1944 yili Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirganidan so‘ng harbiy xizmatga chaqirildi. Keyin Oltiariq tumani, Marg‘ilon shahridagi turli idoralarda xizmat qildi. 1975–79-yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Oliy ma’hadni bitirgach, “Sovet Sharqi musulmonlari” jurnali tahririyatida mas’ul kotib bo‘ldi. 1980–81-yillari Sudan Respublikasi Islom universitetida tahsilni davom ettirdi. 1982–2006 yillari diniy idora Fatvo bo‘limi mudiri, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, “Movarounnahr” nashriyoti mudiri, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Toshkent Islom universiteti prorektori kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qildi. 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosaridir.
Shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” qayta-qayta nashr qilindi. Ustoz “Sahihi Buxoriy”ni tarjima va sharh qilib, ikki jildda nashr ettirgan. Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida tuzilgan diniy adabiyotlar nashri bo‘yicha maxsus hay’at raisidir.
Shayx Abdulaziz Mansur Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon olimlari oliy hay’ati a’zosi. Ko‘plab maqolalar, kitoblar muallifidir.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 10 dekabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati