Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

ALIMЕNT TO‘LASH ERKAK VAZIFASI

25.11.2017   8916   9 min.
ALIMЕNT TO‘LASH ERKAK VAZIFASI

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ogoh bo‘lingkim, har biringiz rahbar-boshliqdirsiz va har biringiz qo‘l ostidagi, qaramog‘ingizdagi kishilar(ning har tomonlama ya’ni ma’naviy va moddiy ta’minoti)ga mas’uldirsiz. Amir odamlarga rahbardir va qo‘l ostidagilarga mas’uldir. Erkak kishi oila-ahliga rahbardir va (Qiyomatda) qo‘l ostidagi(barcha oila-a’zolarini moddiy, ma’naviy, ta’lim-tarbiyaviy, axloqiy jihat)lari haqida so‘roqqa tutilur! Har bir erkakning ayoli erining uyi va farzandlariga rahbardir va u ayol eri va qaramog‘ida, bevosita tarbiyasida bo‘lgan farzandlari (ya’ni eri va farzandlarini haqlarini to‘liq ado etdimi-yo‘qmi ekani) haqida so‘roqqa tortilur!..”, deganlar. (Bu hadis barcha “Sahih” va “Sunan” kitoblarda rivoyat qilingan).  

 Oilaning barcha moddiy va ma’naviy ta’minoti erning zimmasida ekani Qur’oni karimda bunday bayon qilingan: «Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir[1]» (Niso surasi, 34-oyat).

Demak, erkaklarning oila rahbari bo‘lishlarining asosiy sababi ular ayollarning moddiy va ma’naviy ta’minotlarini ado etishga salohiyatliligi uchun ekan. Agar oilaning ta’minotiga befarq bo‘lsalar, rahbarlik vazifasini uddalay olmaganlari uchun shar’an javobgarlikka tortiladilar.

Fiqhiy manbalarimizda er safarda bo‘lib, oilasi ta’minotini joyiga qo‘ymasa, ayol buni qoziga ko‘tarsa, qozi unga bolalari va o‘ziga kifoya qilgudek zaruriy narsalarni erni nomiga qarz olishga kafolat xati qilib beradi va eri kelgach, erdan ayoli olgan qarzlarni qozi haqdorlarga undirib berishi ochiq aytilgan.

Alloh ko‘rsatmasin, mabodo, bir shar’iy arzigulik sabab bo‘lib, ajrashsalar, quyidagi tartibda hukm qilingan: avvalo, ayolga mahrini berib ulgurmagan bo‘lsa, uni to‘lashi vojib bo‘ladi: «Agar ularga mahrni belgilagan bo‘lsangiz-u, lekin qovushmay turib taloq qilgan bo‘lsangiz, belgilangan mahrning yarmi (zimmangizdadir). Magar ular (shu yarmini olishdan ham voz) kechib yuborsa yoki nikoh o‘z ixtiyorida bo‘lgan kishi (ya’ni er o‘sha yarim mahrdan) voz kechsa (ya’ni mahrni yarmini olib qolmay, xotinga  mukammal to‘lasa, joizdir). Kechib yuborishingiz taqvoga yaqinroqdir...» (Baqara surasi, 236-237-oyat).

 Agar yaqinlik qilgan bo‘lsalar, mahrni barchasini to‘lashi vojib bo‘ladi. Chunki endi ularni orasini bog‘lovchi nikoh tugadi. Ajrashgandan to iddasi chiqquncha ayol kishi erining uyida o‘tirishi va er uni moddiy ta’minlashi vojibdir. Chunki iddasi chiqquncha xotin shu erning qaramog‘ida bo‘ladi. «Taloq qilingan ayollarni me’yorida ta’minlash taqvodor (er)larning zimmalaridagi haq (burch)dir» (Baqara surasi, 241-oyat).

Nafaqa taloq qilingan ayolning iddasi chiqqunga qadar to‘lanadi. Iddasi tugagach, erni uyidan chiqib, o‘z nafaqasiga harakat qilish va boshqaga turmushga chiqishiga ruxsat beriladi. Agar orada emizikli farzand bo‘lsa, uni ona qaramog‘iga olib, emizsa va sut haqi talab qilsa, uni ham to‘laydi. Farzand sutdan chiqqach, onaga haq to‘lashni to‘xtatib, farzand to balog‘atga yetgunga qadar ota o‘z holidan kelib chiqib, o‘rtacha hol(ya’ni boy bo‘lsa, boylarning o‘rtachasi, o‘rta hol bo‘lsa, o‘rta hollarning o‘rtachasi, kambag‘al bo‘lsa, ularning o‘rtacha deb bilingan daraja)da bolani ta’minlaydi. Kiyim-kechak, yeb-ichish, turar-joy, kasalini davolatish – barchasi ota zimmasidadir.                                  

Farzand qiz bo‘lsa, balog‘atga yetib, turmush qurgunga qadar ta’minoti va nikoh to‘yi xarajatlarini ham ota beradi. Agar o‘g‘ilmi-qizmi, farzand tuzalmas kasal bo‘lsa, bir umr uni ota ta’minlaydi.

Bugungi kunda ajrashgan otalarga ma’lum miqdor aliment belgilanadi. Bu yuqorida aytilgan shar’iy hukmlarga hamohangdir. Bunda belgilangan vaqtgacha, otaning oylik maoshini ma’lum foizini berish tayinlanadi. Aliment shar’iy nafaqadan yengil va ozdir. Chunki nafaqa bu  har oyga ma’lum miqdor to‘lov emas, balki farzandning to balog‘atga yetguncha barcha xarajatlarni to‘liq kafolatlash, kasal bo‘lsa, davolatish ma’nosini ham qamrab oladi. Bu esa har oy bir xilda faloncha so‘m emas, sharoitga qarab, ba’zi bir oylarda ko‘proq bo‘lishi tabiiy.

Shuning uchun aliment beruvchi otalar, uni berishdan bosh tortishlari gunohi kabiradir. Bosh tortsalar yoki imkoni bo‘la turib, ortga sursalar, vazifa va majburiyatlarini bajarmagan bo‘ladilar va ularni shar’an ham, qonunan ham javobgarlikka tortish lozim bo‘ladi.

Ba’zi otalar “alimentni berdim, bo‘ldi”, demasdan, mabodo, farzandlari ko‘proq yordamga muhtoj yoki bemor bo‘lib qolsalar insof qilishlari va qo‘shimcha yordam ham berishlari zimmalaridagi vojib hisoblanishini unutmasliklari lozim. Hech bo‘lmaganda, ota alimentni o‘z vaqtida berishdan bosh tortmasligi lozim. Turli bayramlarda farzandlarini yo‘qlab, alimentdan tashqari kiyim-kechak va sovg‘a-salom berib turishlari kerak!

Aliment ba’zi yillarda davlat tashkilotida rasmiy xizmat qilgan odamlardangina olinar, rasmiy faoliyati yo‘q kishi to‘lamas edi. Afsuski, shu vaqtlar ba’zi kishilar ajrashgan xotinidan “erkakchasiga” qasos olmoqchi bo‘lib, aliment to‘lamaslik maqsadida rasmiy ishlaridan voz kechib, chet ellarda mardikorlik qilib yurganlar. Hozir esa rasmiy faoliyat olib borayotgan kishiga oylik maoshini ma’lum foizi, rasmiy faoliyatda bo‘lmaganlarga ham muayyan miqdorda oylik aliment belgilangan. Bugun alimentdan qochib qutilish imkoni yo‘q. Shunda ham, ba’zi kishilar boshqacha yo‘lga o‘tmoqdalar: rasmiy faoliyati bo‘lmagan kishilarga belgilangan aliment miqdori arzimas pul bo‘lsa ham, shuni yanada ozaytirish maqsadida bu insonlar eng kam ish haqi to‘lanadigan ishlarga nomigagina rasmiy o‘rnashib olib, o‘zi bozorda norasmiy faoliyat yuritib, yaxshigina daromad topsa-da, oy yakunida rasmiy arzimas maoshinini ma’lum foizini aliment hisobida to‘lamoqdalar. Bu odamlar mazkur firibgarligi bilan shariat tayinlagan vojib nafaqadan qochish payiga tushmoqdalar. Lekin shariat vojib qilgan vazifani ado etgan hisoblanmaydilar. Bo‘yinlarida qarz bo‘lib, qiyomatga qoladi.

Bir narsani yaxshi tushunish kerakki, shar’iy nafaqa va aliment to‘lovlari xotin uchun emas, o‘z farzandlari uchundir. Bu borada xotiniga g‘azab qilib, bosh tortish yoki hiyla qilish, o‘z farzandining haqini poymol qilish, kelajagiga bolta urishdir. Islomda yashab turgan ayoliga ham, ajrashgan xotiniga ham, faqat va faqat go‘zal muomala qilishga buyurilgan:

«...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin» (Niso surasi, 19-oyat).

Bu oyatdagi «...totuv turmush kechirish» oyatini olimlar ayollarning barcha haqlarini to‘liq ado etish, mahri va nafaqasini o‘z vaqtida berish, qo‘pol so‘zlar ila muomala qilmaslik, undan yuz o‘girib, boshqasiga mayl qilmaslik, deb ta’kidlaganlar.

Xulosa so‘z shuki, otalar hamisha alimentlarini o‘z vaqtida, chin ko‘ngilgan chiqarib, otalik burchini ado etayotganini his qilib ado etishlari lozim. Imkoni bor otalar alimentni o‘zi bilan kifoyalanmay, doimo farzandlarini ehtiyojlarini vaqtida qondirib, birovga muhtoj qilmay, kelajakka nafrat bilan emas, havas va umid bilan, baxtiyor holda jismonan va ruhan ezilmay, sog‘lom, baquvvat bo‘lib voyaga yetishiga imkoniyat yaratib berishlari, ularni ham o‘zlari bilan bir uyda yashab turgan farzandlari bilan har tomonlama teng olib yurib, adolatli otalarga beriladigan ajru mukofotlarga erishish payida bo‘lishlari o‘zlarining ikki dunyolari uchun manfaatlidir. Aksincha, bundan turli hiylalar bilan bosh tortsalar ham, sud idoralarida o‘zlarini oqlab, xotinlari ustidan “g‘alaba” qozonsalar ham, bularning barchasi o‘tkinchi dunyodagi vaqtincha va yolg‘on g‘alabadir. Farzandlarini nafaqalarini, alimentlarini ado etmasalar, qiyomatda savobga muhtoj bo‘lgan hollarida xayru  savoblari ota o‘rniga ota bo‘lib, qiynalib bola tarbiya qilgan sobiq xotinlari va otasi tomonidan haqlari poymol etilgan farzandlariga olib berilishi haqiqatdir. Adolat tarozusi tiklangach, oldi-berdilarni ado qilishga kech bo‘ladi! Bunday mag‘lubiyat va yuzi qarolikdan Alloh taolo barcha otalarni asrasin. Oilalarni qo‘shgani bilan qo‘sha qaritsin. Farzandlarni o‘z  ota-onalari bag‘rida namunali kamol toptirsin!    

 

Manbalar asosida

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi

 Bahodir Bahromjon o‘g‘li tayyorladi

 

[1]. Maqoladagi oyatlar tafsiri muallifi: Shayx Abdulaziz Mansur (hafizahulloh).

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi – mutaxassislar

04.06.2025   6807   4 min.
Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar

 
 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti. 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.

 

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.


 

Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:

 

- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;

 

Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.

 

Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

 

Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:

interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;

audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;

virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;

Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.

 

Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.

 

Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.

 

Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:


– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.

 

Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

cisc.uz

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar
O'zbekiston yangiliklari