Bir kuni xizmat taqozosi bilan Navoiy shaxriga boradigan bo‘ldik. Meni xizmatga olib ketayotgan yigit:
– Domla, ota-onamiz shaharda yashayapti. Onamiz betoblar. O‘qib dam solib qo‘ysangiz, zora, shifo yetib, yaxshi bo‘lib, sog‘ayib ketsalar! – dedi.
Ertalab juma tongi ularning xonadoniga kirib bordik, hol-ahvol so‘rashib, bomdod namozini ado qilib dasturxon atrofida o‘tirdik. Shu vaqt keksa otaxon gap boshladi:
– Domla, sizning sharofatingiz bilan o‘g‘lim, mana 4 yil bo‘ldi, endi kelib turibdi. Shu vaqtgacha hech holimizni so‘ramagandi. Bundan 4 yil oldin bir kun ichib kelib, meni otasini haqoratlab so‘kkanida o‘zimni zo‘rg‘a bosdim, qarg‘amadim, duoibad qilmadim, buning ukasi ham vaqtida jonimdan o‘tkazib yuborgandi, qarg‘agandim, oq qilib, duoibad qilgandim, lekin buni qarg‘amadim”, deb tursa o‘g‘li zarda bilan: “Ey ota! Shu gap hozir kerakmidi, nima qilasiz o‘tgan gaplarni qo‘zg‘ab”, deya stolni mushtlab chiqib ketib qoldi. Ota esa: “Domla, ko‘rdingizmi, o‘g‘limiz gap ko‘tara olmaydigan bo‘lib qolgan, o‘zi katta bo‘lib qolgan-da bu noqobil bola-ya” dedi.
“Farzandingizdan xafa bo‘lmang. Farzandlaringiz haqiga duo qiling, Allohdan insof-tavfiq so‘rang. Ota-ona duosi ijobat duolardan. Alloh insof bersa, ko‘ngliga solsa, hech gapmas, sizni, ota-onasini hurmat qiladigan bo‘ladi”, deb yupatgan bo‘ldig-u, so‘ngra onaxonni hollarini so‘rab, Allohdan shifo tilab, o‘qib qo‘ydik, bu xonadon keksalariga ota-onalariga, farzandlariga yaxshilik, mexru oqibat, ahillik so‘rab duo qilib, ko‘ngillarini xushnud qilib, ortimizga qaytdik.
Yo‘lda kelar ekanmiz, haligi o‘g‘liga: “Yaxshi qilmadingiz, farzand ota-onaga itoatli bo‘lishi, xizmatlarida xolis bo‘lishi lozim, huzurida bosh egib turishi, duolarini olish uchun harakat qilishi kerak. Sizni ham farzandlaringiz bor, bir kun siz ham otangizdek keksayganingizda farzandlaringiz ham shunday noqobillik qilsa, qanday ahvolga tushasiz, axir bu dunyoni qaytar dunyo deydilar. Hech bir ish javobsiz qolmaydi”, deb nasihat etgan bo‘ldik.
Shunda haligi kishi shunday dedi: “O‘shanda yosh bola edim. Bobom va buvimni tarbiyasini oldim. Otam farzandlariga ko‘p zulm qilardi. Hatto keksa bobomga ichib kelgan chog‘larida: “San o‘lmading, men qutulmadim”, deya dag‘dag‘a qilardi. O‘smirlik yoshimda onam betob bo‘lganida buyragini Toshkentga olib borib operatsiya qilish uchun otam bir kuni kechqurun poyezdga chiqishga tayyorlanib turganda, bobom hojatxonaga borar yo‘lda to‘satdan yiqilib og‘zi-burnidan qon ketib qoldi. Shu holatda olib kelib, qonni to‘xtatib, o‘rinlariga yotqizdik, bir oz o‘ziga kelganida, otam:
“Bolam, bobongni o‘zing shifoxonaga oboraqol”, deb onamni olib Toshkentga ketib qoldi, bobom arang boshini ko‘tarib: “Xotinchasini mendan afzal ko‘rdi-ya”, dedi-da og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi.
Bobom shu holatda dunyodan o‘tib ketdi, lekin bu voqea hech yodimdan chiqmaydi.
Ota-onang jannating yo do‘zaxingdir. Kimki ota-ona roziligini topsa, unga jannat vojib, kim ota-ona ko‘nglini ranjitgan bo‘lsa unga do‘zaxdan boshqa nasiba yo‘q. Hadisda keladi: “Allohning roziligi ota-ona roziligida, Allohning g‘azabi ota-ona g‘azabidadir”.
Bu qaytar dunyoda biz uchun ota-ona xizmatida bo‘lish g‘animat. Ularning roziligi, duolari yo‘lida xolis bo‘lmoqligimizni Alloh barchamizga nasib aylasin!
H.JAHONOV,
“Qizibibi” jome masjidi imom-xatibi
http://hazratnavoi.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1400 yil ummatni ushlab turgan yo‘lni tashlab, qayerga bormoqchisiz?
Bugun musulmon jamiyatida tez-tez uchraydigan bir da’vo bor:
“Biz Qur’on va sunnat bilan yuramiz, mazhab shart emas”.
Bu gap tashqaridan chiroyli, jozibali eshitiladi. Ammo chuqurroq o‘ylab ko‘raylik:
Haqiqatan ham mazhabsiz yurish mumkinmi?
Agar mumkin bo‘lsa, u qayerga olib boradi?
Keling eng sodda savol-javob uslubida ko‘rib chiqamiz.
1. Mazhab o‘zi nima?
Mazhab – bu Qur’on va sunnatni tushunish maktabi.
Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofi’iy, Imom Ahmad ibn Hanbal kabi buyuk mujtahidlar:
minglab oyat va hadislarni,
sahobalar fatvolarini,
arab tili qoidalarini,
nas'h-mansuh, umumiy-xususiy masalalarni tizimli, ilmiy usulda jamlab, ummatga yo‘l ko‘rsatib berishgan.
Mazhab – Qur’on va sunnatning o‘zi emas, balki ularni to‘g‘ri tushunish kaliti.
2. “Mazhab shart emas” degan odam aslida nimani da’vo qilmoqda?
U deydi:
“Men o‘zim hadisni ochib o‘qiyman, o‘zim hukm chiqaraman”.
Savol:
— Arab tilini mukammal biladimi?
— Hadislarning sahih-zaifini ajrata oladimi?
— Qaysi hadis qaysi holatga tegishli ekanini biladimi?
— Qaysi oyat qaysi oyat bilan chegaralanganini biladimi?
Agar yo‘q bo‘lsa – u ilmga emas, nafsiga ergashmoqda. Agar farazan shu ilmlarga sohib bo‘lsa bormi, shubhasiz mazhabga ergashish lozimligini e’tirof qiladi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Zikr ahli – olimlar, mujtahidlar. Mazhab ana shu “zikr ahli”ning ilmiy merosidir.
3. Sahobalar haqida nima deysiz? Sahobalar:
Ibn Mas’ud fiqhi,
Ibn Umar fiqhi,
Zayd ibn Sobit fiqhi bilan tanilgan.
Tobe’inlar sahobalarga taqlid qilgan.
To‘rt imom esa ana shu sahobalar fiqhini tartibga soldi.
Demak, mazhab keyin chiqib qolgan bid’at emas, balki sahobalar yo‘lining davomidir.
4. Mazhabsizlik nimaga olib keladi?
Bugun mazhabsizlikni da’vo qiluvchilar orasida:
biri niyatni shart emas deydi,
biri jamoat namozini yengil sanaydi,
biri boshqasini adashgan, hatto kofir deydi.
Bu nimaning natijasi?
Bir mezon yo‘qligining natijasi.
Mazhab bo‘lmaganda: har kim o‘zicha “Qur’on va sunnat”ni tushunadi, din parcha-parcha bo‘ladi, ixtilof fitnaga aylanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “O‘tgan ummatlar ixtilof sababli halok bo‘ldi” (Imom Ahmad rivoyati)
Mazhab – ixtilofni tartibga soluvchi himoya devori.
5. Imom Abu Hanifa rahimahulloh nima uchun Imomi A’zam deb e’tirof etiladi?
U zot:
40 yil bomdod namozini xufton tahorati bilan o‘qigan,
500 mingdan ortiq hadisni bilgan,
Shunday zotning ilmiy tizimini mensimaslik – kibr emasmi? Ha, kibr bo‘lsa, kibr egasida sog‘lom ilm bo‘lmaydi.
6. Mazhab – majburiy emasmi?
Ha, mazhab – zarurat.
Xuddi:
tibbiyotda shifokorga ergashgandek,
qurilishda muhandisga ishongandek.
Ammo ogoh bo‘ling: Din – tajriba qilinadigan soha emas.
7. Xulosa: Mazhabsiz qayga bormoqchisan?
Mazhabdan voz kechgan odam:
o‘zini imomlardan ustun qo‘yadi,
bilmagan holda fatvo beradi,
oxir-oqibat dinni o‘z nafsiga moslab oladi.
Mazhabga ergashish – ko‘r-ko‘rona taqlid emas,
balki ilmga, tajribaga va ummat yo‘liga hurmatdir.
Savol ochiq qoladi:
1400 yil ummatni ushlab turgan yo‘lni tashlab, bemazhab qayerga bormoqchi?!
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi