Payg‘ambar alayhissalom Madinaga kelganlarida, ansoriylarning har biri u zotni mehmon qilish orzusida edi. Hatto Rasululloh alayhissalomning tuyasi jiloviga osilib olib, u zotni uyiga taklif etishardi. Payg‘ambarimiz alayhissalom jilovni qo‘yib yuborishlarini o‘tinib so‘rar, tuya qayerga cho‘ksa, o‘sha uyga tushajaklarini aytardilar. Nihoyat tuyalari u zotning qarindoshlari Adiy ibn Najjor mahallasiga yetganida Abu Ayyub Xolid ibn Zayid Ansoriyning eshigi oldida to‘xtab cho‘kkaladi (Xolid Muoviya roziyallohu anhu xalifalik davrida Istambulni olish uchun bo‘lgan jang chog‘ida shahid bo‘lib, shahar tashqarisiga dafn etilgan).
Rasululloh alayhissalom tuyalaridan tushdilar va: "Inshoalloh turar joyimiz shu yer bo‘ladi. Ey Rabbim, meni muborak yerga tushirgin, sen hamisha qutlug‘ joyni ato etguvchisan", dedilar. Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning narsalarini ichkariga olib kirdi, As’ad ibn Zurora esa tuyaga yemish berish uchun uyiga olib ketdi. Bani Najjor mahallasining qizaloqlari Rasulullohni qo‘shiq aytib kutib olishdi. "Meni yaxshi ko‘rasizlarmi?" deb so‘radilar Sarvari olam. Qizlar "ha" deb javob qaytarishdi. "Xudo haqqi, men ham sizlarni jon-dilimdan yaxshi ko‘raman", dedilar u zoti muborak.
Abu Ayyub roziyallohu anhuning uyi ikki qavat bo‘lib, Rasulullohga ikkinchi qavatni munosib ko‘rdi, biroq u kishi ziyoratchilar bilan ko‘rishib, suhbatlashishning qulayligi uchun pastda turishni ixtiyor etdilar. Mezbon kelim-ketim ko‘payib chang-to‘zon, dam-badam sepilgan suvlardan hovur ko‘tarilib Rasululloh ozor chekishlaridan tashvishlangan edi. Chindan ham kunlarning birida suv solingan xum sinib ketdi. Er-xotin Rasulullohning ustlaridan chakka o‘tmasin deb suvni ko‘rpaga shimdirib olishdi. Shundan keyin qo‘yarda-qo‘ymay Rasulullohni yuqorigi qavatga ko‘chirib chiqishdi. Birinchilardan bo‘lib, ansorlarning kattalaridan Said ibn Uboda, As’ad ibn Zurora, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumning onalari turli-tuman shirin ovqatlar pishirib kelishdi.
Abduvohid O‘ROZOV,
“Pul yemas ota” jome masjidi imom-noibi
Sabrsizlik musulmonlar orasida turli ixtiloflar, urush-janjallar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Alloh Taolo sabr qiluvchilar bilan bo‘ladi. Ularni turli yomonliklardan asraydi. Sabr qilmay, chidamsiz bo‘lganlar esa, ixtilof girdobiga duchor bo‘ladilar.
Oyati karimaning oxirida Alloh taolo: “Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”, deb marhamat qilgan.
Shuningdek, Alloh taolo “Rum” surasi 31-32 oyatlarda mo‘min-musulmonlarga quyidagi xitobni qiladi: “...Va mushriklardan bo‘lmang. Dinlarida tafriqaga tushgan, guruh-guruh bo‘lib olib, har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lganlardan bo‘lmang”.
Demak, dinda tafriqaga tushish mushriklarning ishi bo‘lib tanilgan ekan. Guruh-guruh bo‘lib olib, ixtilof chiqarish, talashib-tortishish ham mushriklarning ishi ekan. Har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lib, boshqalarni past sanashi ham mushriklarning ishi ekan.
Alloh taolo “An’om” surasi 109-oyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Dinlarini tafriqa qilib, o‘zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo‘q. Albatta, ularning ishi Allohning O‘ziga havola. So‘ngra qilgan ishlarining xabarini berur”, degan.
Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafriqa va guruhbozlikka olib boradigan nizo hamda ixtiloflarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yo‘llaridan boshqa, ul hidoyat yo‘liga teskari yo‘l hisoblamoqda. Alloh taolo bu oyatda tafriqa va guruhbozlik Payg‘ambarimizning ummatlariga munosib emasligini qattiq ta’kidlamoqda.
Alloh taolo “Oli Imron” surasida siz bilan biz musulmonlarga xitob qilib: “O‘zlariga ochiq bayonotlar kelganidan keyin bo‘linib, tafriqaga tushganlarga o‘xshash bo‘lmanglar! Ana o‘shalarga ulug‘ azob bordir”, degan.
Tafriqaga tushib bir-birimiz ila tortishish nizolar urchib, fayzu baraka ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Yangiqo‘rg‘on tumani "Sayid bobo Termiziy" jome masjidi
imom-xatibi Abduvali Mahmudxonov
@SOFTALIMOTLAR