Bir mo‘min tushida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdi. Rasululloh unga hech e’tibor bermadilar. Shunda u odam iztirobga tushib: “Yo Allohning Rasuli! Mendan xafamisiz?” deb so‘radi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q”, dedilar. “Unda nega menga qaramayapsiz?” deb so‘radi haligi odam. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chunki seni tanimayman!” deb javob berdilar. “Nega tanimaysiz? Men sizning ummatingizman. Holbuki, olimlarning aytishicha, siz har bir ummatingizni ona o‘z farzandini tanigandan ham yaxshiroq tanir ekansiz”, dedi odam.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ulamolar to‘g‘ri aytgan. Lekin men senda mening axloqimdan biron alomat ko‘rmayapman va sening menga hech salavotu saloming kelmadi. Mening ummatimdan birini tanishim axloqimning unda qay darajada borligiga bog‘liq”, dedilar.
Odam uyg‘onganda tushini o‘yladi va shu ondanoq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlarini o‘z hayotiga tatbiq etishga kirishdi. Bir muddat o‘tgach, takroran Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tushida ko‘rdi. Payg‘ambarimiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Endi tanidim”, dedilar.
Sevikli Payg‘ambarimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga ergashish, u zotni chin dildan sevish, ta’limotlariga amal qilib, dunyo va oxirat saodatini topish yo‘lida harakat qilishimiz, qiyomat kunida shafoatlaridan umidvor bo‘lishimiz lozim. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda: «Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir» (Oli Imron surasi, 31-oyat) deb ta’kidlaydi.
Demak, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni chin dildan sevish, u zotga haqiqiy ummat bo‘lishga harakat qilish Alloh taolo muhabbatiga, gunohlarni mag‘firat qilinishiga olib kelar ekan. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini insonlarga ta’lim berib, ularning yoyilishiga xizmat qilish, u Zotga bo‘lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi.
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.