Savrning “ilik uzildi” pallasi. Qishga g‘amlangan ozuqalar tugab, butun jonzot darmonsiz... pishiqchilikka ko‘z tutgan.
Bir qurunchqa (boshi katta donxo‘r qora chumoli) o‘tlar orasidan bir dona don topib olib, ishtiyoq bilan o‘zining qavmi sari sudray boshladi. Namgarchilikdan ivib og‘irlashgan donni o‘tlar orasida goh ko‘rinib, goho ko‘rinmay xiyla masofaga sudrab keldi. U donni ochlikdan qiynalayotgan qavmiga olib borishi kerak edi. Qiyomgacha donni jon-jahdi bilan tortqilab, nihoyat yalang, tekisroq joyga yetdi. Endi oxirgi marra – balandlikka chiqarib olsa, bas. U donni goh tishlab ko‘tarar, goh sudrar, goh dumalatar edi. Nihoyat, tepalikka chiqishga oz qoldi, nafasni rostlashga to‘xtadi…
G‘ofil qoldi: don pastga dumaladi. Qurunchqa uni to‘xtagan joyidan yana yuqoriga sudray boshladi. Uning oyoqlari holsizlikdan qaltirar edi. Ammo iloj qancha! Donni iniga – qavmiga yetkazish kerak! Umid, yaxshi niyat unga kuch bag‘ishladi. Donni dumalatib tepalikka chiqardi.
Shu choq bir chumchuq donni ko‘rib qolib, qurunchqaning oldiga keldi va unga:
– Ey qurunchqa, u donni men og‘zimdan tushirib yuborgan edim. Ikki kundan beri ochman. Mening nasibamni nega sudraysan? Qayerga olib borasan?! Menga ber, ochman! – dedi.
Qurunchqa esa shirin til bilan:
– Ey maxluqlarning omadlisi! Men bu donni ochlikdan azob chekayotgan o‘z qavmimga olib ketayotirman. Ular necha haftadan beri daraxt tomirini shimib kun ko‘ryapti. Sening esa Xudo bergan baquvvat oyoqlaring, chaqqon qanotlaring bor. Ular yordamida don bor joylarga uchgin. Mendek ojiz maxluqqa zo‘rlik qilma! Bizni nasibasiz qo‘yma. Har ikkimizning Allohimiz – Xoliqimiz kuchlilar ojizlarga rahm qilishini amr etgan. Ul Zotning amriga tobe bo‘l! – dedi va donni yana uyi tomon sudray boshladi. Chumchuq tama’ va tahdidli ko‘zlarini unga tikib, uchib ketishga shoshilmadi. Shu lahzada bir mushuk paydo bo‘lib, fikru xayoli bir donagina donda bo‘lgan chumchuqqa tashlandi. Uni tutib oldi.
Qurunchqa esa donni dumalata-dumalata iniga yetkazdi. Qavmi uni tamaddi qilib, tut pishig‘iga yetib oldi.
Ibrohim TЕSHABOYEV,
Quva tumani.
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan yurtimizdagi imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan joriy yil 6 aprelidan boshlab Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tajvid ilmi bo‘yicha navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.
Mazkur dastur doirasida 2026 yil 16 aprel kuni Xorazm viloyatidagi "Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida viloyat imom-xatiblari va imom noiblari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum ishtirok etib, "Xorazm ulamolarining tajvid va qiroat ilmiga qo‘shgan hissasi" mavzusida ham ma’ruza qilib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati