Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat rivojlanib o‘ziga xos renessans vujudga keldi. Bu taraqqiyotga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
Sayyid Amir Kulol Amir Temurga mo‘g‘ullarga qarshi bosh ko‘targanda zafar tilab fotiha bergan va Xorazmga borishni maslahat bergan. Mir Kulolning xalifalaridan Bahouddin Naqshband, Shamsuddin Kulol (Amir Temurning piri), Orif Deggaroniy eng mashhurlari sanalgan. Uning hayoti haqida "Maqomati Mir Kulol" kitobi yaratilgan.
Sohibqironning yana bir piri Sayyid Baraka ham katta hurmat-e’tiborga sazovor shaxslardan bo‘lgan. Mir Sayyid Baraka birinchi uchrashuvdayoq Amir Temurga saltanat timsoli bo‘lgan nog‘ora va bayroq tuhfa qilgan. O‘zining ruhiy madadi, ko‘magi bilan hamisha Amir Temurga hamroh bo‘lgan, harbiy yurishlarida unga zafarlar tilab duoda bo‘lgan. Amir Temur vafot etganidan so‘ng vasiyatiga ko‘ra Sayyid Barakaning oyoq tomoniga dafn qilingan. Ulug‘ Amirning bunday vasiyat qilganidan u zotning Amir Temur davlatida katta nufuzga ega bo‘lgan deyish mumkin.
Amir Temur davlati markazlashgan davlat bo‘lib, Sharq xalqlari davlatchilik tajribalari va an’analarini, mustaqil davlatchilik uchun xos bo‘lgan xususiyatlarni, hisobga olgan holda o‘z davri uchun mukammal davlat organlari tizimi tashkil etilgan edi. Jumladan, Amir Temur davlatida davlat siyosatining muhim masalalari hal qilinadigan kengashlar katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Kengashlarda Amir Temurning qarindosh-urug‘lari, oliy ruhoniylar tabaqasining vakillari va olimlar, amirlar va amirul-umaro, beklarbegi, uluslar va tumanlar boshliqlari, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar, bahodir unvoniga ega bo‘lgan harbiylar va boshqalar ishtirok etgan. Ularning majlis paytida qayerda o‘tirishi yoki turishi, majlisni o‘tkazish tartibi aniq belgilab qo‘yilgan. Bunday kengashlarda din ahlining oliy vakillari ishtirok etishi, ularning mamlakatda katta nufuzga ega ekanliklaridan dalolat beradi. Buning e’tiborga molik jihati shuki, sayyidlar, qozilar, ulamo. fuzalo, shayxlar va ulug‘lar taxtning o‘ng tomonidan o‘rin olganlar. Amir Temur davlatida shayxulislom, sadri a’zam kabi mansabdor shaxslar ham faoliyat olib borgan.
Shayxulislom – musulmon jamoasining boshlig‘i bo‘lgan. Sadri a’zam lavozimidagi amaldor katta vakolatlarga ega bo‘lgan. Bu haqida “Temur tuzuklarida” shunday deyiladi: “Ravshan dinga rivoj berishda qo‘llagan birinchi tuzugim shu bo‘ldiki, sayyidlar orasidan layoqatli bittasini ahli islomga boshliq – sadr etib tayinladim. Barcha vaqflarni boshqarish va nazorat qilish uchun mutavalli tanlashni, har bir shahar va viloyatda qozi, muftiy, muhtasib tayinlashni uning o‘ziga havola qildim. U sayyidlar, ulamo, shayxlar va boshqa arboblarga loyiq suyurg‘ol belgilab, har birining vazifasini tayin qilsin, dedim”.
Mamlakatda islom qozisi faoliyat olib borgan va u ahdos qozisi va lashkar qozisidan farqli ravishda shariat asosida qaror chiqargan. Amir Temur davlat boshqaruviga oid masalalar yuzasidan din ahllari bilan maslahatlashib turgan. “Sayyidlar, ulamolar, shayxlar va fozillarni o‘zimga yaqinlashtirdim. Ular mening saroyimga doimo kelib-ketib, majlislarimni bezab turishdi. Diniy, huquqiy, aqliy masalalarni o‘rtaga tashlab, qimmatli fikrlar bildirishardi. Halol va haromga oid masalalarni men ulardan o‘rgandim”.
Keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, temuriylar davlatida sayyidlarning mavqei yuqori bo‘lgan. Buning sabablari sifatida quyidagilarni aytish mumkin: xojalar, sayyidlar somoniylar davridan boshlab davlat ishlarida muhim lavozimlarni egallaganlar. Ular naqib ul-nuqabo (ulug‘ naqib) va shayxulislom darajalariga ega bo‘lganlar. Lekin keyinchalik Chingizxonning O‘rta Osiyoni bosib olishi, ilm-fan va madaniyat o‘choqlari bo‘lgan masjidlar, madrasalar, kutubxonalarning vayron qilinishi, olimlarning quvg‘inga uchrashi, mahalliy mulkdorlar, jumladan, din ahli yuqori tabaqalarining mol-mulklari talon-taroj qilinishi oqibatida din peshvolari o‘zlarining avvalgi darajalarini yo‘qotdilar. Chunonchi, “Tuzuklarda” ta’kidlanishicha ko‘chmanchi mo‘g‘ullarning zulmidan sayyid va sayyidzodalardan yetmish kishi asir qilib olib ketilayotganda Amir Temur ularni qimmatbaho sovg‘alar evaziga qutqarib oladi. Shundan so‘ng Sohibqironning sayyidlar, xojalar oldida hurmati oshib, ularning qo‘llab-quvvatlashiga erishadi.
Amir Temur va uning vorislari yurt obodligi yo‘lida mo‘g‘ullar davrida to‘xtab qolgan masjid va madrasalar qurilishiga katta e’tibor bergan. Ko‘plab mulklarni masjid-madrasalarga vaqf qilib bergan. Ba’zi madrasalar vaqf mulklaridan tashqari, davlat xazinasidan ham moliyalashtirilgan. Madrasalarda ixtisosligiga ko‘ra turli fanlar chuqur o‘rgatilgan, masalan, Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida tabiiy va aniq fanlar, jumladan, astronomiya chuqur o‘rgatilgan. Ba’zi madrasalarda asosan davlat ma’muriyatida xizmat qiluvchi, davlatning diplomatik arboblari va lashkarboshilar tayyorlangan. Shunga ko‘ra, bunday madrasalarda Kaykovusning “Qobusnoma”, Nizomulmulkning “Siyar ul-mulk” (Siyosatnoma), Shayx Sa’diyning “Bo‘ston” va “Guliston” asarlari o‘qitilgan. Madrasalar qaysi sohaga yo‘naltirilishidan qat’i nazar unda dastlab, Qur’on, hadis, fiqh, tasavvuf va shu bilan bog‘liq ilmlar ta’lim dasturining asosini tashkil qilgan. Jumladan, tuzuklarda bu borada shunday deyilgan: «Noiblarimga katta-kichik har bir shaharda masjid, madrasa va xonaqohlar qurishni, yo‘lovchilar va musofirlar uchun yo‘l ustiga rabotlar solishni, daryolar ustiga ko‘priklar solishni buyurdim. Musulmonlarga diniy masalalardan ta’lim berib, shariat aqidalari va islom dini ilmlaridan tafsir, hadis, fiqhdan dars bersinlar deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim».
Naqshbandiylik tariqatining yirik vakili Xoja Ahror Valiy temuriylar davlatida katta nufuzga ega bo‘lgan. Temuriylar sulolasi vakillari Xoja Ahrorni hurmat qilib kelganlar. U kishi toj-u taxt uchun kurashayotgan shahzodalar o‘rtasiga tushib, ularni sulh tuzishga majbur qiladi, janjalli holatlarni tinch yo‘l bilan hal qilishga muvaffaq bo‘lgan va mamlakatni vayrongarchiliklardan xalos etgan. Temuriy Abusaid Mirzo 1451 yili Samarqand taxti uchun bo‘lgan kurash avjiga chiqqan paytda yordam so‘rab Xoja Ahrorga murojaat qiladi. Abusaid Mirzo va uning o‘g‘li Sulton Ahmad Mirzo hukmronligi davrida Xoja Ubaydullohning mavqei yanada oshadi. Chunonchi, Movarounnahr va Xurosonning turli shahar va qishloqlarida Xoja Ubaydullohga qarashli mol-mulk, yer va katta boyliklar vujudga keladi. Abusaid Mirzoning farmoni bilan Xoja Ubaydullohga qarashli yerlardan o‘ndan bir miqdorida soliq olingan, xolos. Boshqa yerlardan esa qo‘shimcha soliqlar ham undirilgan va bu dehqonlarni qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Shuning uchun ko‘pchilik dehqonlar yerlarini Xoja Ubaydullohga nazr qilish bilan uning nomiga o‘tkazib, o‘zlari o‘sha yerlarda ishlashni davom ettirardi va qo‘shimcha soliqlardan xalos bo‘lardi. Xoja Ahror beva-bechoralarga va kambag‘allarga ham yordam bergani to‘g‘risida tarixiy manbalarda ma’lumotlar bor. Xususan, tarixchi Mir Sayyid Sharif Roqimiyning “Tarixi Roqimiy” risolasida yozishicha “Xoja Ahrorning maxsus yer maydoni bo‘lib undan olingan hosilni beva-bechoralar va muhtojlarga tarqatgan. Xoja Ubaydulloh Ahror Turkiston va Xurosonda tutgan siyosiy va ijtimoiy yuksak maqomidan tashqari, o‘zidan qoldirgan ilmiy merosi va qimmatli asarlari bilan ham diqqat-e’tibor markazida turadi. Xoja Ahror o‘z maktublarida xalqning g‘amini yeyish, oddiy insonlarning hojatini chiqarish kabi xayrli va savobli ishlarga undardi. Ana shunday insoniy fazilatlari tufayli Xoja Ahror “yaxshilar qutbi”, “shayxlar shayxi” kabi sifatlar hamda “Ahror” (erkin kishilarning sardori), “Nosiruddin” (dinning yordamchisi) laqablari bilan shuhrat qozongan.
Xulosa qilib aytganda, temuriylar davrida mo‘g‘ullar bosqini natijasida oyoqosti qilingan madaniy boyliklar, ma’naviy meros va qadriyatlar tiklangan. Ilm maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ma’rifatga intilish, komil inson tarbiyasiga katta e’tibor qaratilgan. Buning samarasi o‘laroq, naqshbandiylik tariqati jamiyat hayotida keng tarqalgan, din ulamolarining mavqei oshgan. Bu davr jahon tarixidan va milliy davlatchiligimiz tarixidan munosib joy olgan.
Robiya SAIDXANBALOVA,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati