Abdulloh ibn Shaqiq dedilar: «Men Oysha (r.a.)ga Rasululloh (s.a.v.)ning ro‘zalari haqida savol qildim. Oysha onamiz dedilar: “Rasululloh (s.a.v.) ba’zi oylarda shunday ro‘za tutar edilarki, biz endi bu oyda og‘iz ochmasalar kerak, der edik. Ba’zi oylarda shunday og‘iz ochiq yurar edilarki, biz endi bu oyda ro‘za tutmasalar kerak, der edik. Rasululloh (s.a.v.) Madinaga kelganlaridan keyin hech bir oyni butun ro‘za bilan o‘tkazmadilar. Magar tanho Ramazon oyini to‘liq tutar edilar».
***
Oysha (r.a.) dedilar: «Men Rasululloh (s.a.v.)ning xech bir oy ro‘zasini Sha’bon kabi ko‘p tutganlarini ko‘rmadim. Sha’bonda shunday ro‘za tutar edilarki, ozgina kun tutolmay qolar edilar. Balki ba’zi vaqtlarda butun Sha’bonni ro‘za bilan o‘tkazar edilar».
***
Oysha (r.a.) dedilar: «Rasululloh (s.a.v.) aksari dushanba va payshanba kunlarining ro‘zasiga ehtimom qilar edilar”.
***
Oysha (r.a.) dedilar: «Janobi Rasululloh (s.a.v.) ba’zi oyda shanba, yakshanba va dushanba kunlarida ro‘za tutar edilar. Ba’zi oyda seshanba, chorshanba kunlarida ro‘za tutar edilar».
***
Muoz (r.a.) dedilar: «Men Oysha (r.a.)dan so‘radim: “Rasululloh (s.a.v.) har oyda uch kun ro‘za tutar edilarmi?” Dedilar: “Ha”. Men dedim: “Qaysi kunlari tutar edilar?” Dedilar: “Qaysi kunlar bo‘lishida parvo qilmas edilar (Ya’ni, to‘g‘ri kelgan kunlarda tutaverar edilar)”.
***
Oysha (r.a.) dedilar: «Ashuro kuni (ya’ni, muharramning o‘ninchi kuni) Quraysh jamoasi ro‘za tutar edi. Rasululloh (s.a.v.) ham hijratdan ilgari o‘sha kuni nafl ro‘za tutar edilar. Madinai munavvaraga hijrat qilib kelganlaridan keyin ham tuta boshladilar. Ummatga ham tutishlari vojib ekanini e’lon etdilar. Keyin Ramazon ro‘zasi farz qilingach, Ashuro ro‘zasining vojibligi mansux qilindi va mustahabligi boqiy qoldi. Endi kim xohlasa tutib, kim xohlamasa tutmaydigan bo‘ldi».
“Shamoili Muhammadiya” kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Surxondaryo viloyati vakilligida muxtasib vazifasida ko‘p yillar fidokorona faoliyat yuritib, viloyatdagi masjidlar va ziyoratgohlar obodligiga, diniy-ma’rifiy ishlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan xodim Abduvohid Majitovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
Abduvohid Majitov umrining oxirgi kunlariga qadar Termiz shahridagi "Sulton Saodat" majmuasida diniy xodim sifatida elga xizmat qilib keldi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallari, din yo‘lidagi xayrli xizmatlarini husni qabul aylab, oxiratini obod, jannatdagi darajalarini yuksak qilsin. Barcha yaqinlari va oila a’zolariga go‘zal sabr, ajru mukofotlar ato etsin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi