Yurtimizning masjid va madrasalarida muborak mavlidi sharif oyi munosabati bilan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam hayotini o‘rganish bo‘yicha fayzli tadbirlar tashkil qilinmoqda. Jumladan, Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurtida ham har yilgi an’anaga binoan kuni kecha “Rasululloh bizga o‘rnak” shiori ostida mavlid tadbiri hamda siyrat musobaqasi tashkil qilindi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyat vakilligi, bilim yurti rahbariyati hamda Toshkent islom instituti amaliyotchi talabalari bilan hamkorlikda tashkil qilinib, unda bilim yurti mudarris va talabalari bilan birgalikda, talabalarning ota-onalari, mehmonlar ishtirok etishdi.
Tadbir an’anaga muvofiq Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. So‘ngra O‘MI Xorazm viloyat vakili X.Abdullayev kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlarining har bir nuqtasi biz musulmonlar uchun ibrat bo‘lmog‘i lozim, u zotning har bir sunnatlariga amal qilish bilan biz o‘z muhabbatimizni izhor qilishimiz mumkinligi haqida gapirib, bugungi tadbirning ahamiyatini tushuntirib o‘tdi.
Shundan so‘ng 2-3-4-kurs talabalari orasida 5 ta yo‘nalishda:
Tadbir davomida joriy oyda bilim yurti talabalari o‘rtasida “Rasululloh bizga o‘rnak” mavzusidagi insholar tanlovining ham g‘oliblari e’lon qilinib, musobaqa va tanlov g‘oliblari O‘MI Xorazm viloyat vakilligi hamda bilim yurti homiylari ko‘magida munosib taqdirlandi.
Tadbir so‘nggida Imom Barzanjiy rahmatullohi alayhning “Mavlidi sharif” asari o‘qilib, xatmi Qur’on qilindi.
Tadbir yakunida bayram dasturxoni yozilib, mudarris va talabalarga osh qilib berildi.
Imom Faxriddin ar-Roziy O‘MIBYU mudir muovini O.Adilov
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati