Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447

Bir muallimning boshidan kechirgani

15.12.2017   5181   3 min.
Bir muallimning boshidan kechirgani

Alloh yo‘lida qilingan sadaqa va dildan chiqqan duo baloni qaytarishi, kelganini esa yengillatishi tajribadan o‘tgan haqiqat. Bu, hatto, xalqimizning e’tiqodi va maqoliga ham aylangan, sinovdan o‘tib, o‘z tasdig‘ini topgan.

Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mollaringizni zakot bilan qo‘rg‘onlang! Kasal-bemorlaringizni sadaqa bilan davolang! Baloga duoni hozirlang!” dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Biror bir kasal-bemor odam sadaqadan afzal davo bilan muolaja qilingan emas”, deganlar (Imom Tabaroniy, Imom Daylamiy rivoyati).

Aslida mo‘min-musulmonlarga hadis turganda tajribaga hojat yo‘q. Lekin imonlari Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga yanada ziyoda bo‘lishi uchun boshimdan kechirgan bir voqeani hikoya qilib beraman.

Ichaklar yarasi kasalligidan ancha bezovtalandim. Shifokorlar jarrohlik yo‘lida bilan da’volamasa bo‘lmaydi, deyishdi. Ba’zilari bir yil uzluksiz dori ichib muolaja qilish kerak desa, boshqalari “qanday qilib bu ichaklar bilan tirik yuribsiz?” deb hazil ham qilishdi.

Haqiqatan, ahvolim jiddiy, rentgen orqali tushurilgan suratdan ichak yarasi yaqqol namoyon bo‘lib turardi. Xullas, kundan-kunga zaiflik, ozish, ruhan tushkunlik ortib borardi. Qiblagohlar siqilmasin deb, bildirmadim. Oxiri ustozlardan eshitgan “...Kasal-bemorlaringizni sadaqa bilan davolang! Baloga duoni hozirlang!” hadisiga ishonch ila amal qilishga kirishdim. Tuzalsam, yaqinlarim, do‘stlarimni xursand qilaman deb, qalbimda sadaqa nazr qildim. Yaqinlarni, ustozlarni ziyorat etib, bir-ikki muhtojlarga hadya berib, ulardan astoydil, ixlos ila duo oldim. Qo‘ldan kelganicha jiyanlarimning ko‘nglini qo‘tardim.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning “Zamzam suvi nima niyatda ichilsa, shunga bo‘ladi” (Imom Doraqutniy, Imom Bayhaqiy rivoyati), degan hadislariga amal qilgan holda zam-zam suvini ixlos-e’tiqod ila ichib, u bilan ichaklar ham yuvildi. Shu bilan birga tabiiy muolajalar, damlama, tabiiy giyohlar iste’mol qilib, sunnatda ko‘rsatilganidek, parhezga rioya etdim.

Ko‘ngil xotirjam bo‘lavermagach, Toshkentga borib, mutaxassislarga uchrab, qayta rentgen va boshqa tekshiruvlardan o‘tdim. Buni qarangki, shifokordan “Ichaklaringda muammo yo‘q” degan quvonchli xabarni eshitdim. Alhamdulillah! Endi kamina nazriga vafo qilib, va’dasining ustidan chiqishi lozim! Eshitish va aytishga oson! Lekin bu tibbiy muolajaning emas, balki Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘n to‘rt asr ilgari aytgan hadislarining samarasi edi. Sizga, jonim fido, Yo Rasulalloh! Qulining sog‘lig‘ini zohirda sadaqa va duoni sababi ila tiklab, O‘z fazlu-marhamati ila qayta oyoqqa turg‘izgan Allohga hamdlar bo‘lsin!..   

 

Bahodir A’ZAMOV,

Toshkent islom instituti

“Diniy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mashinada qoldirilgan buyumlarning hukmi

04.08.2025   1090   1 min.
Mashinada qoldirilgan buyumlarning hukmi

Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.

Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.

Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.

Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.