Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning boqiy dunyoga ko‘chishlari va o‘sha kunning yaqinlashganiga bir necha oyatlar orqali ishora qilingan edi. Biroq sahobai kiromlar vidolashuv onlarining yaqin qolganini bilsalar-da, Payg‘ambarimizga qattiq muhabbatlari bois, bunday musibatni aqllariga, tasavvurlariga sig‘dira olmas edilar. Lekin, Muhammad alayhissalom ham o‘zlari aytganlaridek, Alloh taoloning bandasi edilar.
Safar oyining oxirlari edi. Rasululoh sollallohu alayhi vasallam to‘satdan kasallanib qoldilar. Bu bemorlik o‘n uch kun davom etdi. Nihoyat, vido kuni eshik qoqdi. Imom Bayhaqiyning Ja’fari Sodiq roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha: “Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning betobliklari ziyoda bo‘lib, foniy dunyodagi umrlaridan uch kun qolganda huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib:
– Ey, birodarim Muhammad, Alloh taolo hurmatingiz uchun meni yubordi. Ahvolingizni bilib turgan bo‘lsa-da: “Habibim qanday?” deb so‘radi. Holingiz yaxshimi, yo payg‘ambarlar sayyidi? – dedilar.
– Mashaqqatda, g‘am-qayg‘udaman, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
Jabroil alayhissalom ikkinchi va uchinchi kunlari ham kelib sarvari olamdan hol-ahvol so‘radi. Payg‘ambarimiz bu kunlarda ham avvalgi javobni berdilar. Jabroil alayhissalom dushanba kuni kelganlarida:
– Yo, Ahmad, mana, Azroil keldi, u ostonada turibdi, kirishga ijozat so‘raydi, ilgari hech kimdan ruxsat so‘ragan emas, bundan keyin ham hech kimdan izn so‘ramaydi, – dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruxsat bergach, Azroil alayhissalom kirib aytdilarki:
– Ey, Muhammad, Alloh taolo meni sizning xizmatingizga yubordi. Nimani buyursangiz shuni qilaman, muborak joningizni olishga amr etsangiz olaman, yo‘qsa qaytib ketaman.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroilga qaradilar. Ruhul Amin aytdilarki:
– Ey, Muhammad, Alloh taolo sizga mushtoqdir.
Rabbining mushtoqligini anglagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarshisida turgan Azroil alayhissalomga yuzlanib:
– Yo, Azroil, o‘z ishingizga mashg‘ul bo‘ling! – dedilar.
Shunda Jabroil alayhissalom:
– Yo, Xotamul anbiyo, dunyodan mening hojatim siz edingiz. Yer yuziga vahiy kelishi sizdin keyin to‘xtaydi, eng so‘nggi vahiy mana shuldir, — dedilar.
Bu voqea milodiy 632 yilning 11 iyunida, dushanba kuni ro‘y bergan edi. Risolatpanoh Payg‘ambarimizning ruxsatlariga ko‘ra Azroil alayhissalom o‘z ishiga mashg‘ul bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ahvollari og‘irlashdi. Shunda Payg‘ambarimiz: ”Yo, Azroil, shu daqiqadan qiyomatga qadar ummatlarimning jon berish azobi qancha bo‘lsa, shu qattiqlikning barchasini menga yuklagil. Toki, ummatlarim jon berish azobidan qutulsinlar”, dedilar. Buni eshitgan Malak ul mavt aytdilarki: ”Yo, Rasulalloh, men sizning boshingizda o‘tirgandan keyin Alloh taolodan yetmish marotaba do‘stim Muhammadning jonini osonlik bilan olgin, boshqalarnikidek olmagin, degan farmon keldi”.
“Qisasi Rabg‘uziy”da bayon qilinishicha, Payg‘ambarimizning jonlari bo‘g‘izlariga kelganda Jabroil alayhissalom yetmish ming farishta bilan yig‘lab kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetti osmon farishtalari aza tutayotganini, jannatlar eshigi ochilib, hurlar yuzlaridan niqoblarini ko‘tarib, qo‘llarida nurdan bo‘lgan jomlar olib, Payg‘ambarimizning qutlug‘ jonlariga nazzora qilamiz, deb turganlarining xabarini yetkazadi.
Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Ruhul Amindan Alloh taolo amali kam ummatlari bilan qanday muomala qilishini so‘radilar. Jabroil alayhissalom yana ko‘kka chiqib ketadilar-da, qaytib kelib bu xabarni yetkazdilar:
– Ey, Muhammad, Haq taolo aytdiki: “Xotirjam bo‘l. Muso qo‘lidagi asosini otib barcha kofirlarni, sehr va tug‘yonlarni yo‘q qilgani kabi sening bir og‘iz so‘zing bilan barcha osiy ummatlaringning daftarlarini rahmat suvi bilan yuvib poklagayman”.
Payg‘ambarimizning foniy dunyodan boqiy dunyoga ko‘chishlari musulmonlarni qattiq qayg‘uga soldi. Ularning aqli boshidan uchib, holi parishon bo‘ldi. Bir zumda Madina shahri qayg‘uga to‘lib ketdi. Judolikka dosh berolmagan Abdulloh ibn Unays o‘sha zahoti jon taslim qildi. Hazrati Umar (r.a.) hushini yo‘qotdi, qilichini yalang‘ochlab: ”Rasululloh o‘lgani yo‘q, kim uni o‘ldi desa, chopib tashlayman”, deb yugurar edilar. Ana shunday qayg‘uli bir paytda hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu matonat ko‘rsatdilar. Alloh taolo u kishining ko‘ngliga ajib bir xotirjamlik berdi. U zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan vidolashganlaridan keyin tashqaridagi shovqin-suronni eshitib, minbarga chiqdilar-da, Alloh subhonahu taologa hamdu sano, Payg‘ambarimizga durudu salovotlar aytib, so‘ngra bir va’z o‘qidilar:
– Ey, odamlar! Kimki Muhammadga ibodat qilib, uning bandasi bo‘lsa, bilsinki, Muhammad o‘ldi. Agar Allohga ibodat qilib, Allohning bandasi bo‘lsa, Alloh o‘lgani yo‘q, u doim tirikdir. Alloh taolo +ur’oni karimda marhamat qilgan:
“Muhammad faqat bir payg‘ambar, xolos. Undan ilgari ham payg‘ambarlar o‘tgandir. Bas, agar u (ya’ni Muhammad alayhissalom) vafot qilsa yoki o‘ldirilsa, yana orqalaringga qaytib kofir bo‘lasizlarmi? Kim dinidan qaytar ekan, uning ziyoni o‘ziga bo‘ladi. Allohga zarar yetkaza olmaydi. Alloh esa (yo‘llaridan qaytmay) shukr qilguvchi bandalarini munosib mukofotlaydi” (“Oli Imron” surasi, 144-oyat).
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ana shu oyati karima va payg‘ambarimizning boqiy dunyoga ko‘chishlari bilan bog‘liq boshqa oyatlarni o‘qiganlaridan so‘ng dahshatga tushib, hushini yo‘qotgan kishilar biroz o‘ziga keldilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bu so‘zlarni eshitganlaridan so‘ng musibat zo‘rligidan mazkur oyatlar xayolidan faromush bo‘lib qolganini eslagani va hushiga kelib:
«Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning mulkimiz va albatta, biz Uning sari qaytuvchilarmiz» oyatini o‘qib o‘zlariga tasalli berganini aytgan ekanlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak jasadlarini dafn qilish tadorigi boshlandi.
U zot sollallohu alayhi vasallamni hazrati Ali yuvdilar. Ustidagi kiyimlarini yechishmadi. Bu sharafli ishda hazrati Abbos va u zotning o‘g‘illari Fazl va Qusam, Usoma bin Zayd hamda Payg‘ambarimizning ozod qilgan qullari Shuxron roziyallohu anhular ishtirok etdilar.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” asarida keltirilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Meni Ali yuvsin, o‘zga odam yuvmasinkim, undan boshqa kishining ko‘zi mening avratimga tushib qolsa ko‘r bo‘lib qolgay”, deb vasiyat qilgan ekanlar. Shu vasiyatga binoan Usoma bilan Fazl ko‘zlari bog‘liq holda parda ortidan hazrati Aliga suv uzatib turdilar. Hazrati Abbos va Qusam suv quyishib, o‘ng va so‘lga ag‘darishib Ali roziyallohu anhuga yordamlashdilar.
Yuvib bo‘lganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam paxtadan bo‘lgan uchta yamaniy kiyimga kafanlandi. Rasullullohga qanday kafan qilingan bo‘lsa ummatlariga ham shunday kafan qilish sunnat bo‘ldi.
Rasulullohni qayerga dafn etish masalasida yig‘ilganlarga hazrati Abu Bakr Siddiq Payg‘ambarimizning ”Alloh taolo payg‘ambar qaysi joyni yoqtirsa o‘sha joyda qabz qiladi”, deganlarini eslatdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizning hujralarida, Oisha onamizning bag‘rida jon berdilar. Shuning uchun U zoti muborak shu joyning o‘ziga dafn etildilar.
Dunyo yaralgandan beri ne-ne musibatlarning guvohi bo‘ldi. Biroq bu yorug‘ olamda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridek musibat bo‘lmagan va bundan keyin ham bo‘lmayajak. Chunki u zot qoldirgan bo‘shliq to qiyomatgacha to‘lmagay! Biroq u zotni biz mudom sog‘insak, ko‘rgimiz kelsa ne qilaylik? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu savolga javob o‘laroq aytgandilarki, mo‘minlar bilan uchrashajak joyimiz Havzi Kavsar bo‘yidadir. Alloh taolodan iltijo qilib so‘raganimiz shuki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Havzi Kavsar bo‘yida uchrashajak mo‘minlar orasida sizu biz ham bo‘laylik! Iloho, bizlarni ana shu saodatga muyassar qil!
Damin JUMAQUL
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.