Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2025   |   14 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:35
Xufton
21:03
Bismillah
12 May, 2025, 14 Zulqa`da, 1446

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov

28.11.2017   55141   4 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari 1950 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ziyoli oilada tavallud topganlar. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olganlar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom noibi vazifasida, 1987-1989 yillarda, so‘ngra yana 1990-2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritganlar. Shu bilan birga, 2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida ishlaganlar.
Usmonxon Alimov hazratlari 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlanib, 13 yildan buyon shu lavozimda samarali faoliyat olib bormoqdalar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosidagi obro‘-e’tiborli ulamolardan biridir. 2012 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylanganlar.
Islom dini ma’rifatini keng tarqatish, buzg‘unchi kuchlarga qarshi birgalikda kurashish va o‘zaro hamkorlikdagi keng ko‘lamli ishlar uchun U.Alimov Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan taqdirlangan.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Markaziy Osiyo musulmonlari ma’naviy taraqqiyotiga ko‘p yillar xizmat qilgani, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqligi, urf-odatlarni tiklash va asrab-avaylashga qo‘shgan hissasi uchun Qirg‘iziston musulmonlari idorasining 1-darajali «Ыntimoq» medali («Ittifoq») bilan taqdirlangan.
So‘nggi yillarda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro e’tibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e’lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladilar. U o‘tgan 10 yildan buyon ushbu ro‘yxatdan mustahkam joy olib kelmoqdalar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi (avvalgi Toshkent islom universiteti) faxriy doktori unvoniga ega bo‘lganlar.
Muftiy hazratlari Islom dini ma’rifatining tolmas targ‘ibotchisi hamdir. U kishi yurtimiz masjid va madrasalari diniy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish, o‘quv rejalari va dasturlarini tayyorlash hamda ularni hayotga tatbiq etish ishlariga bevosita boshchilik qilmoqdalar.
Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli ma’ruzalari bilan muntazam ishtirok etmoqdalar. Jumladan, 2019 yil davomida 10 dan ziyod xorijiy mamlakatlardagi nufuzli anjumanlarda dolzarb mavzularda nutq so‘zladilar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqola muallifi hisoblanadi hamda tele, radio dasturlarda dolzarb mavzularda chiqishlar qilgan. Jumladan, uning “Tafsiri Irfon”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti ”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “So‘ragan edingiz” kabi asarlari chop etilgan.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tomonidan ta’lif etilgan Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi va tafsiri kitobi – “Tafsiri Irfon” bugungi voqeligimizga moslab, xalqchil tilda, ayni chog‘da, yuksak ilmiy mahorat bilan tarjima va tafsir etilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari davrlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan qo‘shni va xorij davlatlari musulmonlari diniy idorasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni o‘rnatishga erishildi.
Alloh taoloning inoyati ila mana shunday salmoqli ishlar muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida bardavom bo‘lmoqda.

 

Boshqa maqolalar

Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

12.05.2025   1442   2 min.
Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.

Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.

Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.

Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.

U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.

Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.

Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi. 

Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.

Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.

Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.

Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.

            

Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.