Har birimiz hayotimiz davomida kasal bo‘lamiz. Bilsak kasallik ham gunohlarimizga kafforot ham sinovdir. Bemor dori-darmonlarni iste’mol qilish bilan birga Qur’oni karim va hadislarda vorid bo‘lgan duolarni o‘qishi ham lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bemor inson salomatligini asrashi uchun qilgan ba’zi tavsiyalarini keltirib o‘tamiz.
Avvalo inson salomatligi uchun me’yorida ovqatlanishi lozim. Chunki ortiqcha ovqatlanish insonning ham jismonan, ham ruhan zaiflashiga sabab bo‘ladi. To‘g‘ri ovqatlanish inson salomatligining asosiy omillaridandir. Shu sababli, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga ovqatlanish odobini o‘rgatib bunday deganlar: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan yemak kifoyadir. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, ichimligi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdir bir” (Imom Ahmad, Termiziy rivoyati).
Ikkinchidan, asal va qora sedana iste’mol qilishga odatlanish kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Sedana o‘limdan boshqa barcha xastaliklarga shifodir”.
Bir qator mutaxassislar olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, qora sedana inson quvvatini oshirishda, ko‘plab kasalliklarga qarshi kurashda samarali hisoblanadi.
Shuningdek, asal ham inson tanasiga quvvat bag‘ishlovchi, ishtahani ochuvchi, asab tizimini hamda yurak-qon tomirlarini yaxshilovchi xususiyatga ega. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Asal iste’mol qilinglar, u ko‘p kasalliklarga shifodir”, deganlar.
Uchinchidan, Yaratgandan sihat-salomatlik so‘rab duo qiling. Barcha dard ham, shifo ham Allohning irodasi bilan bo‘ladi. Alloh ist’emol qiladigan dori-darmonimizni sabab qilib O‘zi shifo beradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachonki biror yerlari og‘risa muborak qo‘llarini og‘riyotgan joyga qo‘yib uch marotaba “Bismillah” deb, yetti marotaba bunday der edilar: “A’uzu billahi va qudratihi min sharri ma ajidu va uhoziru” (Imom Ahmad, Imom Muslim rivoyati).
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, kimki kasal bo‘ladimi, yo sog‘ bo‘ladimi hamisha Allohning roziligiga intilish lozim. Albatta, Alloh har narsaga Qodir, ne’matlarini beminnat beruvchi va har narsadan xabardor Zotdir.
Davron NURMUHAMMAD
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati