Buyuklikni oddiylikdan barpo qilgan,
Oddiy mato – xurmo po‘stin sarpo qilgan,
Ochlikda ham to‘qlikda ham taqvo qilgan,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Orlanmagan miskinlar-la o‘ltirishdan,
Farqlolmagan sizni hatto bir ko‘rishdan,
Qasr emas, qarorgohi oddiy g‘ishtdan,
Sizmi o‘sha ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Dasturxonga arpa nonlar xo‘b yarashgan,
Farishtalar bir ko‘ray deb ko‘p talashgan,
Sizni ko‘rgan har qanday ko‘z bir qamashgan,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Ibn Mas’ud yig‘lagandi holingizdan,
Bo‘yra izi chiqqanida yoningizdan,
Lek yupandi, ma’vo jannat joyingizdan,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Qolgan emas sizdan meros, ming-ming teva,
Teva emas, hatto bir juft yostiq, ko‘rpa
Qolgan bo‘lsa, qolgandir-da bir qop arpa,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Sahobalar salobatni sizdan olgan,
Olimlarga ilm sizdan meros qolgan,
Sizsiz ummat bugun bir oz o‘yga tolgan,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
So‘zlaringiz so‘zlar ichra shoh misoldir,
Tinglaganlar tin olarlar, misli boldir,
Dushmanlar ham hayratdadir, hayron loldir,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Nubuvvatga panoh bergan ul ansorlar,
Qilgan edi poyingizga jon nisorlar,
Bugungacha ansor ahli mehmon chorlar,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Mashaqqatga berib bardosh muhojirlar,
Ansorlarga bo‘ldi qardosh, ul “tojirlar”,
Sabru toqat, qanoatda gul tojdirlar
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Bilol aytgan nido hanuz yangramoqda,
Siyratingiz butun jahon tinglamoqda,
Islom nedir bashar asta anglamoqda,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim,
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Sizni ko‘rmay sevdi ushbu qaro ko‘zlar,
Sifatlashga yetmagay bu sanoq so‘zlar,
Mayli, hatto mahshargacha tinmay bo‘zlar,
Sizmi o‘sha, ul Sarvari koinotim
Faqirlaru miskinlarga qo‘sh qanotim?
Sayyid Ahmad Mahmud o‘g‘li,
“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti aqida fani mudarrisi
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati