frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Payg‘ambarimiz alayhisallomning salomatlikka oid sunnatlari

13.12.2017   14227   2 min.
Payg‘ambarimiz alayhisallomning salomatlikka oid sunnatlari

Rabiul avval, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tug‘ilgan oyning oxirgi kunlarida turibmiz. Shu munosabat bilan e’tiboringizga Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning salomatlikka oid sunnatlarini havola etamiz:

Erta turish. Nabiy alayhissalomning erta turish odati bo‘lgan, azon vaqtida uyg‘onganlar. Albatta, erta turish kun bo‘yi insonga tetiklik hamda ishchanlik qobiliyatlarini beradi. Hamda aqliy faoliyatni yaxshilaydi. Ba’zilar uchun erta turish qiyin tuyulishi yoki iloji yo‘qdek ko‘rinishi mumkin. Lekin bu odatni kichik qadamlar bilan shakllantirish mumkin. Bu esa hayotni sezilarli darajada yaxshilashi isbotlangan.

Me’yorida ovqatlanish. Me’yorida ovqatlanish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridandir. Yillar davomida bir emas, bir necha tekshiruvlarning natijasi me’yorida ovqatlanish ko‘plab kasalliklarning oldini olishini tasdiqlagan. Inson to‘yib emas, balki 80 foiz to‘yguniga qadar ovqatlangani ma’qul.

Suv iste’mol qilish. Hadisi sharifda suvni katta emas, kichik ho‘plamlar bilan ichishga chorlanadi. Aks holda katta ho‘plab ichishdan jigar shikastlanishi mumkin deyiladi. Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning suv ichishdagi sunnatlaridandir. Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar ham shuni ta’kidlaydiki, qisqa vaqt ichida, birdaniga ko‘p miqdorda suv ichish jigarni zararlashga olib keladi.

Ro‘za. Ilmiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, faqat yeguliklarning o‘zi emas, balki uni tanovvul qilish vaqti ham inson organizmiga ta’sir ko‘rsatadi. Ro‘za tutish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari bo‘lgan. Bu ishni faqat Ramazon oyida qilmaganlar. Inson qanchalik kam ovqat yesa, uning organizmi hazm qilishga shunchalik kam kuch sarflaydi.

Xurmo. Xurmo – shunday mevaki, o‘zida bir necha foydali elementlarni jamlaydi. To‘g‘ri ovqatlanish tarzini yo‘lga qo‘ygan insonlar, albatta, bunday foydali mahsulotlar haqida biladilar. Xurmo esa ulardan biridir. Ushbu meva inson organizmida qand darajasini normallashtiradi. Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, yurak bilan bog‘liq muammolarning oldini oladi.

Doimiy harakatda bo‘lish (faollik). Islomning 5 arkonlarining 3 tasi jismoniy faollikni talab etadi. Namoz – birinchi navbatdagi jismoniy harakat ko‘rinishidir, hajga borish hamda ro‘za tutish ham ana shular jumlasidandir. Payg‘ambarimiz doimiy harakatda bo‘lganlar hamda salomatligini mustahkamlash  maqsadida suzish, chavandozlik, merganlik kabilar bilan shug‘ullanganlar.

Albatta, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari salomatlik borasidagi muhim tavsiyalardir.

 

Shahzoda ABDUMAJIDOVA,

Toshkent islom universiteti talabasi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

27.06.2025   2671   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?

Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


 Ashuro qanday kun?

Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


 Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


 Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


 Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.


 Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari