Payg‘ambar alayhissalom va u zotning as'hoblari, ularning hayotlari barcha mo‘minlarga ibrat maktabini o‘taydi. Quyida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning suyukli sahobiylaridan hazrati Umar roziyallohu anhuning kelin tanlashdagi uslublariga oid rivoyatni keltiramiz:
“Hazrat Umar roziyallohu anhu tunlarning birida, odatlariga ko‘ra, xalqning holidan xabar olish uchun Madina ko‘chalarini aylanib yurgan edilar. Bir uyning oldidan o‘tib qoldilar. Ichkaridan ona bilan va qizining o‘zaro suhbati quloqlariga chalindi. Ona qiziga: “Bugun sotishga sutimiz oz ekan. Ozroq suv qo‘shib sotamiz”, dedi. Qiz: “Onajon, bunday qilishni amirul mo‘minin man qilgan-ku,uni ustiga jarchilar butun Madinaga e’lon qilganliklarini eshitdingiz, aslo unday qila olmaymiz”, degan edi, ona: “Namuncha qo‘rqmasang, hech kim bilmaydi, birov ko‘rarmidi, xalifa ham uxlab yotgan bo‘lsa, qayerdan biladi”, dedi. Shunda qiz: “Onajon, mayli, xalifa ko‘rmasalar ham, ulardan ulug‘roq Zot Alloh ko‘rib, bilib turibdiku”, dedi. Qizning bu so‘zlarini eshitgan Umar roziyallohu anhu uning Allohdan qo‘rquvi, ixlosini ko‘rib quvondilar. Yonlaridagi hamrohlariga: “Bu uyni eslab qol”, deb, u yerdan ketdilar. Ertasi kuni xizmatkorlariga “Kechagi oila haqida bilib kel”, deb topshiriq berdilar. Qul u yerga borib keldi va hazrati Umarga: “Haligi ayol beva, qizi esa hali turmushga chiqmagan ekan, turmush mashaqqatlari ularni ancha qiynab qo‘ygan ekan”, dedi. Shunda, Umar roziyallohu anhu shunday muslima, Allohdan qo‘rqadigan muslima qizni topganlaridan xursand bo‘lib, o‘g‘illarini to‘pladilar va ularga qarata: “Qay biringizni uylantirib qo‘yay?”, dedilar. O‘g‘illari: “Kimga, otajon?”, dedilar. “Bir sutchining qiziga”, dedilar. O‘g‘illaridan biri rozi bo‘ldi. Shunday qilib, Umar roziyallohu anhu o‘sha qizni kelin qildilar. Mana shu nikohdan ulug‘ xalifa, olimlar imomi, taqvoda peshqadam Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh dunyoga keldilar.
Xulosa qilib aytganda, Umar roziyallohu anhu doimo, kunu-tun mo‘min-musulmonlarning g‘amida bo‘lgan ekanlar, butun musulmon olamiga xalifa bo‘lishlariga qaramasdan, oddiy sutchi ayol bilan quda bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Kelin tanlashda dindorini tanlaglar”, degan hadislariga amal qilgan ekanlar.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Muhammad Zohid MUBASHSHIROV
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.
Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati