Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

22.12.2017 y. Insonlarning yaxshisi

19.12.2017   10094   10 min.
22.12.2017 y. Insonlarning yaxshisi

بسم الله الرحمن الرحيم

INSONLARNING YAXSHISI

(“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”)

Muhtaram jamoat! Nihoyasiga yetib borayotgan “xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanmish 2017 yilimiz unda xalqimiz uchun ko‘plab manfaatlar hosil bo‘lganligi bilan tarixda qoldi. Samimiy muloqotlarimiz, o‘zaro manfaatlarimiz faqatgina bu yil uchun emas balki, dovomli bo‘lmog‘iga erishaylik. Zero, dinimiz bizlarni yaxshilikka chorlaydi, o‘zgalarga yaxshilik qilishga da’vat etadi. Aslida, yaxshilik qilish, o‘zgalarga manfaat yetkazib yashash mo‘min kishining ajralmas va eng asosiy sifatidan biridir. Insonlarga yaxshilik qilish o‘zini ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Alloh taolo xitob qilib aytadi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ارْكَعُوا وَاسْجُدُوا وَاعْبُدُوا رَبَّكُمْ وَافْعَلُوا الْخَيْرَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya’ni:Ey imon keltirganlar! Ruku’ qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz – shoyadki, najot topsangiz!(Haj surasi, 77-oyati).

Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib, o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil intiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat’iy ishonadi.

Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Payg‘ambar s.a.v. dedilar:

عَن أَبيِ هُرَيرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "الْمُؤْمِنُ يَأْلَفُ وَيُؤْلَفُ، وَ لاَ خَيْرَ فِيمَنْ لا يَأْلَفُ وَ لا يُؤْلَفُ، وَ خَيْرُ النَّاسِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ"

  (رواه الإمام الدارقطني)

ya’ni: “Mo‘min ulfat bo‘ladi va unga ulfat bo‘linadi. Ulfat bo‘lmaydigan va unga ulfat bo‘linmaydigan kimsada yaxshilik yo‘q. Insonlarning eng yaxshisi insonlarga ko‘proq nafi tegadiganidir” (Imom Doru Qutniy rivoyati). Abdulloh ibn Umar r.a.dan kelgan boshqa rivoyatda Payg‘ambarimiz s.a.v. dedilar:

عَن عَبدِ الله بن عمر رَضِيَ اللهُ عَنهُمَا قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "أحبُّ الناسِ إلى اللهِ أنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ وأحبُّ الأعمالِ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ سُرُورٌ يدْخِلُهُ على مسلمٍ أوْ يكْشِفُ عنهُ كُرْبَةً أوْ يقْضِي عنهُ دَيْنًا أوْ تَطْرُدُ عنهُ جُوعًا ولأنْ أَمْشِي مع أَخٍ لي في حاجَةٍ أحبُّ إِلَيَّ من أنْ اعْتَكِفَ في هذا المسجدِ يعني مسجدَ المدينةِ شهرًا ومَنْ كَفَّ غضبَهُ سترَ اللهُ عَوْرَتَهُ ومَنْ كَظَمَ غَيْظَهُ ولَوْ شاءَ أنْ يُمْضِيَهُ أَمْضَاهُ مَلأَ اللهُ قلبَهُ رَجَاءً يومَ القيامةِ ومَنْ مَشَى مع أَخِيهِ في حاجَةٍ حتى تتَهَيَّأَ لهُ أَثْبَتَ اللهُ قَدَمَهُ يومَ تَزُولُ الأَقْدَامِ وإِنَّ سُوءَ الخُلُقِ يُفْسِدُ العَمَلَ كما يُفْسِدُ الخَلُّ العَسَلَ"

(رواه الامام البخاري)

ya’ni: “Insonlarning ichida Alloh taologa eng sevimlisi insonlarga ko‘proq nafi tegadiganidir. Amallarning ichida Alloh taologa eng sevimlisi musulmonning qalbiga hursandlik kiritish yoki undan biror tashvishni ketkazish yoki uning qarzini yopish yoki undan ochlikni quvish. Men uchun birodarimning hojatini chiqarish maqsadida u bilan birga yurish ushbu masjidda – ya’ni, Madinai munavvaradagi masjidda – bir oy e’tikof o‘tirishdang ko‘ra yaxshiroqdir. Kim jahlini tiysa Alloh taolo uning aybini yopadi. Kim o‘ch olishga qodir bo‘la turib g‘azabini yutsa Alloh taolo Qiyomat kuni uning qalbini umidga to‘ldiradi. Kim birodari bilan uning hojatini chiqarish uchun yursa va uni uddalasa, Alloh taolo qadamlar toyabigan kunda uning qadamini sobit qiladi. Darhaqiqat, yomon xulq huddi sirka asalni aynitganidek, amalni buzadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Muhtaram azizlar! Insonlarga manfaat yetkazishda Payg‘ambarimiz s.a.v. barchamizga ibrat bo‘lganlar. U zot Payg‘ambar bo‘lmaslaridan oldin ham muhtojlarga yordam berar, yetimlarning boshini silar, chorasizlarni qo‘llab quvvatlar edilar. Hiro g‘orida Jabroil a.s. birinchi marta vahiy olib kelganlarida Rasululloh s.a.v. bundan sarosimaga tushib Hadicha onamiz r.a.ning oldilariga boradilar va:

عَنِ النَّبِىِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَقَدْ خَشِيتُ عَلَى نَفْسِي" فقالَتْ له: كَلَّا أَبْشِرْ فواللَّهِ لا يُخْزيك اللَّهُ أبدًا إنك لَتَصِلُ الرَّحِمَ وَتَصْدُقُ الحديثَ وَتَحْمِلُ الكَلَّ وَتَقْري الضيفَ وَتُعينُ عَلَى نَوائبِ الحَقِّ"

(رواه الإمام البخاري)

ya’ni: “Men o‘z jonimdan xavotirga tushib qoldim”, dedilar. Shunda, Hadicha r.a.: “Unday emas, siz xursand bo‘ling. Allohga qasamki, U sizni hech qachon xor qilib qo‘ymaydi. Chunki, siz silai rahm qilasiz, rost gapirasiz, chorasizning yukini yengil qilasiz, mehmonga hurmat ko‘rsatasiz, haqiqat tomonida turib yordam berasiz”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Dinimizda kishining umumxalq manfaati uchun qilgan barcha amallari eng savobli ishlardan sanaladi. Agar, bu qilgan ishlari uning vafotidan keyin ham jamiyatga manfaat yetkazayotgan bo‘lsa, u holda uning savobi marhumning nomai amaliga yozilishda davom etaveradi. Bu haqda Payg‘ambarimiz s.a.v. shunday marhamat qilganlar:

عَن أَبيِ هُرَيرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ أَنَّ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِذَا مَاتَ اِبنُ آدَمَ اِنقَطَعَ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ: صَدَقَةٌ جَارِيَةٌ أَو عِلمٌ يُنتَفَعَ بِهِ أَو وَلَدٌ صَالِحٌ يَدعُو لَهُ"

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Qachon Odam bolasi o‘lsa uning amali uziladi, faqat uchta jihatdan uzilmaydi: sadaqai joriya, foydali ilm, uning haqiga duo qiladigan solih bola” (Imom Muslim rivoyati). Sadaqai joriyaning turlari haqida Rasululloh s.a.v.dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

عَن أَنَسٍ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "سَبعٌ يَجرِي لِلعَبدِ أَجْرُهُنَّ وَ هُوَ فيِ قَبْرِهِ بَعدَ مَوتِهِ: مَنْ عَلَّمَ عِلْماً  أَو أَجْرَى نَهْراً  أَو حَفَرَ بِئْراً  أَو غَرَسَ نَخْلاً  أَو بَنَى مَسْجِداً  أَو وَرَّثَ مُصْحَفاً  أَو تَرَكَ وَلَداً يَسْتَغْفِرُ لَهُ بَعْدَ مَوتِهِ" رواه الإمام البزّار

ya’ni: Anas r.a. rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Bandaga vafotidan keyin ham qabriga savobi borib turadigan yettita amal bor, ular: kim ilm o‘rgatgan yoki ariq qazib suv oqizgan yoki quduq kavlab suv chiqargan yoki xurmo (daraxt) ekkan yoki masjid qurgan yoki mus'hafni meros qoldirgan yoki vafotidan keyin uning haqiga istig‘for aytadigan farzand qoldirgan bo‘lsa” (Bazzor rivoyati).

         Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh s.a.v.:

عَن أَبيِ هُرَيرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ أَنَّ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا نَفَّسَ اللهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ يَسَّرَ اللهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ"

 (رواه الامام مسلم)

Ya’ni, “Kim bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kim hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur”, - deb marhamat qiladilar (Imom Muslim rivoyati).

Muhtaram azizlar! Poyoniga yetib borayotgan ushbu “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da muhtaram Prezidentimiz boshchiligida xalqimizning yaxshi yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, yangidan-yangi qulayliklarning barpo etilgani hamda ko‘pgina sohalarni tubdan isloh qilingani barchamizga sir emas.

- Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ro‘y berayotgan olamshumul o‘zgarishlar xalqimiz turmush tarzida tub burilish yasadi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida «Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘», degan olijanob g‘oya ustuvorlik kasb etib, davlat hokimiyati boshqaruvida mutlaqo yangi tizim – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari tashkil etildi, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimi yaratildi.

- Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jamiyatimiz hayotining barcha sohalaridagi islohotlarni harakatga keltiruvchi kuchga aylandi.

- Yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan da’vat zamiriga qurildi. Bu esa yurtdoshlarimiz qalbida aks-sado berib, barchamizni Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar etishga ruhlantirdi.

- O‘zbekistonda diniy-ekstremistik oqimlarga mansub deb hisoblangan fuqarolar mazkur ro‘yxatdan chiqarilib, jamiyatga, oilalariga qaytarildi.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi, unga asosan ko‘pgina nogironligi bo‘lgan fuqarolarimizga uy-joy va moddiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra O‘zbekistonda ilk bor sudlangan 2700 kishiga nisbatan avf qo‘llanildi.

- Diniy sohada ham ko‘pgina o‘zgarishlar amalga oshirildi, ularning eng oxirgisi va olamshumul bo‘lgan yangilik bu – muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha 15 dekabr kuni O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi Farmonni imzolashidir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi nodavlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga muassislik qiladi.

Alloh taolo yurtimizni tinch qilib, barchamizni yaxshilik va savobli amallarni bajarishga muvaffaq aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   28607   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari