgan jamiyat qonun-qoidasidan norozilik kabi illatlar chohiga tushib qoladi. Bu ikki holatdan ham Alloh taolo asrasin!

 

No‘mon ABDULMAJID

tayyorladi.

 

 

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

15.07.2025   12648   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

So‘nggi yillarda umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga sifatli va qulay xizmatlar ko‘rsatish hamda ibodatlarni shariat talablariga muvofiq ado etish ishlari “Haj” va “Umra” markazi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

30 yildan ziyod amaliy tajriba asosida ziyoratchilarimiz uchun 10 kunlik maxsus umra dasturi taklif etilmoqda.

Dastur doirasida quyidagi qulayliklar nazarda tutilgan:

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi orqali Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar;

3 kecha Madina, 7 kecha Makkada bo‘lish;

Jidda–Madina, Madina–Makka va Makka–Jidda yo‘nalishlarida zamonaviy avtobuslar xizmati;

Makka va Madina shaharlarida barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar;

3 mahal mazali taomlar;

Madina shahrida Nabaviy masjidi, “Ravza”, Qubo, Qiblatayn masjidlari va Uhud maydoniga ziyorat;

Makka shahrida Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylari hamda Nur va Savr tog‘lariga ziyorat;

Jidda shahridagi Qizil dengizga sayohat.

Umra safari davomida ziyoratchilarga tajribali ishchi guruhi, taniqli imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari, malakali shifokorlar hamrohlik qilib, ibodat va safarni oson va xotirjam o‘tishini ta’minlaydilar.

Umra safariga borish niyatida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni ushbu imkoniyatdan foydalanishga taklif etamiz.

Murojaat uchun telefonlar:

Haj va Umra Markazi
+998778821858
+998998821858

Hududiy mas’ullar:
Andijon vil. +998999012979
Farg‘ona vil. +998902723477
Namangan vil. +998902181117
Sirdaryo vil. +998911012816
Jizzax vil. +998941955554
Samarqand vil. +998979121674
Qashqadaryo vil. +998995803520
Surxondaryo vil. +998915861007
Buxoro vil. +998906116486
Navoiy vil. +998997516005
Xorazm vil  +998910941100
Qoraqalpog‘iston Res. +998973490457