Kecha, 19 dekabr kuni diniy idorada xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari va diplomatlari bilan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining maqsad va vazifalari to‘g‘risida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov O‘zbekiston azaldan islom ilm-fani va madaniyati markazi bo‘lgani, ilohiyotda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, aniq va tabiiy fanlarda Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino kabi ko‘plab allomalar musulmon va jahon tamadduniga salmoqli hissa qo‘shganlarini ta’kidladi. U musulmon renessansi davriga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan bitilgan va dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy merosni o‘rganish, uni yosh avlodlarga yetkazish, Islom dinining asl mohiyatini jamiyat a’zolariga tushuntirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.
Sh.Minovarov ushbu markazda ulkan muzey, yirik kutubxona va qo‘lyozmalar fondi tashkil etilishi, qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, osori-atiqalar, tarixiy mazmundagi video va foto hujjatlar alohida joy olishini atroflicha tushuntirdi. U o‘z so‘zida O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etilgani, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar to‘g‘risida ham ma’lumot berdi.
Muloqotda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov bugungi kunda 6 gektar maydonda markaz qurilishi jadal davom etayotgani, shuningdek, hadisshunoslik oliy maktabi ham barpo etilayotganini ta’kidladi. Ushbu markaz binosida hadis, kalom va qiroat ilmini o‘rganishga mo‘ljallangan xonalar, qo‘lyozmalar kutubxonasi, mo‘jaz muzey tashkil etilishini ma’lum qildi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov davra suhbatida so‘z olib, Surxondaryo viloyatida qurilayotgan ushbu markazda Islom dini, Qur’oni karim va hadis ilmining mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, ilmiy ma’ruzalar tashkil etilishini bildirdi.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenov Islom Hamkorlik Tashkilotining Ostona sammitida O‘zbekiston Rahbari tomonidan juda ko‘p xayrli tashabbuslar ilgari surilganini ta’kidladi.
Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Amani al-Itr xonim O‘zbekiston ilmlar markazi, alloma va avliyolar zamini ekani, tashkil etilayotgan ilmiy-tadqiqot markazlaridan misrliklar mamnun ekanini bildirdi. Ushbu markazlarda arab tilini o‘rgatish va Misrdagi ta’lim va ilm muassasalari bilan hamkorlik qilish ishlarida yaqindan ko‘mak berishga tayyor ekanini izhor qildi.
Shuningdek, Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Xuseyn Guliyev, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Tuyakbayev Mursal-Nabi ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘z olib, diyorimizdagi din sohasida o‘zgarishlar, yangilanishlar Yaratgan Parvardigorning in’om etgan ne’matlari ekanini ta’kidladilar. Muftiy hazratlari hozirgi kunda qo‘shni va xorij mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo‘lida qator amaliy harakatlar bo‘layotgani va bundan keyin ham hamkorlik aloqalarini taraqqiy ettirishga tayyor ekanlarini ma’lum qilib, muloqotda ishtirok etganlari uchun xorij mamlakatlari elchilari va diplomatlariga minnatdorlik izhor qildilar.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov ishtirok etdi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati