RamazonoyidayurtimizgaAllohtaoloningrahmatiyog'ildi. Mo'min-musulmonlarsubhidamdasaharlikdasturxonidanturibibodatgakirishdi. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib,
qalb rohati – taroveh namozini ado etishdi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi.
Allohga behisob shukr, bu yilgi Ramazon kunlari va tunlari juda fayzli va maroqli o'tdi. Ayniqsa, bu mohi sharifning muborak ayyomlarini g'animat bilib, qo'ldan kelganicha ro'za tutib, nafs tarbiyasi bilan mashg'ul bo'ldik. Hadisi sharifga amal qilib, tilni yolg'on, g'iybat va behuda gaplardan tiyish, tana a'zolarini turli gunoh va ma'siyatlardan saqlashga harakat qildik. Qutlug' oyda 1,5 mingdan ortiq jomeda Qur'oni karim xatm qilindi. Muxlis xalqimiz Haq taolo Kalomiga some' bo'ldi. Ulamolarimiz va imom-xatiblarimiz namozxonlarga bu oyda ko'proq va'z-nasihatlar qilishdi. Bunday saodat Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar mevasidir, desak, ayni haqiqatdir.
Joriy Ramazon oyi xalqimiz uchun esda qolarli va mehr-muruvvat, xayru saxovatga boy o'tdi. Yurtimiz bo'ylab har bir mahallada muhtoj oilalar va beva-bechoralar, etimlar holidan xabar olinib, ularga iftorlik dasturxonlari yozildi, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bunday ezgu ishlardan yana biri Yurtboshimizning g'amxo'rligi va qo'llab-quvvatlovi bilan kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan, ehtiyojmand oilalar hamda nogironligi bo'lgan shaxslarning 1400 nafari umra ziyoratini ado etib qaytdilar. Bu yaxshiliklar qatorida hududlarda o'nlab masjidlar yangidan ish boshlagani minglab namozxonlarning quvonchiga sabab bo'ldi.
Albatta, bunday ulug' ne'matlarning qadriga etib, dinimiz ravnaqi yo'lida qilinayotgan ishlarni Alloh taoloning ulug' marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.
Hayit kunlari mahallalar, xonadonlar toza-ozoda holga keltiriladi. Qarindosh-urug'lar, etimlar, bevalar, keksa va imkoniyati cheklangan insonlar, bemorlar holidan yana bir karra xabar olinib, ularning ko'nglini ko'tarish, og'irini engil qilishga ko'mak lashiladi.
Ramazon hayitini dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o'tkazadi. Ushbu kun Yaratgan egamning rahmati Yer yuziga yog'iladigan, qalblar zavqlanadigan, ro'zadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursat.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir qavmning o'z bayrami bor, bu – Iyd kuni bizning bayramimizdir”, deb marhamat qilganlar.
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh “Fathul Boriy” asarida shunday degan: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”.
Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar, U zotning bandalariga ko'rsatgan rahmatu mag'firati tufayli xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabatdir. Alloh taolo o'z Kalomida: “Allohning fazli va rahmati ila. Ana shu bilan xursand bo'lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”, deb marhamat qilgan (Yunus surasi, 58-oyat).
Allohning fazlidan xursand bo'lish ham U zotga qurbat sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal mo'minning qalbiga xursandchilik kirgizishdir”(Imom Buxoriy rivoyati), deganlar.
Har bir mo'min-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam baxtu saodatdir. Ramazon oyida har kungi saharlik va iftor paytlarida ommaviy axborot vositalari, xususan, radio va televideniye kanallari orqali ulamolarimizning chiqishlari muntazam berib borilgani xalqimiz ma'naviyati, ma'rifati yo'lida har qanday ulug'vor tadbirdan ham ko'ra samaraliroq ta'sirga ega bo'ldi, desam aslo yanglishmagan bo'laman.
Albatta, o'zagini “adab” tushunchasi tashkil etadigan adabiyot namoyandalari – yuksak adab sohiblarining tafakkuridan, qalb qo'ridan dunyo ga kelgan asarlar ham xalqimiz milliy tafakkuri yuksalishida nechog'li ahamiyatga molik ekanini inkor etib bo'lmaydi.
O'zbek ziyolilarining, tafakkur sohiblarining minbari bo'lib kelgan “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi diniy yo'nalishlarga endi-endi izn berilayotgan kezlarda ham Islom ma'rifatiga xizmat qiladigan maqolalarga bag'rikenglik va dadillik bilan joy berganini, diniy ulamolarimiz bilan suhbatlar uyushtirilganini barchamiz yaxshi eslaymiz. Muborak hadislarni satrlarga solgan she'riyat mulki sultoni Alisher Navoiy bobomizning e'tiqodu iymonda sobitligi ham barchamizga o'rnak ekanini inobatga oladigan bo'lsak, milliy adabiyotimizning Islom ma'naviyati, ma'rifati yo'lidagi beqiyos xizmatlarini tasavvur etish qiyin emas. Ul zotning “Nazm ul-javohir” asarining “Bismillohir rahmonir rahim” kalomi
bilan boshlangan “Muqadimma”sida Alloh yaratgan narsalarning qadr-qimmati haqida ajoyib bir ruboiy bor :
Bir zarrani mehri
zarfishon vasf etmish,
Bir qatrani bahri
bekanor vasf etmish,
Bir xastani Isoyi
zamon vasf etmish,
Bir bandasini shohi jahon
vasf etmish.
Ko'rinadiki, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan xalq manfaati, inson qadri tushunchalari ildizlari muqaddas dinimiz orqali ulug' ajdodlarimiz qarashlarida ham o'z aksini topgan ekan. Har bir inson o'z kamoloti yo'lida sa'y qilsa, uni albatta, “shohi jahon vasf etadi”. Ramazon oyi zahmatlari shu yo'lda qalbimizga baxsh etgan farog'atlar barchamizga muborak bo'lsin.
Ha, Ramazon bayrami iymon halovati, ibodat va duo-istig'for bayrami. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlarga to'planib, Iyd namozini jamoat bilan o'qiydi. So'ng duolar qilib, o'tganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladi.
Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!
Nuriddin HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy
“O'zbekiston adabiyoti va san'ati”
gazetasining 2023-yil 21-aprel, 15-sonidan olindi.
Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!
Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!
Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!
Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!
Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!
Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!
Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].
Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].
Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun rozi bo‘lur...»[4].
Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.
Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: “Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].
Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 152-oyat.
[2] Niso surasi, 147-oyat.
[3] Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4] Zumar surasi, 7-oyat.
[5] Ibn Hibbon rivoyati.
[6] Imom Buxoriy rivoyati.
[7] Imom Tabaroniy rivoyati.