Payg‘ambarimiz alayhissalom Halima onamizning tarbiyasida yurgan vaqtlarida inson aqliga sig‘maydigan g‘oyat g‘aroyib hodisa yuz beradi. Rasulullohning ko‘kraklari yorilib, qora nuqta – shayton vasvasasi olib tashlanadi. Bu voqeadan qo‘rqib ketgan Halima onamiz u kishini onalariga topshirib, bo‘lib o‘tgan voqeani bunday bayon etadi:
“Muhammad bolalar bilan uyimizning orqasida o‘ynab yurgan edi, to‘satdan o‘g‘lim yugurib kirib, qurayshlik ukamni oq kiyimli ikki kishi ushlab olib yerga yotqizishdi, keyin qornini yorib, bir narsa bilan ichini titkilashyapti, dedi. Otasi ikkalamiz chiqib qarasak, uning rangida rang yo‘q. Bag‘rimizga bosib: "Nima bo‘ldi, o‘g‘lim?" deb so‘radik. U: "Oq kiyimli ikki kishi keldi-da, biri meni ko‘rsatib: "Shumi?" dedi. Unisi bosh irg‘ab tasdiqladi. Keyin ikkovlashib yerga yotqizdi. Ko‘kragimni yorib, titkilay-titkilay bir nimani olib tashlashdi. Nimani olib tashlashganini bilmayman", dedi.
Shu kundan e’tiboran Payg‘ambarimiz alayhissalom insonni yo‘ldan ozdiradigan shaytoniy hoyu-havaslardan xalos bo‘lgan edilar.
Abduvohid O‘ROZOV,
“Pul yemas ota” jome masjidi imom-noibi
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.