Ma’naviy jihatdan yetuk, yuksak madaniyatli insongina jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, amalga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglay oladi, bu jarayonlarda ishtirok etishni fuqarolik burchi sanaydi; taqdim etilayotgan axborotlarga xolisona baho beradi; buzg‘unchiliklarga targ‘ib qiluvchi yot g‘oyalarga qarshi tura oladi.
Inson aql va e’tiqod vositasida yaxshilik va yomonlikni farqlaydi. Ana shu farqlash uning ongida ma’naviy tahdidga qarshi immunitet hosil qiladi. Banda ayni shu tanlash orqali jannatga yoki do‘zaxga kiradi – savob oladi yoki osiy bo‘ladi.
Tan kasalligi og‘izdan kirsa; ruhiy, ma’naviy kasallik ko‘z, quloqdan kirib, egasini yo‘ldan ozdiradi. Chetdan kirib kelayotgan tubanlik illatlari ularni ko‘rgan, eshitgan, taqlid qilgan yoshlarni ma’naviy bemor qiladi. Ma’naviy kasallikning isitmasi odamning niyatlarida, aytgan gaplarida, qiliq-qilmishlarida oshkor bo‘la boshlaydi. O‘z qadrdonlari orasida o‘zini o‘zgacha, yotlarcha tuta boshlaydi. Ota-bobolarining milliy urf-odat, ma’naviy qadriyatlariga bepisand qaraydi.
Ota-bobolarimiz e’tiqod qilib kelgan Islom dini har bir mo‘minni o‘z milliy qadriyatlarini qadrlashga, birovlar sirti yaltiroq qadriyatlarni ko‘z-ko‘z qilsa, o‘zi ularga ergashib ketmaslikka chaqirgan: “Va sizlar bir millat boshqa millatdan (son yo boylik jihatdan) ortiqroq bo‘lgani uchun qasamlaringizni (buzib) aldov vositasida qilishingiz bilan (ya’ni boshqa boyroq va kuchliroq qavmni topsangiz, avvalgi qasamlaringizdan kechib ketaverishingiz bilan) xuddi o‘zi to‘qigan narsasini pishiq-puxta bo‘lganidan so‘ng parcha-parcha buzib-chuvatib tashlagan xotinga o‘xshab qolmangiz! Albatta, Alloh bu (ahdga vafo qilishga buyurish) bilan sizlarni imtihon qilur va albatta qiyomat kunida sizlarga ixtilof qilib o‘tgan narsalaringizni bayon qilib berur”[1].
Ana shu da’vat XXI asrda qayta yangradi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida: “Tabiiyki, «ommaviy madaniyat» degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi”, deb bizni ogohlantirdi.
Aql nafsga bo‘ysundirilsa, jinoyatlar, buzuqliklar urchiydi. “Ommaviy madaniyat” shuning tarafdori. Nafs aqlga bo‘ysundirilsa, fazilatlar, yaxshiliklar, odamning insonligi kamolga yetadi. Ota-bobolarimiz, milliy ma’naviyatimiz ana shuning tarafdori.
“Ommaviy madaniyat”ni iste’mol qilgan kishilar buzuqlik, zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm, ma’naviy negizlarga bepisandlik kabi milliyligimizga xos bo‘lmagan ma’naviy kasalliklarga chalinadi.
Insonlar orasida “ommaviy madaniyat”ning avj olishi shaxsni qimmatli umrini zoye ketkazishga, vaqtini behuda narsalarga sarflashga odatlantirmoqda; unga chalingan insonlarni jamiyatdagi muhim siyosiy voqea-hodisalardan chalg‘itib, kompyuter, televizor kabilar orqali tarqatilayotgan turli ko‘rinish va saviyadagi ko‘ngilochar tomoshalariga bog‘lanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
“Ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilarining qarashlariga ko‘ra, inson emas, aksincha, narsalar e’zozda, qadrli; ma’naviy dunyo emas, balki maishiy-iste’molchilik tuyg‘ulari aziz. Bu har qanday shaxsda iste’molchilik kayfiyatining qaror topishiga zamin yaratadi. Inson hayotida moddiy boylik birlamchi ahamiyat kasb etadi. Dunyodagi hech bir milliy qadriyat yoki biror din behayolikni targ‘ib qilmaydi. Ammo “ommaviy madaniyat” inson o‘z istaklari, havoyi nafsiga erk berishi lozimligi, ko‘ngli tusagan ishni istagan paytda bajarishi kerakligini targ‘ib qiladi. “Ommaviy madaniyat” maktabidan o‘tgan avlod uchun hayotning ma’nosi – avtomobil, televizor, muzlatkichga ega bo‘lish. Shuningdek, “ommaviy madaniyat” shaxs qiziqishlari, ehtiyoj va manfaatlarining xarakteriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Uning natijasi o‘laroq, eng oliy maqsad, ulug‘vor niyatlar o‘rnini yengil-yelpi tuyg‘ular, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar egallamoqda.
“Ommaviy madaniyat” marketing qoidalari asosida ishlaydi. Aholining madaniy ehtiyojlarini segmentlashtiradi. Bolalar, yoshlar, o‘rta yoshlilar, kattalarning ehtiyojlarini o‘rganib, buzib, o‘ziga moslaydi.
Esingizda bo‘lsa, “ommaviy madaniyat” asrimiz boshlaridayoq kirib kela boshlaganini namoyon etuvchi bir detal bor: “Shum bola” filmida bir yevropalik Toshkent bozorlaridan birida o‘zbeklarning bir tangasini olib, evaziga “oynai jahoni”dan yalang‘och ayol suratini ko‘rsatadi. Hozir o‘sha janobning nevaralari bobolari kasbini davom ettirayotir. Bu ishni industriyaga aylantirishdi. Uni odamlarning instinktlarini uyg‘otib, ularga xizmat qiluvchi, hammabop, ya’ni hammaning pullarini chiqarib, keltirib beruvchi “ommaviy madaniyat”, deb atashdi. Shuning uchun uni “ommaviy madaniyat bo‘lsa, bu hammabop, yaxshi narsa ekan-da”, deb tushunganlar ham yo‘q emas. Aslida, bu nom ham ataylab, asl niyat va mazmunni niqoblash maqsadida shunday qo‘yilgan.
“Ommaviy madaniyat” zamonaviy, texnokratik hodisa, lekin milliy emas. Shuning uchun uning muxlislari muhabbatni – ko‘ngilxushlik, mehnatni – biznes, birovga yaxshilik qilishni – zararli investitsiya, “resurslarni maqsadsiz sarflash”, hayo, andishani – imkoniyatni boy berish, ota-bobolar o‘gitlarini – eskilik sarqiti, deb biladi.
Ijtimoiy hayotimizning asosiy poydevori bo‘lmish oiladek muqaddas qo‘rg‘onning buzilishi – ma’naviy buzilish, ma’naviy aynishdan boshlanishi ma’lum. Chunki olimlar oilalarni: shoshib, o‘ylamasdan yoki hisob-kitob asosida turmush qurish; xiyonat; xarakter, qarashlarning to‘g‘ri kelmasligi; oila qurishga psixologik, amaliy tayyor emaslik, infantilizm, turmush masalalarida no‘noqlik, bir-biridan hafsalasi pir bo‘lish; ichkilikbozlik kabi illatlar parchalayotganini aniqlashgan.
O‘zbekiston dunyoda boshlanayotgan oila instituti inqirozi ta’siridan milliy ma’naviyat qo‘rg‘oni bo‘lmish oilalarni himoyalash, mustahkamlash, oilaning nufuzini oshirish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi deb biladi. Bu har bir oriyatli o‘zbekistonlikda iftixor uyg‘otadi.
“Ommaviy madaniyat” barcha millatlarning madaniyatlariga xuruj qilmoqda. Bunday vaziyatda o‘zligiga sodiq va zamonaviy millat yutadi. “Ommaviy madaniyat” girdobiga tushgan millat undan chiqa olmaydi.
O‘zbekning o‘zligiga sadoqati O‘zbekistonni XXI asrning ma’naviy poytaxtiga aylantiradi, inshoalloh!
Muhammadyusuf HAMIDOV,
Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
[1]. Qur’oni karim ma’nolari tarjima va tafsiri. Abdulaziz Mansur. – T.: Sharq, 2013 y.
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi