“Lut o‘z qavmiga: “Albatta sizlar shunday buzuqlik qilmoqdasizlarki, sizlardan ilgari butun olamlardan biron kimsa bunday qilmagan edi. Haqiqatan sizlar (xotinlaringizni qo‘yib)erkaklarga borurmisizlar, yo‘lto‘sar qaroqchilik qilurmisizlar, majlislaringizda yolg‘on ishlar qilurmisizlar?” deganini eslang. Bas, Lut qavmining javobi faqat “Agar sen rostgo‘y kishilardan bo‘lsang, bizlarga Allohning azobini keltirchi” deyishlari bo‘ldi” (Ankabut surasi, 28-29-oyatlar).
O‘tgan ummatlar qissalarining Qur’onda zikr qilinishi hikmatlaridan biri ulardan ibrat olishimiz uchundir. Yuqoridagi oyat tafsirida keladiki: Jibril (alayhissalom) Allohning buyrug‘i bilan Lut qavmi yashaydigan qishloqni balandga ko‘tardiki, hatto osmondagi farishtalar itlarning vovillashini eshitdilar. So‘ng ularni ag‘darib o‘sha balandlikdan tashlab yubordi. Keyin Alloh taolo ular ustiga yomg‘ir kabi toshlarni yog‘dirdi. Bu azoblarning barchasi ular qilgan gunohlari sababli edi. Natijada ular qiyomatgacha yomonlik bilan zikr qilinadigan bo‘ldilar.
Bu oyat haqida imom Ajuriy (rohimahulloh) shunday dedilar: “Alloh taolo Lut qavmining qilgan yomon fasod ishlari haqida sizlarga xabar berdi. Alloh taolo ularning ko‘zlarini ko‘r qildi. So‘ng Jibril (alayhissalom) qanotlari bilan qishloq ahlini osmonga ko‘tardi va teskari qilib pastga tashladi. So‘ng ustlariga osmondan toshlar yog‘ildi va barchalari halok bo‘ldilar. Aytiladiki, ular to‘rt ming kishi edilar”.
Bu kabi ma’siyatlardan uzoq bo‘lish uchun quyidagilarga e’tiborli bo‘lish zarur:
1. Gunohlarni oson qilib va ziynatlab ko‘rsatuvchi do‘stlardan uzoq bo‘lish.
2. Qaraganda shahvoniy nafsni qo‘zg‘atuvchi narsalardan ko‘z yumish.
3. Nafsini poklash uchun tezroq uylanishga harakat qilish. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim qodir bo‘lsa uylansin...”
4. Uylanishga qodir bo‘lmasa, shahvatni kesuvchi ro‘zani ko‘proq tutish. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Albatta, shayton Odam bolasining qon tomirida yuradi. Uning yo‘lini ochlik bilan toraytiringlar”.
5. Bo‘sh vaqtlarini inson o‘zi uchun dunyo va oxiratda foyda beruvchi narsalar bilan o‘tkazish. Bu borada ota-onalar e’tiborni bolalardan qochirmasligi kerak.
Bu ummatlarning ahvollaridan ibratlanib, bunday gunohlardan uzoq bo‘lish kerak. Chunki hozirgi kunimizda avvalgi ota-bobolarimizda bo‘lmagan o‘ta xatarli kasalliklarning paydo bo‘lishi, bizlardan sodir bo‘layotgan gunohlarimiz sabablidir.
Ey Allohim, bizlarni doimo to‘g‘ri yo‘lingda sobitqadam qilib, fitnalardan omonda saqlagin.
Jabborali NURMATOV,
Toshkent Islom instituti katta o‘qituvchisi.
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar