Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollari va boshqa oila a’zolariga iltifot ko‘rsatar, mehr-muhabbat bilan muomala qilar va ba’zida hazillashib ham turar edilar. Boshqalarga ham ahli oilasiga go‘zal munosabatda bo‘lish lozimligini uqtirardilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning «Sizlarning yaxshilaringiz – ahliga yaxshilaringizdir. Men ahliga muomala qilishda sizlarning eng yaxshingizman» va «Mo‘minlarning iymoni komilrog‘i va xulqi yaxshirog‘i – ahliga iltifotlisidir» degan so‘zlari ham buni tasdiqlaydi.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyda yolg‘iz qolganlarida qanday bo‘lar edilar?» deb so‘rashdi. Oisha roziyallohu anho: «Tabassumli va xushchaqchak bo‘lar edilar», deb javob berdilar.
Ahli oilalariga chiroyli munosabat masalasiga doir yana bir misolni Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisdan bilib olish mumkin:
Oisha roziyallohu anho qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirgan edilar, huzurlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirdilar. Qo‘g‘irchoqlarning orasida ot ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, bu nima?» dedilar. Oisha roziyallohu anho: «Sulaymonning oti», degan edilar, u zot Oisha roziyallohu anhoning gaplariga kulib qo‘ydilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam men bilan yugurishda musobaqalashdilar. Men u zotdan o‘zib ketdim. Bu to‘lishishimdan oldin edi. To‘lishganimdan so‘ng Rasululloh solllallohu alayhi vasallam mendan o‘zib ketdilar. Shunda u zot: «Bir-u bir», dedilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uy yumushlarida ahli oilalariga qarashar, iltifot ko‘rsatib, ayollarining so‘zlarini berilib eshitar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoning o‘n bir ayol o‘z erlarining yaxshiyu yomon barcha sifatlarini bir-biriga ro‘y-rost aytib berishga ahdlashganlari haqidagi hikoyalarini e’tibor bilan eshitgan ekanlar.
Sut onalari Halima Sa’diyya va emikdosh singillari Shaymoga ham yuksak darajada hurmat-e’tibor bilan muomalada bo‘lganlar. Ana shu hurmatlari tufayli ham ularning qabilasi bo‘lmish Banu Sa’d ahliga olijanoblik bilan muomala qilganlar.
Payg‘ambar alayhissalom olijanob zot
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biron kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quloqlariga shivirlaganini, ya’ni maxfiy gapirganini ko‘rmaganman. U zot muborak boshlarini undan (so‘zlovchidan) uzoq tutar, u kishi ham boshini uzoq qilar edi».[1]
Xorija ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Agar dunyo haqida gap ketsa, biz bilan qo‘shilib, dunyoni zikr qilar edilar. Oxiratni eslasak, biz bilan qo‘shilib, oxiratni eslar edilar. Taom haqida gaplashsak, bizga qo‘shilib, taom haqida gapirardilar».[5]
Yana bir kuni bir kampir u zot sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni jannatga kirgizsin», dedi. U zot: «Ey falonchining onasi, jannatga kampirlar kirmaydi-ku», dedilar. Kampir yig‘lab, qaytib ketdi. U zot: «Unga aytinglar, u jannatga kampir holida kirmaydi. Chunki Alloh taolo (jannatga kiradigan ayollar haqida) «(Ular) jozibali va tengqurdirlar», degan», dedilar. Buni eshitgan kampir xursand bo‘lib ketdi. (Voqea surasi, 37-oyat)
Ummu Dardo roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Abu Dardo biror gap gapirsa, tabassum qilar edi. Men unga: «Siz gapirganingizda odamlar sizni ahmoq deb o‘ylamaydimi?» dedim. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning biror so‘z gapirganlarini eshitgan yoki ko‘rgan bo‘lsam, albatta tabassum qilar edilar», dedi». Abu Dardo roziyallohu anhu biror so‘z gapirsalar, bu borada ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib tabassum qilib qo‘yar edi.
Muhammad Hasaniyning “Ikki olam sarvari” kitobidan
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchsisi
Baratov G‘iyosiddin tarjima qildi.
[1] Abu Dovud rivoyati.
[2] Tabaroniy rivoyati.
[3] Bazzor va Tabaroniylar rivoyati.
[4] Imom Termiziy rivoyati.
[5] Askariy rivoyati.
Islom so‘zining ma’nolaridan biri tinchlikdir. Musulmonlar o‘zaro bir-birlari bilan ushbu so‘z orqali salomlashadilar, namoz vaqtida mo‘min banda aytadigan eng oxirgi kalom ham, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri, jannatning nomlaridan biri ham “As-Salom” – tinchlikdir.
Tinchlik, adolat, erkinlik, hikmat borasida ko‘plab oyatlar bor.
Qur’oni karim har bir insonga e’tiqod erkinligini kafolatlaydi. “Sizlarning diningiz o‘zlaringiz uchun, mening dinim o‘zim uchundir” (“Kafirun” surasi, 6-oyat).
E’tiqodni yoyishda zo‘rlik o‘tkazish ta’qiqlangan. “Dinda zo‘rlash yo‘q” (“Baqara” surasi, 256-oyat).
Aqlga mos, dalil-isbotli, hayotga tatbiq etiladigan yondoshuv orqali, har bir insonning aqliy darajasi va holatini hisobga olib, qalbga ta’sir qiluvchi, muloyim uslubda, agar bahs va munozara bo‘lsa, xushmuomala, adolatli va madaniyatli tarzda fikr almashish, da’vat etiladi.
“Parvardigoringizning yo‘li – diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal yo‘lda mujodala, munozara qiling! (“Nahl” surasi, 125-oyat).
Har bir insonga, dini, millati va irqiga qaramasdan, adolat bilan munosabatda bo‘lish, dushmanlik qilmagan bo‘lsa, yaxshilik qilish, ehtirom ko‘rsatish Islom ta’limotlaridandir.
“Alloh sizlarni dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan – ularga yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizda qaytarmas. Albatta Alloh adolat qilguvchilarni sevar” (“Mumtahana” surasi, 8-oyat).
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar