Sa’d ibn Hishom ibn Omir (roziyallohu anhu) aytadi: “Oisha (roziyallohu anho)ning oldiga borib, “Ey mo‘minlar onasi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqlari haqida gapirib bering”, dedim”. U: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqi Qur’on edi”, dedi… (Imom Ahmad rivoyati).
Hadisda “xulqi Qur’on edi”, deb tarjima qilingan qismida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qur’onda madh etilgan sifatlar bilan xulqlangani va qaytarilgan amallardan saqlangani ifodalanmoqda. Shuningdek, Qur’oni karimning hukmlariga rioya etish, uning had-chegaralarida to‘xtash, ma’nolari haqida o‘ylash va chiroyli tilovat qilish ham tushuniladi. Manbalarda keltirilishicha, “Qur’on”, so‘zidan Qur’oni karimdagi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga maqtov aytilgan oyatlar iroda qilingan. Bunga: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat), “Ular savodsiz elchiga – ismi o‘zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg‘ambarga (Muhammadga) ergashadilar” (A’rof surasi, 157-oyat) kabi oyatlarni misol qilish mumkin. Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) aytadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) insonlar orasida yuzlari eng chiroyli, xulqlari eng go‘zal zotdir” (Imom Musli rivoyati). Abu Hurayra (roziyallohu anhu) esa: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan chiroyliroq biror narsani ko‘rmadim. Go‘yoki quyosh u zotning yuzlaridan chiqadi”, degan. Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yuzlari nur sochadi. Go‘yoki yuzlari oyning bir bo‘lagi”.
Sayyidimiz Muhammad (alayhissalom) go‘zal xulq sohibi, komil inson, barchaga namuna edilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘ri so‘z va omonotdor edilar. Payg‘ambarlik kelishidan oldin ham Quroyshliklar orasida “Sodiqul amin (to‘g‘ri so‘z, ishonchli inson)” nomi bilan mashhur edilar. Ular o‘zaro nizolashib qolishsa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni hakam etib tayinlashib: “U omonotdor, xiyonat qilmaydi”, deyishardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga payg‘ambarlik kelganidan keyin qilingan da’vatning birinchisi omonotdorlik bo‘ldi. Nabiy (alayhissalom) so‘z, amal, ibodat, a’zolarni gunohdan saqlash va va’dalarga xilof qilmaslik kabilarda omonotdorlikni talab qildilar. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘ri so‘zlikda ham namuna edilar. U zotdagi bu sifatni Alloh taolo bunday madh etadi: “Rostlikni keltirgan zot (Muhammad) va uni tasdiq etganlar (mo‘minlar) – aynan o‘shalar taqvoli zotlardir” (Zumar, 33).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilarning ulug‘i edilar. U zot hadisda bunday deganlar: “Sizlarning yaxshilaringiz ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir. Men ahliga yaxshilik qiluvchiroqman” (Imom Termiziy rivoyati). Nabiy (alayhissalom) ahliga xushmuomalali, mehribon, edilar. Har ishda ularga yordam berib, lutf ko‘rsatardilar. Ayollari bilan hazil-mutoyiba ham qilardilar. Oisha (roziyallohu anho) onamizni “Ey Humayro”, deb chaqirardilar. Ba’zida esa “Ey ansorlarning qizi” yoki “Ey Oish” derdilar.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bolalarni juda yaxshi ko‘rardilar. Ko‘chadan o‘tayotib bolalarga salom berar, ba’zida esa ular bilan o‘ynardilar. Namoz o‘qiyotganda bolalarning yig‘i ovozi eshitilsa, onasiga qiyin bo‘lmasligi uchun ibodatni tezroq yakunlashga harakat qilardilar. Nabiralari – Imom Hasan va Husayn (roziyallohu anhumo)larni muborak yelkalariga ko‘tarib olardilar. Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ikki nabiralarini o‘pdilar. U zotning yonlarida Aqro ibn Hobis bor edi. U: “Mening o‘nta bolam bor. Lekin, ularni birortasini o‘pmaganman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga qarab: “Kim Rahim qilmasa, unga ham rahim qilinmaydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Sarvari koinot bo‘lmish zot xodimlariga ham juda mehribon va tavozelik edilar. Hayotlari mobaynida birorta xodimlarini urmaganlar, hatto ularga ovozlarini ko‘tarmaganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga o‘n yil xizmat qildim. Allohga qasamki, u zot biror marta uf demaganlar. “Nima uchun bunday qilding”, “Bunday qilsang bo‘lmasmidi”, deb aytmaganlar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Alloh taolo tavozeli bo‘lishga va kibr qilmaslikka buyuradi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat). Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tavoze bandani darajasini ziyoda qiladi. Shuning uchun, tavozeli bo‘linglar! Alloh taolo darjangizni ko‘taradi”, dedilar (Kanzul ummol).
Olamlarga rahmat bo‘lgan payg‘ambarimiz (alayhissalom) dunyoda eng zohid va qanoatli inson edilar. Vaholanki, Alloh taolo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga dunyodagi barcha narsalarni ixtiyorini bergan edi. Lekin, u zot oxirat hayotini tanladilar. Butun hayotlari mobaynida, ochlikni ketkazish uchungina xurmo va arpa tanovul qilib, suv ichardilar. Har tun och holda uxlardilar. Ochlik hissining kuchli ekanidan qorinlariga tosh bog‘lab yurardilar. Ortiqcha bir dirham pul bilan tun o‘tkazmasdilar. Yonlarida ehtiyojdan ortiqcha narsa bo‘lsa, uni muhtoj odamga bermaguncha uyga kirmasdilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).
Oisha (roziyallohu anhi)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) tunda turib, ibodat qilardilar hatto oyoqlari yorilib ketardi. “Yo Rasululloh, nima uchun bunday qilasiz? Alloh taolo sizning avvalgiyu, keyingi gunohlaringizni kechirgan-ku”, desam. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?” deydilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sabrli va halim bo‘lishlari, afv etishda o‘rnakliklariga Alloh taoloning ilohiy buyrug‘i bor edi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat). Boshqa oyatda bunday marhamat qilinadi: “Bas, (ey Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling…” (Ahqof surasi, 35-oyat).
Manbalar asosida
Bahriddin JO‘RABЕK O‘G‘LI
tayyorladi.
Munosabat
Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.
Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.
Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.
Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.
Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.
Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.
Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.
Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.
Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.
Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.
Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy