Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Sabrni erimdan o‘rgandim

19.12.2017   11813   2 min.
Sabrni erimdan o‘rgandim

Olti aka-uka orasida o‘sganim uchunmi, fe’lim sal qattiqroq. Shu bois umr yo‘ldoshim bir so‘zli, boshqalar undan hayiqadigan odam bo‘lishini istardim. Taqdirni qarangki, erim juda yuvosh chiqdi. Ba’zan onamga: “Shunaqa ham bo‘shang bo‘ladimi, baqirib-chaqirsa ham, aytganini qildirsa mayli edi...” derdim. Onam esa: “O‘tni o‘t o‘chirmaydi, bolam. Bir yaxshiligi bor, Xudoyim shu taqdirni ravo ko‘rgan...” derdi.

Aslida erimning ro‘zg‘or tebratishi, ehtiyojlarimni ta’minlashidan shikoyatim yo‘q. Faqat unda shiddat, jur’at yetishmayotgandek tuyulardi. Asabiylashsam, bosiqlik bilan: “Arzimas narsa uchun bunchalik g‘azablanishing yaxshimas”, deb qo‘yardi. Og‘ir-vazminligidan battar achchig‘im kelardi. Bir qizli bo‘ldik. Kunlarning birida yana yo‘q narsadan janjal chiqardim va bu safar erimning jahlini chiqarishga erishdim. Shunda ham baqirmadi, bir oz ovozini ko‘tarib: “Aytganim-aytgan, deganim-degan bo‘lishi mumkin. Ammo bu ishim bilan birovga zulm qilib qo‘yishdan qo‘rqaman”, dedi. Keyin menga gapirmay qo‘ydi. Bir kun o‘tdi, ikki kun... erimdan sas-sado yo‘q. O‘zim gapirib ketaveray desam, g‘urur yo‘l qo‘ymasdi, buning ustiga hayiqib qolgan edim. Yuragim siqildi. Taskin axtarib, erim o‘qib yuradigan kitoblarni bir-bir varaqlashga tushdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va oilalari haqidagi ibratli kitobni o‘qiy boshladim. Kitobda bayon etilgan voqeada er-xotin bir-birining fe’lida zaiflik ko‘rsa, qanday yo‘l tutishi zarurligi ko‘rsatilgan, kishining imon-e’tiqodi, taqvosi muhim, ba’zi kamchiliklariga esa Alloh uchun sabr qilinishi aytilgan edi.

Betdan-betga o‘tarkanman, yomon fe’lim bor bo‘yi bilan namoyon bo‘lardi. Demak, men endi o‘qiyotganlarni erim oldindan bilgan ekan... Men-chi?.. U mening xarxashalarimga sabr qilishi uchun taqvo, imon-e’tiqodga egamidim? Erim ko‘nglimni mehr-muhabbat bilan yumshatishga harakat qilardi. Men erimning bosiqligini, halimligini bo‘sh-bayovlikka yo‘yibman. Ko‘z yoshlarim yuzimni yuvdi. “Alloh qalbingni ochsin, ko‘nglingga solsin...”  Erim menga ko‘p bor shunday derdi. Bu duoning hikmatini o‘sha lahzalarda tushundim. Necha kundan beri ichimni kemirayotgan “Endi kechirmaydi”, degan qo‘rquv tarqadi. Chunki bir necha betnigina o‘qiganimda, ko‘nglimni yumshatgan bunday kitoblar erimning necha yillik yo‘ldoshlaridir...

O‘sha kungi iqrorim erimni juda xursand qildi. Shu zaylda u kishidan kengfe’llikni, sabr qilishni o‘rgandim. Biz uchun kimda yoki nimada yaxshilik borligini Alloh taolo biladi.

ANBARXON

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom institutida Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

17.09.2026   12808   1 min.
Toshkent islom institutida Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2026-2027 o‘quv yilining 1-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov boshqardi.


Majlisda muassasaning yangi o‘quv yilidagi faoliyatiga oid quyidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi:
 

  • Institut Kengashi, tarkibiy bo‘limlar va kafedralarning 2026-2027 o‘quv yiliga mo‘ljallangan yillik rejalari hamda o‘tgan o‘quv yilidagi buyruqlar va murojaatlar ijrosi tahlil qilindi.
     

  • Bitiruv malakaviy ishlari mavzulari tasdiqlanib, ilmiy rahbarlar biriktirildi; fan oyliklari, to‘garaklar tashkil etish hamda yangi o‘quv qo‘llanmalarini nashrga tavsiya etish masalalari hal etildi.
     

  • Talabalar turar joyi to‘lovlari, ichki tartib-qoidalar va professor-o‘qituvchilar navbatchiligi tasdiqlandi.
     

  • Ta’lim tizimida ilk bor “Faxriy doktor”, “Faxriy professor”, “Faxriy dots.nt”, “Faxriy ustoz” va “Faxriy talaba” maqomlarini ta’sis etish, tegishli nizom hamda ko‘krak nishonlari eskizlari ma’qullandi.
     

  • Institutning 55 yillik yubileyini keng nishonlash rejasi, muassasani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish tayyorgarligi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi ko‘rib chiqildi.


Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Toshkent islom institutida Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi Toshkent islom institutida Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi Toshkent islom institutida Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi Toshkent islom institutida Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari