Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetimlarni tarbiya qilish, parvarishlashga targ‘ib qilganlar va ular himoyasining haqi to‘g‘risida ham ogohlantirganlar, o‘zlari ham bu axloqi hamidaga amal qilib, yetimlar himoyasida o‘rnak bo‘lganlar.
Ummu Saiyd binti Murradan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “O‘z yetimini yoki begona yetimni kafolatiga olib, agar Allohga taqvo qilsa, men bilan jannatda mana bunday bo‘ladi” dedilar va ikki (ko‘rsatgich va o‘rta) barmoqlariga ishora qildilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonlarning uylari ichida eng yaxshisi yetimga yaxshilik qilinadigan uydir. Musulmonlarning uylari ichida eng yomoni undagi yetimga yomonlik qilinadigan uydir”, dedilar. So‘ngra ikki barmoqlariga ishora qilib: “Men va yetimning kafili jannatda mana bundaymiz” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh azza va jalla uchun bir yetimning boshini silasa, qo‘li nechta sochning ustidan o‘tsa, shuncha hasanot yoziladi. Kim o‘z huzuridagi yetim qizga yoki bolaga yaxshilik qilsa, men o‘sha odam bilan jannatda mana bunday bo‘laman” deb ikki barmoqlarini yaqinlashtirdilar (Imom Abu Dardo rivoyati).
Amr ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onadan yetim qolgan qizchani u behojat bo‘lgunicha tarbiya qilsa, unga albatta jannat vojib bo‘ladi” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun uylarning eng yaxshisi unda izzat-ikrom qilinadigan yetim bor uydir”, deganlar (Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Mulohaza qilsangiz, boshdagi sochning sanog‘i ming-minglabni tashkil etadi. Kim yetimga mehr ko‘rsatib, uning boshini silasa, o‘sha soch tolasi barobarida ajr-mukofot va’da qilinyapti. Bu albatta, yetimning boshini silaganga, ammo uning boshini silashlik bilan bir qatorda unga ta’lim-tarbiya, oziq-ovqat, kiyim-bosh, ayni paytda, boshpana bergan, umrini uning kamolga yetishiga sarf qilgan saxovatpesha insonlar oladigan ajru mukofotning hisobiga yetib bo‘lmasa kerak. Xususan, yetimparvar xonadonga berilgan bahoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan o‘qib ko‘rganingizdan keyin o‘sha xonadonga muhabbatingiz, hurmatingiz oshmay qolmaydi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodagi eng yaxshi xonadon yetimi bor xonadan deb ta’rif berdilar.
Binobarin, har bir xonadon jamiyatning ana shu qatlamiga e’tibor qaratsa, qanchalar mukofotga ega bo‘lishi hadisi sharifdan ko‘rinib turibdi. Uning xonadoni xayrli xonadonga aylanishi, o‘zi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jannatda ikki barmoq kabi yaqin bo‘lishi uning jannati ekanligining xushxabari emasmi? Axir dunyoda yaxshi amallarni qilib, jannatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan yonma-yon bo‘lishdan ko‘ra, yaxshiroq nima bor?! Bundan-da ziyodaroq yaxshilik qilish mumkinmi?
Ayni shu va’daga e’tiboran yetimga kafil bo‘lgan inson imon-ibodatlari bilan birgalikda jannati ekanining va’dasi berilyapti. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni albatta jannat eshigi oldida turib, o‘z ummatlarini chorlashlari ayni haqiqatdir.
Abdulhay TURSUNOV,
Namangan viloyati Bosh imom-xatibi.
1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.
2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.
3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.
4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.
5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.
6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.
7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.
8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.
9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.
10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.
11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.
12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay egasini ichini yondiradi.
13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.
14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.
15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin — chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.
16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.
17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.
18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.
19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV