Fotiha surasi Muhammad alayhissalomga ikki marta: Makkada Me’roj kechasida, hamda hijratlaridan keyin Madinada, qibla o‘zgartirilganda takroran nozil qilingan. Shuning uchun ham bu suraning bir nomi “as-sab’ul-masoniy”, ya’ni “ikki bor nozil qilingan yetti oyatli sura”, ham deyiladi.
Suraning o‘nga yaqin nomlari bo‘lib, ulardan eng mashhuri – “Fotiha”, ya’ni “Ochuvchi”. Qur’oni karim shu sura bilan boshlangani uchun unga mazkur nom berilgan. Ushbu surada Islom dini ko‘rsatmalarining asosini tashkil etgan oyatlar keltirilgani uchun unga “Ummul-Qur’on”, ya’ni “Qur’onning onasi” nomi ham berilgan.
Abu Said Mualla roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zotga qasamki, Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda ham bunga o‘xshashi tushurilmagan. U yetti takrorlanadigandir. U menga berilgan Qur’oni aziymdir”, dedilar. Bundan murod Fotiha surasidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdu lillahi Robbil alamiyn” Qur’onning onasidir, Kitobning onasidir va yetti takrorlanuvchidir”, dedilar.
Abdulloh PARPIYEV
tayyorladi.
Bugungi kunda axborot tarqatish imkoniyati har bir insonda mavjud. Birgina so‘z, aloqa qurilmalaridagi birgina harakat butun jamiyatda shov-shuv, vahima keltirib chiqarishi mumkin. Anglamay yoki o‘yinqaroqlik bilan yoki maqsadli yolg‘on axborot tarqatish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Xususan, din va e’tiqod kabi nozik masalalarda tarqatilayotgan feyk xabarlar nafaqat shaxsiy xatolik, balki jamiyatga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi umumiy mas’uliyat hamdir.
Yolg‘on gapirish og‘ir gunohlardan sanaladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik gunohkorlikka, fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yozilad”, dedilar. (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).
Shunday ekan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatish qat’iy man qilingan.
Feyk xabar tarqatishning ko‘plab salbiy oqibatlari bor:
Qur’oni karimning Hujurot surasi 6-oyatda shunday marhamat qilinadi:
“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.
Feyk, yolg‘on xabarlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini Qur’oni karim ta’kidlamoqda. Demak, har qanday xabarni tekshirish va ehtiyot bilan yondoshish kerak.
Rost xabarni qanday ajratish mumkin:
Har bir xabar – tarqatuvchi uchun ham, undan foydalanuvchi uchun ham mas’uliyat. Aloqa vositalari va ijtimoy tarmoqlarga joylayotgan post bilan yo to‘g‘rilikni targ‘ib qilish, yoki odamlarni chalg‘itish mumkin.
Shunday ekan, feyk axborot tarqatish og‘ir ma’naviy jinoyatdir. Har bir musulmon bunday xatarli holatdan o‘zini va boshqalarni saqlashi lozim.
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev