Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Robbning roziligi otaning roziligida va Allohning g‘azabi otaning g‘azabidadir”.
Sharh: Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilish xususida shunday marhamat qilgan: “Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar!..” (Niso, 36).
“Ankabut” surasining 8- oyatida esa: “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik (ya’ni ota-ona xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, xoh musulmon, xoh kofir bo‘lsin, ularga yaxshilik qilish farzandning burchidir)”, degan.
Demak, ota-ona nomiga sazovor bo‘lgan shaxs borki, dinimizda ular ehtiromga loyiq zotlar sifatida qadrlanadi. Yuqoridagi hadisi sharif matnida kelgan “Rabbning roziligi” otaning roziligi va “Allohning g‘azabi” otaning g‘azabida ekanining o‘zi ham, Islomda ularning qadri qanchalar yuksak ekaniga dalolat qilib turibdi.
Ibn Hibbon va Hokim rivoyat qilgan sahih hadisda ikkala o‘rinda ham “ota” so‘zi o‘rniga “ota-ona” so‘zi keltirilgan va buni roviydan shak deyilgan. Hadis kitoblarining ba’zi joylarida “roviydan shak” degan so‘zga ko‘zimiz tushadi. Bu esa o‘sha hadisi sharifni kuchsiz ekaniga emas, balki faqat o‘sha lafz haqida roviyning shakda ekanini ifodalaydi. Yana ham aniqroq aytsak, roviy shu ikkala so‘zdan qaysi birini aytganlari haqida shakka tushganini tushunsak bo‘ladi.
Dunyoda hech bir buyuk shaxsning so‘zi yoki u haqidagi ma’lumotlar, oxirzamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari va hayotlari singari aniqlik bilan saqlanib qolinmagan. Hattoki, o‘zimiz ham bundan bir necha kun oldin o‘zimiz aytgan so‘zlarni so‘zma-so‘z aytib berishimiz amri mahol. Lekin sahobalar va ulardan keyingi mas’uliyatli musulmon ulamolarning sharafli xizmatlari sababli, hadislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlaridan qanday eshitilgan bo‘lsa, xuddi shundayligicha bizgacha yetib kelgan.
Imom Termiziy bu hadisi sharifni mavquf deganlar. Ota deyilganda o‘zining asl ota va bobosi kiradi. Ota-onani rozi qilishlik bilan Allohning roziligiga erishiladi. Ularni g‘azablantirish bilan Allohning g‘azabiga duchor bo‘linadi. Agar bu amr va qaytariqlar farzandning shaxsiga zulm bo‘lsa ham, Alloh taoloning shariatiga xilof bo‘lmasa, farzand savob umidida ota onaning bu ishiga sabr qiladi. Ibn Abbos raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda shunday deyiladi: Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Bir musulmon insonning musulmon ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar faqat biri bo‘lsa bir eshikni ochadi. Agar farzand ota-onadan birining g‘azabini chiqargan bo‘lsa, undan o‘sha shaxs rozi bo‘lmagunicha, Alloh rozi bo‘lmaydi”, dedilar. “Ota-ona unga zulm qilgan bo‘lsa hammi?” – deyildi. “Zulm qilgan bo‘lsalar ham” – dedilar.
Imom Tahoviy: "Farzand muboh narsalarda bo‘ysunadi. Nahy qilingan narsalarda emas”, deydilar.
Tohir Fataniy: “Agar ikkovlari dunyoviy ishlarda unga zulm qilsalar, ko‘nadi va bo‘ysunadi, oxirat ishlarida emas” degan.
Imom G‘azzoliy: “Ko‘pchilik ulamolar ota onaning itoati shubhali narsalarda vojibligini aytganlar. To‘liq haromda vojib bo‘lmaydi. Chunki, shubhani tark qilish vara’ga kiradi. Ota onaning itoati esa majburiydir", deganlar.
Ulamolar yana quyidagilarni aytadilar: “Agar ota-onaning haqqiga barobar rioya qilish mumkin bo‘lmay qolsa, ulug‘lash va ehtirom ma’nosida ota ustun qo‘yiladi. Chunki, nasab undandir. Xizmat va in’om yuzasidan onaning haqqi ustun qo‘yiladi. Misol uchun, ota-ona tashqaridan kirib kelganda ota uchun o‘rindan turiladi. Farzand biror narsa hadya qiladigan bo‘lsa onasidan boshlaydi. Farzand ota-onadan faqat bittasiga nafaqa berishga qodir bo‘lsa, onasiga beradi.
Demak ota-onani rozi qilish bu dunyoda ham, oxiratda ham faqat va faqat yaxshilikka sabab bo‘lishini unutmaslik lozim. Alloh taolo barchalarimizga, ota-onalarimizni rozi qilib, Alloh taoloning roziligiga erishmog‘imizni nasib qilsin!
Olimxon YUSUPOV,
“Maxdumi A’zam” jome masjidi
imom xatibi
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimizda 7-11 iyul kunlari o‘tkaziladigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, ISЕSKO rahbari Salim Muhammad hamda xalqaro al-Furqon jamg‘armasi raisi Sali Shahsuvariy so‘zga chiqdi.
Matbuot anjumanida mazkur nufuzli tadbirning maqsad va vazifalari, uning xalqaro ahamiyati hamda forum doirasida rejalashtirilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilayotgan forumda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Ushbu forum islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan asl mohiyatini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur anjuman O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, buyuk allomalar merosi va ma’rifiy an’analarini dunyo miqyosida yanada keng namoyon etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, shu yil 7–8 iyul kunlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida konferensiyalar bo‘lib o‘tadi. 9–10 iyul kunlari esa Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning ilmiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi.
Forum doirasidagi bunday uchrashuv va muhokamalar ilm-fan, dinlararo muloqot, bag‘rikenglik va ma’rifat tamoyillarini mustahkamlashda muhim amaliy maydon vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati