Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Dekabr, 2025   |   1 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:45
Peshin
12:26
Asr
15:16
Shom
17:01
Xufton
18:20
Bismillah
21 Dekabr, 2025, 1 Rajab, 1447

“Beshak biling dunyo barcha eldan o‘taro”

18.12.2017   13215   3 min.
“Beshak biling dunyo barcha eldan o‘taro”

Vaqtning mohiyati nimada? degan savolga hikmat ahli shunday zarbulmasal orqali javob beradi. Vaqt go‘yo hayot kiyimi to‘qiladigan iplar bo‘lib, uning pishiq va nafisligiga qarab hayot aziz va bebaho bo‘ladi. Agar iplar yomon va to‘zigan bo‘lsa – hayot ham parishon, bema’no va mazmunsiz bo‘ladi.

Vaqt – bebaho narsa, u o‘tib ketsa, qaytib kelmaydi. Inson hayotining har bir lahzasidan unumli va barakali foydalanib, uni yaxshi amallar qilishga sarflashi lozim. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, mol-dunyosini qayerdan topib nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani”.

Hasan Basriy rahmatullohi alayhi aytadilar: “Har kun tong yorishganda Alloh taolo tomonidan bir jarchi: “Ey Odam bolasi! Men yangi kunman. Sening barcha amalingga guvohman. Mendan bu kunda solih amallar qilib, foydalanib qol, chunki men to qiyomatgacha senga qaytmayman.

“Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku!…” Fotir surasining ushbu oyatida inson aziz umrini, vaqtini g‘animat bilishi lozimligi eslatilmoqda.

Ulug‘ ajdodlarimiz vaqtlarini foydali ish qilishga, go‘zal ahloqiy va ilmiy darajalarga yetishish yo‘lida sarf qilishga intilishgan. Shuning uchun ham ularning buguni oldingi kunidan, ertasi bugunidan yaxshi bo‘lgan. Ular: “Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang, u seni kesadi”,  degan maqol mazmuniga amal qilishgan.

Har birimiz o‘tayotgan umrimizdan ibrat olaylik. Bu kecha va kunduzlar yangilarni eskirtiradi, uzoqlarni yaqin qiladi, umrlarni qisqartiradi, yoshlarni qaritadi, keksalarni foniylik sari yetaklaydi. Hukamolardan biri shunday deydi: “Kim kunini bekorga o‘tkazsa, bir yaxshi amalni qilmasa, insonlarga chiroyli so‘z yoki yaxshi muomala qilmasa, bir ilmu-ma’rifat hosil qilmasa, u kuniga jabr qilib, o‘ziga zulm qilibdi”.

Albatta, bunda (uyg‘oq) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir”. (Qof surasi, 37-oyat)

Har bir inson, u kim va qanday mavqega ega bo‘lmasin, ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz, aziz farzandlarimiz oltindan qimmat vaqtlarini g‘animat bilishi va undan unumli foydalanishi lozim. Buning uchun har bir kishi hayotining mazmun-mohiyati va undagi mas’uliyat, vazifasini chuqur anglab olishi maqsadga muvofiqdir. O‘lim haq, qachon bizga yo‘liqishi faqat Yaratgan Allohga ayon. Bu kunimiz so‘ngisi, qilayotgan amalimiz oxirgisi bo‘lishi mumkin. 

Beshak biling bu dunyo barcha eldan o‘taro,
Inonmag‘il molingga, bir kun qo‘ldan ketaro.
Ota-ona, qarindosh qayon ketdi fikr qil
To‘rt oyoqlik cho‘bim ot bir kun senga yetaro.

Dunyo uchun g‘am yema, Haqdin o‘zgani dema,
O‘zgalar molin yema, Sirot uzra tutaro.
Ahli ayol, qarindosh, hech kim bo‘lmaydi yo‘ldosh,
Mardona bo‘l g‘arib bosh, Umring yeldek o‘taro.

Qul Hoja Ahmad toat qil, umring bilmam necha yil,
Asling bilsang qaro gil, yana gilga ketaro.

Botir NOSIROV,

Xovos tumani «Husnobod» masjidi imom-xatibi

 

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh taolo makondan pok Zot

18.12.2025   3209   2 min.
Alloh taolo makondan pok Zot

Ahli sunna valjamoa aqidasiga ko‘ra Alloh taolo makondan pok deb e’tiqod qilinadi. Bu borada ahli sunna valjamoa imomlaridan naql qilingan ayrim jumlalar bilan tanishib olishimiz maqsadga muvofiqdir:

 

1. Hijriy 285 yilda vafot etgan Muhammad ibn Yazid al-Mubarrid "Al-Komil fil-lug‘oti val-adab" asarida keltirishicha, Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga bir kishi dedi: "Robbimiz osmonlar va yerni yaratishidan oldin qayerda edi?" Shunda Aliy roziyallohu anhu: "Qayerda? degan so‘z makon haqidagi so‘roqdir. Vaholanki, Alloh taolo makon mavjud bo‘lmaganda ham bor edi", dedilar.

2. Abu Muti’ al-Balxiy "Al-Fiqhul absat" kitobida aytadi: "Alloh taolo qayerda? deyilsa, nima deb javob berasiz? dedim. Shunda u zot (ya’ni, ustozim Abu Hanifa rohimahulloh): "Bunday savol bergan kishiga, Alloh taolo makon yo‘qligida ham bor edi, maxluqotlarni yaratishidan oldin ham U bor edi. Na qayer, na biror maxluq, na biror narsa vujudga kelmaganida ham Alloh taolo mavjud edi. U barcha narsaning yaratuvchisidir, deyiladi", dedilar".

3. Abu Hanifa rohimahulloh "Al-Olim val-muta’allim" kitobining xutbasida aytadilar: "U (ya’ni, Alloh taolo) azalda ham shunday bo‘lgan (ya’ni, barcha komillik sifatlari bilan sifatlanib, barcha aybu nuqsonlardan pok bo‘lgan). U hamisha azalda bo‘lganidek bo‘lib qoladi".

4. Imom Moturidiy rohimahulloh "Kitob at-tavhid" asarida aytadilar: "Bu borada asl qoida shuki, makon yo‘qligida ham Alloh taolo bor edi.Makonlarning yo‘qolishi ham, hozirgidek qolishi ham joiz. Alloh taolo esa (olamni, xususan, makonlarni yaratganidan keyin ham) azaliy sifatlariga ko‘radir, azalda ham hozirda (biz Alloh taoloni unga ko‘ra tanigan) sifatlariga ko‘ra bo‘lgan. U o‘zgarishdan, zavolga uchrashdan, muhollik va botillikdan oliydir. Zero, bular (ya’ni, o‘zgarish va zavolga uchrash) olamning keyin paydo bo‘lganligi u orqali bilingan yaratilganlik belgilaridir".

5. Imom Moturidiy rohimahulloh "Ta’vilot al-Qur’on" asarida aytadilar: "Balki, makon yo‘qligida ham U (Alloh taolo) bor edi. Bas, U azaliy sifatlariga ko‘radir, U muhollik va o‘zgarishdan oliydir".

Alloh taolo barchamizni O‘zi haqidagi to‘g‘ri e’tiqodda sobit qadam qilsin!

Mir Arab oliy madrasasi katta o‘qituvchisi

Asrorxon Mahmudov tayyorladi

MAQOLA