Fotiha surasi Muhammad alayhissalomga ikki marta: Makkada Me’roj kechasida, hamda hijratlaridan keyin Madinada, qibla o‘zgartirilganda takroran nozil qilingan. Shuning uchun ham bu suraning bir nomi “as-sab’ul-masoniy”, ya’ni “ikki bor nozil qilingan yetti oyatli sura”, ham deyiladi.
Suraning o‘nga yaqin nomlari bo‘lib, ulardan eng mashhuri – “Fotiha”, ya’ni “Ochuvchi”. Qur’oni karim shu sura bilan boshlangani uchun unga mazkur nom berilgan. Ushbu surada Islom dini ko‘rsatmalarining asosini tashkil etgan oyatlar keltirilgani uchun unga “Ummul-Qur’on”, ya’ni “Qur’onning onasi” nomi ham berilgan.
Abu Said Mualla roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zotga qasamki, Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda ham bunga o‘xshashi tushurilmagan. U yetti takrorlanadigandir. U menga berilgan Qur’oni aziymdir”, dedilar. Bundan murod Fotiha surasidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdu lillahi Robbil alamiyn” Qur’onning onasidir, Kitobning onasidir va yetti takrorlanuvchidir”, dedilar.
Abdulloh PARPIYEV
tayyorladi.
"Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir" (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni afv etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin" (Imom Hokim rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: "Qiyomat kuni bir jarchi, odamlarni afv qilganlar qani? "Robbingiz huzuriga mukofotingizni olgani keling", deb chaqiradi. Afv qilgan har bir musulmon jannatga kirishga haqlidir", deganlar.