Uyda motam... hamma g‘amga botgan, qayg‘uda: kimdir dodlab yig‘lagan, kimdir xomush tortgancha, bir nuqtaga tikilib qolgan...
Vafot yetgan insonning to‘rt farzandining bittasida azadorlik alomati sezilmasdan janozada anchayin tetik va bardam turardi. Tabiiyki, bu hol ko‘pchilikni ajablantirdi, ammo hech kim undan nega bunday qilayotganini so‘ramadi.
Oxiri toqati toq bo‘lgan oqsoqol hamon jilmayib turgan farzandga qarab tanbeh bera boshladi: “Menga qara bolam! Namuncha xursand bo‘lmasang! Axir bugun otangdan ayrilding-ku!? Nahot ko‘zingga bir tomchi ham yosh kelmasa!?” Farzand unga bunday javob berdi: “To‘g‘ri, bugun men uchun qayg‘uli kun. Yuragim achishib ketyapti, ammo sabr qilishga majburman! Birinchidan, agar boshqalarga qo‘shilib dod-voy solsam, marhum otamning ruhiga jabr qilgan bo‘laman. Ikkinchidan, agar dodlab yig‘layotgan insonlar yig‘i-sig‘i o‘rniga hech bo‘lmasa bir bora kalima keltirib, marhumning ruhiga bag‘ishlaganda – ham marhumga foydasi tegardi, ham o‘zlariga savob yetardi. Shu sabab, ichimda tinmay kalima keltirib, salavot aytayapman!
Oqsoqol: “Unda nega jilmayasan?” deb so‘radi.
Nimtabassum qilib turishimga ham ikkita sabab bor: birinchisi, o‘zimni yig‘idan tiyib, kalima keltirganim uchun otamning ruhi orom olayotganidan xursandman; ikkinchisi, ezilib, qayg‘uga botib o‘tirganimni ko‘rib boshqalarning ham yuraklari g‘amga to‘lishini istamaganim uchun tabassum qilib turibman! Shuning uchun keling, ortiqcha vaqt yo‘qotmaylikda Qur’on tilovatini boshlaylik!..
Xaydarbekov Sherzod
Toshkent shahri
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati