Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2025   |   11 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:11
Peshin
12:24
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2025, 11 Zulqa`da, 1446

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat - mo‘minning saodati

03.12.2017   6730   6 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat - mo‘minning saodati

Barcha bandalar birinchi navbatda ularni Yaratgan Zot – Alloh taoloni sevmog‘i lozim. Chunki Alloh taoloni sevish U uchun ado etiladigan ibodatlarning eng afzali va sharaflisidir.

Alloh taolo O‘z kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:

...وَالَّذِينَ آَمَنُوا أَشَدُّ حُبًّا لِلَّهِ ...

“...Iymon keltirganlarning Allohga bo‘lgan sevgilari esa kuchliroqdir...” (Baqara surasi, 165-oyat).

Ushbu oyati karimadan bilamizki, Allohni sevish mo‘min-musulmonlarning sifati, iymon belgisidir. Qolaversa, bizlarni inson qilib yaratgan va ko‘plab ne’matlar in’om qilgan Zotni qanday qilib sevmaslik mumkin?!

Shuningdek, barcha mo‘min-musulmonlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevish ham farz hisoblanadi. Chunki Ul zot bizlarga Alloh taolo va Uning visoli, jannatul-firdavs va uning ne’matlari va ikki dunyo saodatiga eltadigan yo‘llarni ko‘rsatib bergan Zot edilar. Bir so‘z bilan aytganda, bu muhabbat Alloh taoloning shariatiga chorlagan, omonatni mukammal yetkazgan Zotga nisbatandir.

Alloh taolo har bir musulmon kishiga Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning sevishni buyurgan. Zotan, iymon muhabatsiz mukammal bo‘lmaydi. Haqiqiy muhabbat esa Payg‘mbarimiz sollallohu alayhi vasallamni har narsadan ustun qo‘yishdir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: “Ota-onasi, farzandi va hamma insonlardan ko‘ra suyukliroq bo‘lmas ekanman, birortangiz haqiqiy mo‘min bo‘la olmaysiz” (Imom Muslim rivoyati).

To‘g‘ri, inson hayotda farzandi, yaqinlarini yaxshi ko‘radi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlardan so‘rayotgan muhabbat barchasidan ham kuchlirog‘idir. Abdulloh ibn Hishom roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisiga bir e’tibor qarataylik-a!: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning qo‘llarini ushlab turganlarida Umar: “Yo Rasulalloh, men o‘zimdan keyin eng birinchi sizni yaxshi ko‘raman”, dedi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Yo‘q, jonim qo‘lida bo‘lgan Zot haqqi o‘zingdan ham yaxshiroq ko‘rmaguningcha”, - dedilar. Umar: “Allohni o‘rtaga qo‘yib aytamanki, hozirdan e’tiboran o‘zimdan ham yaxshiroq ko‘raman”, - dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ana endi bo‘ldi, ey Umar”, - deb marhamat qildilar (Buxoriy rivoyati). Umar roziyallohu anhu dastlab insoniylik tabiatlaridan kelib chiqib javob bergan edilar. Chunki, odatda inson o‘zini yaxshi ko‘radi. Boshqani sevdim deydi-yu, aslida o‘zining oshig‘i bo‘ladi. Kimnidir sevish ma’shuqning go‘zalligiga bog‘liq bo‘lganida dunyodagi barcha insonlar faqat bitta insonni sevib qolishlari kerak edi. Holbuki voqelikda bunday emas. Chunki har bir inson o‘zi lazzat oladiganlarnigina yaxshi ko‘radi, o‘zi huzur qilgani uchungina uni xaridori bo‘ladi. Bir ulug‘ zotdan “inson nega o‘zining ayblarini ko‘ra olmaydi?” deb so‘rashganida “chunki inson o‘zining oshig‘i bo‘ladi, oshiq esa ma’shuqning ayblarini ko‘rmaydi” deb javob bergan ekan. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam anashu fitriy muhabbatdan ham ustun va asl sevgini bizlardan so‘rayaptilar.

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rish degani U zotning sunnatlariga ergashish, qaytarganlaridan qaytish demakdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevish esa Allohni sevish demakdir. Ko‘pchilik insonlar Allohni sevish uchun nima qilish kerak o‘zi degan savollarni beradi. Buning javobini esa biz Qur’oni karimdan olishimiz mumkin: Alloh taolo “Alloh ularni sevadigan va ular ham Uni sevadigan” deb marhamat qilgan. E’tibor bering, banda Allohni sevib qolishi uchun avval Alloh uni yaxshi ko‘rishi shart qilinyapti. Shuning uchun ham “Alloh ularni sevadigan” degan jumlani birinchi keltiryapti. Endi, “Alloh yaxshi ko‘rishi uchun nima qilish kerak?” degan savolning javobini ham Qur’oni karimdan topamiz:

 قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ 

“Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

Agar siz muhabbatingiz chin ekanligini bilmoqchi bo‘lsangiz qarang: odamlarning barchasi bir tomon bo‘lsa-yu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bir tomon bo‘lsa va siz sunnatni tanlasangiz, demak sevgingiz chin ekan. Aksincha bo‘lsa ming yaxshi ko‘raman deganingiz bilan bu quruq yolg‘on, yoki qusurli bir tuyg‘u bo‘ladi.

Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aloqador, U zot yaxshi ko‘rganlarni ham yaxshi ko‘rish haqiqiy muhabbatning belgisidir. Shuningdek U zotni ko‘rishga oshiqish, buning uchun har narsaga ham tayyor bo‘lish, visol ishtiyoqi har narsadan ham afzal ekanligini his qilish ham chin muhabbatning nishonasidir. Chunonchi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Meni eng ko‘p sevadiganlar mendan keyin kelib meni ko‘rish uchun yaqinlari va mol-u  dunyosidan ham vos kecha bilishga tayyor insonlardir”, - deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Yana shuni aytib o‘tish lozimki, U zotni huzurlarida baland ovozda gapirmaslik ham muhabbatga kiradi. Alloh taolo Hujurot surasida shunday marhamat qilgan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَرْفَعُوا أَصْوَاتَكُمْ فَوْقَ صَوْتِ النَّبِيِّ وَلَا تَجْهَرُوا لَهُ بِالْقَوْلِ كَجَهْرِ بَعْضِكُمْ لِبَعْضٍ أَنْ تَحْبَطَ أَعْمَالُكُمْ وَأَنْتُمْ لَا تَشْعُرُونَ 

Ey, iymon keltirganlar! Amallaringiz o‘zingiz sezmagan holingizda zoye bo‘lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg‘ambarning ovozidan yuqori ko‘tarmangiz va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag‘al so‘z) qilgandek baland ovoz qilmangiz! (Hujurot surasi, 1-2 oyatlar).

Ibn Kasir ushbu oyati karimaning tafsirini quyidagicha keltiradi: “Ulamolar mazkur oyati karimaga ko‘ra Payg‘ambarimizning qabrlari oldida baland ovozda gapirish ham makruh deyishgan”.

Alloh taolo barchalarimizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni chin ma’noda yaxshi ko‘radigan va ergashadigan, qiyomatda shafoatlariga loyiq bandalaridan qilsin! Omin!(davomi bor)

 

Jaloliddin Hamroqulov

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

08.05.2025   11082   1 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida ishchi guruh rahbarlari bilan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

VIDEO