Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

Jannatda Rasululloh bilan birga bo‘luvchi inson

14.12.2017   7850   3 min.
Jannatda Rasululloh bilan birga bo‘luvchi inson

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetimlarni tarbiya qilish, parvarishlashga targ‘ib qilganlar va ular himoyasining haqi to‘g‘risida ham ogohlantirganlar, o‘zlari ham bu axloqi hamidaga amal qilib, yetimlar himoyasida o‘rnak bo‘lganlar.

 Ummu Saiyd binti Murradan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “O‘z yetimini yoki begona yetimni kafolatiga olib, agar Allohga taqvo qilsa, men bilan jannatda mana bunday bo‘ladi” dedilar va ikki (ko‘rsatgich va o‘rta) barmoqlariga ishora qildilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonlarning uylari ichida eng yaxshisi yetimga yaxshilik qilinadigan uydir. Musulmonlarning uylari ichida eng yomoni undagi yetimga yomonlik qilinadigan uydir”, dedilar. So‘ngra ikki barmoqlariga ishora qilib: “Men va yetimning kafili jannatda mana bundaymiz” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh azza va jalla uchun bir yetimning boshini silasa, qo‘li nechta sochning ustidan o‘tsa, shuncha hasanot yoziladi. Kim o‘z huzuridagi yetim qizga yoki bolaga yaxshilik qilsa, men o‘sha odam bilan jannatda mana bunday bo‘laman” deb ikki barmoqlarini yaqinlashtirdilar (Imom Abu Dardo rivoyati).

Amr ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onadan yetim qolgan qizchani u behojat bo‘lgunicha tarbiya qilsa, unga albatta jannat vojib bo‘ladi” dedilar  (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun uylarning eng yaxshisi unda izzat-ikrom qilinadigan yetim bor uydir”, deganlar (Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy rivoyati).

Mulohaza qilsangiz, boshdagi sochning sanog‘i ming-minglabni tashkil etadi. Kim yetimga mehr ko‘rsatib, uning boshini silasa, o‘sha soch tolasi barobarida ajr-mukofot va’da qilinyapti. Bu albatta, yetimning boshini silaganga, ammo uning boshini silashlik bilan bir qatorda unga ta’lim-tarbiya, oziq-ovqat, kiyim-bosh, ayni paytda, boshpana bergan, umrini uning kamolga yetishiga sarf qilgan saxovatpesha insonlar oladigan ajru mukofotning hisobiga yetib bo‘lmasa kerak. Xususan, yetimparvar xonadonga berilgan bahoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan o‘qib ko‘rganingizdan keyin o‘sha xonadonga muhabbatingiz, hurmatingiz oshmay qolmaydi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodagi eng yaxshi xonadon yetimi bor xonadan deb ta’rif berdilar.

Binobarin, har bir xonadon jamiyatning ana shu qatlamiga e’tibor qaratsa, qanchalar mukofotga ega bo‘lishi hadisi sharifdan ko‘rinib turibdi. Uning xonadoni xayrli xonadonga aylanishi, o‘zi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jannatda ikki barmoq kabi yaqin bo‘lishi uning jannati ekanligining xushxabari emasmi? Axir dunyoda yaxshi amallarni qilib, jannatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan yonma-yon bo‘lishdan ko‘ra, yaxshiroq nima bor?! Bundan-da ziyodaroq yaxshilik qilish mumkinmi? 

Ayni shu va’daga e’tiboran yetimga kafil bo‘lgan inson imon-ibodatlari bilan birgalikda jannati ekanining va’dasi berilyapti. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni albatta jannat eshigi oldida turib, o‘z ummatlarini chorlashlari ayni haqiqatdir.

Abdulhay TURSUNOV,

Namangan viloyati Bosh imom-xatibi.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi

14.07.2025   6325   2 min.
Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi

Shu yil 12 iyul bosh imom-xatib Musoxon domla Abbosiddinov raisligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakilligida hududdagi imom-xatiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Xotamov Jamshid ishtirok etdi.
 

Yig‘ilishda 2025 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar muhokama etilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.


Yig‘ilishda imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘z ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ehtiyojlarini ta’minlash uchun tinimsiz izlanib, xizmat qilishlari zarur ekani alohida qayd etildi.


Shuningdek, imomlar hududlardagi mahallalar bilan muntazam aloqada bo‘lib, hojilar bilan birga yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarning oldini olish, keksalarni hurmat qilish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish, yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha birdek mas’ulligi kabilarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlandi.


Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Norin tumani bosh imom-xatibi va “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Kamoliddin domla Hamroqulov vazifasidan ozod etilib, tumandagi “Haqqulobod” jome masjidi imom-noibi lavozimiga o‘tkazildi. Norin tumani bosh imom-xatibi va “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi lavozimiga Zikrullo domla Umurzoqov tayinlandi.


Shuningdek, Uychi tumanidagi “Xudoyberdi eshon” jome masjidi imom-xatibi Olimxon domla Isaqov, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Isfahon” jome masjidi imom-xatibi Muhibullo domla Xudoyberdiyev va Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Beshbuloq” jome masjidi imom-xatibi Akmalxon domla Sappanovlarga tuman bosh imom-xatibi lavozimi yuklatildi.


Yig‘ilish yakunida Namangan viloyatida uzoq yillardan beri xizmat qilib kelayotgan, bugungi kunda nafaqa yoshiga yetgan bir guruh imom-xatib va imom-noiblarga vakillik tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

 

Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi Namanganda imomlar yig‘ilishi: faoliyat tahlili, kelgusi rejalar va kadrlar almashinuvi
O'zbekiston yangiliklari