Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Alloh taoloning fazli bilan Islom ne’matiga erishdi. U zot butun vujudi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rar, qalbi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muhabbatiga limmo-lim to‘la edi. Bu muhabbat Ibn Umar roziyallohu anhuni barcha ishlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘xshashga chorlardi. Shuning uchun, u doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuzatib, so‘zlarini ixlosu muhabbat bilan tinglardi. Hatto masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday ruku va sajda qilib namoz o‘qisalar, u ham xuddi shunday ibodat qilardi.
Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p hadislar rivoyat qilgan. Uning hadis rivoyat qilishda asosiy mezoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qanday eshitgan bo‘lsa shunday yetkazish edi. U zot alayhissalomning so‘zlariga biror so‘zni qo‘shmasdi. Shuningdek, biror kalimani kamaytirmas edi. Ibn Umar roziyallohu anhu vaqt o‘tishi bilan hadis rivoyat qilishda sahobiylarning omonatdorlaridan biriga aylandilar.
Zubayr rahimahulloh aytadi: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima eshitsa, uni yodlab olardi. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning biror suhbatlarida qatnasha olmasa, guvoh bo‘lganlardan so‘rar edi. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borgan masjidlarni ziyorat qilib, u yerda ikki rakat namoz o‘qirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haj mavsumida Arofat tog‘ida turgan joyga Abdulloh roziyallohu anhu ham, albatta, to‘xtardi”.
Nabiy alayhissalom safarga chiqqan paytda, hordiq chiqargan joylarda Ibn Umar roziyallohu anhu ham to‘xtab o‘tardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soyalangan daraxtning ostida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu to‘xtar va o‘sha daraxtga suv quyib parvarish qilib ketardi. Natijada daraxt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldidan o‘tgan paytdagidek uzoq vaqt yashnab turardi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu duo qilishda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taqlid qilardi. Agar u zot (alayhissalom) turib duo qilsalar, tik turar, o‘tirib iltijo qilsalar o‘tirib duo qilardi.
Abdulloh roziyallohu anhu doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan ergashar edi. Bundan Oysha roziyallohu anho qattiq ta’sirlanib bunday degan ekan: “Biror kishi Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dek Nabiy (alayhissalom)ning ortlaridan ergashgan emas”.
Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yod etib, so‘z boshlasa ko‘zlari yoshga to‘lardi. Ahli baytning uylarini oldidan o‘tsa, ko‘zlarini yumib olardi. Darhaqiqat u zot roziyallohu anhu butun umri davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevib yashadi. U zot alayhissalom hayotlik paytlarida sadoqat bilan xizmat qildi. Bir mo‘min bunday duo qilardi: “Yo Allohim! Men Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga ergashishim uchun, uning umrini uzun qilgin. Zero, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudek amallarni mukammal bajaradigan boshqa odamni bilmayman”.
Manbalar asosida
Zomin tumani “Xo‘ja Ro‘shnoiy”
jome masjidi imom-xatibi
Abdulg‘ofur MAMATQULOV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hikoya qilishlaricha, Abu Yazid Bastomiy ilm talab qilish uchun Bog‘dodga bormoqchi bo‘ldilar. Onalari u kishiga qirq dinor berdilar. U pullar u zotga otalaridan meros qolgan edi. Onalari o‘g‘illariga: «Qo‘lingni qo‘lim ustiga qo‘y va menga rostgo‘ylikni lozim tutib, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka so‘z ber!» dedilar. U kishi onalariga mazkur ishlar yuzasidan so‘z berdi. Bog‘dodga boradigan karvon bilan birga yo‘lga chiqdilar.
Yo‘lda borishar ekan, to‘satdan ro‘paralaridan yo‘lto‘sar qaroqchilar chiqib, karvondagi hamma narsani talay boshladi. Bastomiyning ustilardagi juldur kiyimni ko‘rib, u kishidan: «Senda ham biror narsa bormi?» deb so‘rashdi. U zot: «Ha, menda qirq dinor bor» deb javob berdilar. Qaroqchilar u kishining gaplarini eshitib, masxara qildilar, ahmoq deb o‘ylab, u zotni tark etdilar.
Keyin ular g‘orga, ya’ni o‘zlarining qarorgohlariga qaytdilar. U yerda ularning kattalari bor bo‘lib, karvondan talab olingan narsalarni kutib o‘tirgan edi. Ularni ko‘rgach: «Karvondagi hamma narsani oldinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, oldik. Ammo bir yigit bundan mustasno. Biz undan nimasi borligini so‘radik. U: «Menda qirq dinor bor» dedi. Biz uning qilgan ishiga e’tibor bermay, uni tark etdik. Chunki, biz uni aqli zaif deb o‘yladik» deb javob berishdi.
Shunda boshliqlari: «Uni darhol huzurimga olib kelinglar!» deb buyurdi.
Bastomiy o‘g‘rilar boshlig‘ining oldiga kelgach, boshliq u zotdan: «Senda biror narsa bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Ha, yonimda qirq dinor bor» deb javob berdilar. O‘g‘rilar boshlig‘i hayron bo‘lib: «Qayerda u?» dedi. Bastomiy yonlaridan pullarni chiqarib, o‘g‘rilar boshlig‘iga berdilar. Buni ko‘rgan boshliq: «Sen majnunmisan, ey yigit? Nega pullaring borligini aytib, ularni o‘z ixtiyoring bilan beryapsan?» deb so‘radi.
Shunda u zot: «Men o‘z shahrimdan chiqmoqchi bo‘lganimda, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka onamga so‘z berganman, ahdlashganman. Shuning uchun onamga bergan ahdimni buzmayman» deb javob berdilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘rilar boshlig‘i: «Laa havla va laa quvvata illa billah». Sen onangga bergan ahdingga xiyonat qilishdan qo‘rqyapsan-u, biz esa, Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilishdan qo‘rqmaymizmi?» dedi.
Keyin qaroqchilar boshlig‘i karvondan olingan barcha mol-mulklarni qaytarib berishga amr qildi va: «Ey yigit, men sening oldingda, sen sababli tavba qilaman» dedi. Bu gapni eshitgan barcha o‘g‘rilar: «Siz bizni yo‘lto‘sarlikda boshlig‘imiz edingiz. Bugun esa, tavbada bizning boshlig‘imiz, kattamizsiz. Biz ham barchamiz Allohga tavba qildik» dedilar. Hammalari qilgan xatolari uchun tavba qildilar, tavbalari go‘zal bo‘ldi.