Tug‘ilish, yashash va vafot etish haqidagi tushunchalar borasida Islom dini ta’limotlarida batafsil bayon qilingan. Jumladan, o‘lim haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan:
كُلّ نَفْسٍ ذآئِقَةُ المَوْتِ
“Har bir jon o‘limni totguvchidir” (“Oli Imron” surasi, 185-oyat).
Ushbu oyatning mazmunidan o‘lim shubhasiz haq ekanligi va har bir inson dunyoga kelganidan keyin vafot etishi ochiq-oydin bilinib turibdi. Hattoki, Allohning payg‘ambarlari ham bundan mustasno emaslar. Bandalar orasida Alloh taologa eng suyuklisi bo‘lmish Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning vafotlari dunyodagi eng ulkan musibat bo‘ldi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajini ado etib, Arafotda turganlarida Alloh taolo u zotga quyidagi oyatni nozil qildi:
“Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo‘lishiga rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3- oyat).
Ushbu oyatning nozil bo‘lishi, Payg‘ambarimiz alayhissalomga umrlari nihoyalab qolganiga ishora edi. Shuning uchun ham vidolashuv hajida sahobalarga “Men sizlar bilan keyingi yil uchrashmasam kerak”, degan edilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom Zulhijja oyining tugashiga 5 kun qolganida hajdan qaytdilar. Yangi 11-hijriy yilning Muharram oyi ham o‘tdi. Safar oyining oxiriga kelib, xastaliklari boshlandi. Rasululloh alayhissalom vafotlaridan 8 kun oldin Oisha onamiz roziyallohu anhoning uylariga borgan edilar. U zotning oxirgi imom bo‘lib o‘qib bergan namozlari Rabiul avval oyining payshanba kunidagi shom namozi edi. Hijriy 11-yil, Rabiul avval oyining 12-sanasi, dushanba kuni zuho (choshgoh) vaqtida vafot etdilar. Mazkur sana milodiy 632-yilning 6-iyuniga to‘g‘ri keladi. Nabiy alayhissalom Madinai munavvaradagi Masjidun nabaviyning sharqiy devoriga tutash hujrai saodatlariga dafn qilindilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning dafn etilgan kunlari hijriy 11-yil, Rabiul avval oyining 13 dan 14 ga (ya’ni, seshanbadan chorshanbaga) o‘tar kechasi bo‘lib, u milodiy 632-yil 7-8- iyunga to‘g‘ri keladi. Nabiy alayhissalomning muborak jasadlarini Ali roziyallohu anhu yuvdilar.
Butun olamlarni yaratgan Allohga hamdu-sanolarimiz bo‘lsin. Umri davomida insonlar uchun qayg‘urib, so‘ngi nafasigacha “Ummatim!” deb bu dunyodan u dunyoga rihlat qilgan zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu-salomlarimiz bo‘lsin.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Oybek MA’RUPOV.
Bugun Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Shoh Mashrab” jome masjidida imom-xatiblar, noiblar va otinoyilar ishtirokida 2025 yil yakunlari hamda 2026 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hafizullo domla Zayniyev so‘zga chiqib, yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar va soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni, xususan, imomlarning shaxsiy namuna bo‘lishlari muhimligini ta’kidladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman bo‘yicha bosh mutaxassisi Shoxruhmirza Mamadiyev esa hududdagi xayriya ishlari va ma’naviy targ‘ibot tadbirlarining samaradorligiga to‘xtaldi.
Yig‘ilishda otinoyilar oldida turgan dolzarb vazifalar — «mahallabay» ishlash, oilalarni yarashtirish va bid’at-xurofotlarga qarshi kurashish masalalari alohida muhokama qilindi.
Tadbir yakunida faol imomlar va otinoyilar tuman hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati