Jahon fani uchun Movarounnahrda faoliyat olib borgan olimlar qatorida faqihlarning merosini o‘rganish ham katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda islom huquqi tarixiy-ma’naviy meros sifatida baholanib, uni ilmiy o‘rganish jarayoni boshlangan. Mazkur jarayonda movarounnahrlik faqihlarning jahon huquqiy tafakkuri taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini nechog‘lik ahamiyatli ekanini atroflicha chuqur tadqiq qilish davr talabiga aylandi. Bu borada Markaziy Osiyodagi faqihlar faoliyati, hanafiy mazhabining yurtimizda rivojlanish tarixi hamda uni o‘rganishga bag‘ishlangan ayrim kompleks ishlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Haqiqatan ham, faqihlarning huquqiy qarashlari faqat ular yashab ijod etgan davr uchungina xos bo‘lib qolmasdan, hozirgi davrda ham o‘z ilmiy qiymatini yo‘qotgan emas. Movarounnahrlik faqihlar islom olamining boshqa mintaqalarida ham e’tirof etilgan bo‘lib, ular tomonidan ta’lif etilgan fiqhiy asarlar hozirgi kunda islom olamining nufuzli ilm dargohlarida huquqshunoslik bo‘yicha asosiy qo‘llanma vazifasini o‘tamoqda. Bu esa o‘z navbatida Movarounnahr fiqh ilmining yuzaga kelishi, rivojlanish bosqichlari, yo‘nalishlari, o‘ziga xos jihatlari va an’analarini o‘rganishga jiddiy yondashuv lozimligini ko‘rsatadi.
Yurtimizda fiqh ilmi rivojlangan markazlarni mintaqaviy jihatdan tadqiq etish o‘ziga xos bir yo‘nalish bo‘lsa, yirik faqihlar hayoti va ilmiy meroslarini maxsus o‘rganish yana bir boshqa sermahsul yondashuv hisoblanadi. Movarounnahrlik yirik faqihlardan biri Majduddin al-Ustrushaniy (577-637/1180-1240 yildan keyin)ning hayoti, ijodi va alloma yashagan davrni ilmiy o‘rganish dolzarb masalalardan biridir.
Movarounnahr mintaqasida fiqh ilmi tarixi va faqihlar faoliyati bo‘yicha O‘zbekistonda va xorijiy davlatlarda qator ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Mintaqaning nufuzli markazlaridan biri bo‘lgan Samarqanddagi mazkur ilm rivojini yoritishda asosan uning ko‘zga ko‘ringan vakili Burhonuddin al-Marg‘inoniy hayoti va ijodiga e’tibor qaratiladi. Uning shogirdi Majduddin Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy faoliyati va ilmiy merosi ham tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolmadi. Bir qator olimlar faqihning tarjimayi holini tarixiy-biografik asarlar ma’lumotlariga tayangan holda bir oz o‘rganganlar. Ammo Majduddin al-Ustrushaniyning o‘z asarlarida berilgan qimmatli avtobiografik ma’lumotlar esa tadqiqotchilar diqqat e’tiboridan chetda qoldi.
Allomaning ko‘p sonli asarlaridan birgina «Jomi’ ahkom as-sig‘or» chop etilgan bo‘lsa-da, u hozirgacha yetarlicha tadqiq qilinmagan. Shuni ham aytish lozimki, ushbu nashrlarni amalga oshirishda ma’lum tekstologik xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bir guruh saudiyalik tadqiqotchilar allomaning «Kitob al-fusul» asaridan muayyan bo‘laklarni ilmiy jihatdan chegaralangan, faqat zamonaviy shariat ilmlari doirasida tahlil etib, tadqiqot olib bordilar. Movarounnahr fiqh ilmi tarixiga bag‘ishlangan umumiy xususiyatdagi tadqiqotlarda Majduddin al-Ustrushaniy hayoti va ba’zi asarlarigina zikr etib o‘tiladi. Ammo yuqorida ko‘rsatilgan ishlarda Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy hayoti, ilmiy merosi va allomaning Movarounnahr madaniyati tarixida tutgan o‘rni masalalari kompleks ravishda maxsus tadqiq etilmagan.
Allomaning to‘liq nomi Abul-Fath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin al-Ustrushaniy bo‘lib, u XII asrning oxiri va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Olim Ustrushanada tug‘ilib, keyin oilasi bilan Samarqandga ko‘chib o‘tadi va shu yerda ijodiy faoliyat olib boradi. Majduddin al-Ustrushaniyning hayotlik davri Samarqand fiqh maktabi rivojining so‘nggi davri va mo‘g‘ullar istilosining dastlabki bosqichiga to‘g‘ri keladi. Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning ilmiy merosini o‘rganish orqali mo‘g‘ullar istilosidan keyingi dastlabki yillar jamiyatda faqihlarning o‘rnini belgilashga taalluqli masalalarga oydinlik kiritishga imkon yaratiladi.
Sharq musulmon mamlakatlarida yaratilgan tabaqot turkumidagi manbalarda Muhammad ibn Mahmud Majduddin al-Ustrushaniy ilmiy-ma’naviy merosi haqida umumiy ma’lumot berib o‘tilgan. Jumladan, Abdulqodir ibn Abi-l-Vafo al-Qurashiy (vaf. 775/1373 y.), Hojiy Xalifa (vaf. 1067/1657 y.), Muhammad Abdulhay al-Laknaviy (vaf. 1304/1886 y.) va Xayruddin az-Zirikliy kabi biograflarning asarlarida Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning tarjimayi holi va uning ikki asari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Turkiyalik Ahmed Uzel o‘z tadqiqotida Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy ilmiy merosi to‘g‘risidagi qisqa ma’lumotlarni bayon etgan. Yana bir turkiyalik olim Xolit Unal esa Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning qisqacha tarjimayi holi va uning «al-Fatovo» asari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni keltirgan.
Xorijiy Sharq musulmon mamlakatlari zamonaviy tadqiqotchilari Abdulhamid Abdulxoliq al-Bayzaliy, Abu Musab al-Badriy hamda Mahmud Abdurrahmon Abdulmunim kabilar Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarini yangidan nashr qilganlar. Saudiyalik Fahd ibn Nosir ibn Farroj al-Faridiy, Abdurrahmon ibn Usmon al-Murshid, Sulaymon al-Xamis kabi tadqiqotchilar allomaning «Kitob al-Fusul» asari asosida tadqiqot ishi olib borganlar.
Tadqiqotchi A.Mo‘minov o‘zining nomzodlik dissertatsiyasida Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning ilmiy merosiga qisqacha to‘xtalib o‘tgan. O‘zbekistonlik tadqiqotchi olimlardan M.Komilov, O.Qoriyev, A.Sh. Jo‘zjoniy, N.J.Yusupova kabilar o‘z tadqiqotlarida Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning otasi haqida qisqa ma’lumot berganlar.
Ammo yuqorida zikr etilgan ishlarda Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning hayoti va uning ilmiy merosi kompleks ravishda tadqiq qilinmagan. Ularning izlanishlarida allomaning ismigina ta’kidlab o‘tilgan bo‘lib, ularning bosh ilmiy maqsadi Majduddin al-Ustrushaniyning asari matnini nashr etishdan iborat bo‘lgan.
Yevropalik sharqshunoslar tomonidan Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy hayoti va ilmiy merosiga oid tadqiqotlar amalga oshirilmagan. Faqat birgina Karl Brokkelman (Germaniya) Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning ilmiy merosi haqida umumiy tarzdagi muxtasar ma’lumotlarni keltirish bilan kifoyalangan, xolos.
Ko‘rinib turibdiki, Majduddin al-Ustrushaniy hayoti va merosi haqidagi ma’lumot yetarli emas. Ammo tadqiqot jarayonida olimning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalardan birida uning zamona ilmiy jamoatchiligi e’tiboridan chetda qolib kelayotgan «al-As’ila va-l-ajviba» («Savollar va javoblar») asari mavjudligi aniqlandi. Bu asar hanuzgacha hech bir tabaqot janriga oid asarlarda qayd etilmagan. Asar bizga alloma hayoti haqida tamomila yangi ma’lumotlarni berdi. Natijada alloma haqidagi ayrim fikr-mulohazalar bir tomondan oydinlashsa, ikkinchi tomondan, yanada chigallashdi. Gap shundaki, mavjud manba va tadqiqotlarda Majduddin al-Ustrushaniy 632/1234-35 yilda vafot etgan, deb qayd etilib, tug‘ilgan yili esa zikr etilmagan edi. Ammo olimning o‘zi «al-As’ila va-l-ajviba» asarining xotima qismida shunday yozgan: «...Lekin kunlar 60 yoshli oqsoq kampir singari o‘z yopinchig‘iga o‘ralib, mendan yuz o‘girib ketdi. ...Kitobni tamomlash tongi hijriy 637 sananing zu-l-qa’da oyining oltinchi kuni peshindan oldinroq yorishdi».
Agar mazkur axborot inobatga olinsa, olim hijriy 637/1240 yilda hali hayot, yoshi esa 60 da bo‘lgani haqida xulosa chiqarish mumkin. Demak, Majduddin al-Ustrushaniyning boshqa mavjud manbalarda ko‘rsatilgan 632/1234-35 yildagi vafoti noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Agarda olim ushbu asarini 637/1240 yil 28 mayda 60 yoshida tugatgan bo‘lsa, demak, uning tug‘ilgan sanasini 577/1180 yil atrofida deb faraz qilish mumkin. Ya’ni asar yozib tugatilgan sanadan 60 yoshni chegirib tashlansa, olimning tug‘ilgan yili oydinlashadi. Ammo olimning vafot sanasi noma’lumligicha qolmoqda. Biz yuqoridagi ma’lumotlarga tayanib, Majduddin al-Ustrushaniy taxminan 637/1240 yildan so‘ng vafot etgan deyishimiz mumkin.
Alloma o‘zining yoshlik yillari haqida shunday deydi: «O‘zimni murakkab masalalarni mutolaa qilishga va daqiq (nozik) dalillarni mushohada etishga o‘rgatib, tasnif etilgan ajoyib kitoblardan bahramand bo‘lishga va ahkom sohasida ta’lif etilgan halol va harom nimaligi bayon qilingan asarlardan to‘g‘ri yo‘l izlab topishga himmatimni jalb qildim».
Muhammad ibn Mahmud ibn al-Husayn Majduddin al-Ustrushaniyning ilmiy-ma’naviy merosini «Kitob al-fusul», «Jomi’ ahkom as-sig‘or», «al-Fatovo», «al-Qurud va-d-duyun» va «al-As’ila va-l-ajviba» kabi asarlari tashkil etadi.
Majduddin al-Ustrushaniyning ilmiy dunyoqarashi shakllanishida oilaviy muhitning ahamiyati salmoqli bo‘lgan. Olim bir necha avlod faqihlar sulolasining davomchisi bo‘lgan, deyish mumkin.
Zero, manbalar uning bobosi Majduddin al-Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniy o‘qimishli va ziyoli oilada tarbiya topganligi haqida guvohlik beradi. Alloma XII asrda Ustrushanada yashab, fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Otasi Mahmud o‘z zamonasida «Jaloluddin» («Din ulug‘ligi») degan sharafli unvonga sazovor bo‘ladi. Amakisi Burhonuddin Ahmad ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniy ham faqih bo‘lib, «Kitob al-fatovo» nomli fiqhiy asar ta’lif etgan. Alloma o‘zining amakisi haqida «Kitob al-fusul» va «al-As’ila va-l-ajviba» asarlarida ma’lumotlar keltiradi. Muallif o‘z asarlarida amakisining fikrlaridan keng foydalangan.
Onasining bobosi «Shams al-aimma» («Imomlar quyoshi») sharafli unvonga va tog‘asi Muhammad ibn Ahmad esa «Shamsuddin» («Din quyoshi») laqabiga ega bo‘lganlari haqidagi ma’lumotlar manbalar asosida aniqlandi. Shuningdek, Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning o‘zi muftiy bo‘lgan va o‘z zamonasining mujtahid olimlaridan hisoblangan.
Olimning ilk ustozi – o‘z otasi faqih Mahmud ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniy bo‘lgan. Mavjud manbalarda uning ismi «Sohib al-fusul»ning otasi yoki Burhonuddin al-Marg‘inoniyning shogirdi sifatida zikr etilishi, uning sha’niga qisqacha madh bitish talabga aylangani uning ilm ahli orasida katta obro‘-e’tibor va hurmatga sazovor bo‘lganidan darak beradi. Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniyning «al-Favoid» nomli fiqhiy asar yozganligi ma’lum.
Tadqiqotchi Odil Qoriyev «Al-Marg‘inoniy – mashhur fiqhshunos» risolasida allomaga quyidagicha ta’rif beradi: «Jaloluddin Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniy Farg‘ona viloyatida tavallud topgan. Fiqh ilmida Burhonuddin al-Marg‘inoniydan ta’lim olgan. Keyinchalik o‘zi ham Shayxulislom, Jaloluddin va Burhonuddin kabi sharafli nomlarga ega bo‘lgan». To‘g‘ri, Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniy fiqh ilmida Burhonuddin al-Marg‘inoniydan ta’lim olgan. Lekin Odil Qoriyev ta’kidlaganidek, Farg‘onada emas, balki Ustrushanada tavallud topgan.
Alloma haqida A.Sh. Jo‘zjoniy, N.J. Yusupova «Burhoniddin Marg‘inoniy: hayoti va ilmiy merosi» risolasida Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniy Burhonuddin al-Marg‘inoniyning avlodlaridan bo‘lgan, deb ta’rif berilgan. Ammo manbalarda Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniy Burhonuddin al-Marg‘inoniyning faqat shogirdi sifatida tilga olinadi, xolos.
Muzaffar Komilov o‘zining «Movarounnahrda fiqh ilmining rivoji va faqih Alouddin as-Samarqandiy» tadqiqotida «Movarounnahr faqihi Burhonuddin Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniy vafoti taxminan XII asr» deb ta’rif beradi.
Mahmud ibn al-Husayn al-Ustrushaniy haqida aniq ma’lumotni uning o‘g‘li qalamiga mansub «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarining xotimasidan olish mumkin: «Otam Shayx al-imom al-muttaqiy Jalol al-milla va-d-din muftiy al-umma Mahmud ibn shayx al-imom al-ajal al-kabir majid al-milla va-d-din al-Husayn ibn Ahmad, otamning umrini uzoq qilsin va otasini rahmat qilsin...».
Yuqoridagi ma’lumotga tayanib, Majduddin al-Ustrushaniyning bobosi Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniy olim o‘z kitobini yozib tugatganida vafot etgan, otasi Mahmud ibn Husayn esa hayot bo‘lgan, deb xulosalash mumkin.
Muallif «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarining tugallangan sanasini asarning xotima qismi so‘ngida yozib qo‘ygan: «Ushbu kitob ta’lif va tahriridan 625 hijriy yil sha’bon oyining 24-kunida forig‘ bo‘ldim. Alloh subhonahu va taolo biluvchiroqdir va Uning huzuriga qaytishlik haqdir».
Demak, Majduddin al-Ustrushaniy o‘zining bu asarini 625/1228 yil 28 iyulda tugatgan vaqtida bobosi Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniy vafot etgan va otasi Mahmud esa hayot bo‘lgan. Yuqoridagi ma’lumotlarga tayanib, biz Mahmud ibn Husayn 625/1228 yildan keyin Samarqandda vafot etgan, deb xulosa qilishimiz mumkin.
Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniyning oilasi Samarqandga qachon ko‘chib kelgani tadqiqotchilarning nazaridan chetda qolib kelgan. Ushbu masala haqidagi muhim ma’lumotni Hoji Xalifa o‘zining «Kashf az-zunun» asarida quyidagicha keltiradi: «ash-Shayx al-imom az-zohid Jaloluddin «Fusul» va «Jomi’ ahkom as-sig‘or» muallifining otasi Mahmud ibn shayx Majduddin al-Husayn ibn Ahmad al-Ustrushaniy Nosiruddin Muhammad ibn Yusuf al-Husayniy as-Samarqandiy (vaf. 556/1161 y.)ning «Multaqat fi al-fatovo» asarini 603/1207 yilda Ustrushanada tajnis qilib (ya’ni tartibga solib qismga ajratmoq), 616/1219 yilda Samarqandda imlo qildi».
Bu ma’lumotdan shunday xulosa qilish mumkinki, Majduddin al-Ustrushaniylar oilasi 603/1207 yilgacha Ustrushanada yashagan. Samarqandga esa 603/1207 va 616/1219 yillar orasida ko‘chib kelib, shu yerda muqim yashay boshlagan. Bu vaqtda Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy 27 va 39 yosh oralig‘ida bo‘lgan.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi.
Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.
Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.
San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.
“50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov.
Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi.
Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi.
Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.
O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.
“Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda. Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati